Makron nimani ko‘zlamoqda: piligi pasaymayotgan O‘rta yer dengizi mojarosiga nazar
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron O‘rta yer dengizida ochiqchasiga Turkiyaga qarshi siyosat yuritish barobarida o‘z chiqishlari bilan «tahdid ostida bo‘lgan Yevropa»ning yangi yetakchisi bo‘lishga intilmoqda.
Yevropa istiqbollari va xavfsizligi instituti (IPSE) prezidenti Emmanuel Dyupyuining so‘zlariga ko‘ra, Makron O‘rta yer dengizida «yangi Yevropa hikoyasini yaratish»ga urinmoqda. Uning Bayrutdagi portlashdan so‘ng Livanga qilgan tashrifi ham O‘rta yer dengizi kun tartibiga burilish nuqtasi – yangi «Fransiya hikoyasi» sifatida kirmoqda.
Xo‘sh, NATO alyansida AQSh va Britaniyadan keyingi uchinchi yadro kuchiga ega bo‘lgan va Yevropa Ittifoqida Germaniyadan keyin ikkinchi yirik iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan Fransiya G‘arb mudofaasida «flagman» rolini o‘ynay oladimi?
Istanbuldagi Yeditepe universiteti professori, huquq fanlari doktori Mesut Haqqi Jasin «Anado‘lu» agentligida e'lon qilingan maqolasida O‘rta yer dengizida Turkiya va Fransiya o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat tafsilotlari haqida yozdi.
Fransiya iqtisodiyotidagi pandemik halokat
Fransiyada iqtisodiyot 2020 yilning birinchi choragida 5,3 foizga qisqardi. Epidemiya tufayli ishdan bo‘shatish holatlari ortdi. Milliardlab yevrolik yordam ko‘rsatilishiga qaramay, ayniqsa, aviatsiya va avtomobilsozlik sohasida o‘n minglab xizmatchilar ishdan bo‘shatilishi e'lon qilindi. Birgina Airbus kompaniyasining o‘zi koronavirus epidemiyasi oqibatida 2021 yilning yoziga qadar jami 15 ming, kompaniyaning Fransiyadagi faoliyatidan esa 5 ming xodim ishdan bo‘shatilishini ma'lum qildi. Air France-KLM ham ulkan miqyosli qisqartirishlarga tayyorlanmoqda. Kompaniya 2022 yil oxiriga qadar 7 ming 500 nafar ishchisidan voz kechishi haqida xabar berdi. Sub-sanoatda e'lon qilingan ish o‘rinlarini qisqartirish esa Air France va Airbus’dagidan ham ancha ko‘p.
Harbiy kuch parametrlari nuqtayi nazaridan tahlil qilinsa, 2019 yildagi NATO ittifoqdosh armiyalarining kuch salohiyatiga ko‘ra, AQShning mudofaa budjeti 686,1 milliard dollar va 1 million 281 ming 900 faol xodimdan iborat. Parij mudofaasi budjeti esa 50,1 milliard dollarni tashkil qiladi, faol harbiy xizmatchilar soni 203 ming 750 nafar.
Makron: «NATOda miya falaji sodir bo‘ldi»
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron NATOning vazifasi va ahamiyatini shubha ostiga qo‘yuvchi bayonotlar berdi va unga ittifoq a'zolari tomonidan munosabat bildirildi. AQShning epidemiyaga qarshi kurashi va prezidentlik saylovlarini noto‘g‘ri o‘qigan Makronning «NATOda miya o‘limi sodir bo‘ldi» degan bayonotiga Donald Tramp «hurmatsizlarcha» javob qaytardi. Makronning «AQSh, Xitoy va Rossiyadan himoyalanish uchun Yevropa o‘z armiyasini tuzishi kerakligi» haqidagi taklifini ham Tramp «juda sharmandali» deb ta'rifladi.
«Birinchi va Ikkinchi Jahon urushlarida Germaniya bor edi. Xo‘sh, bu Fransiya nuqtayi nazaridan qanday ahamiyatga ega bo‘ldi? AQSh harbiylari yetib kelguniga qadar Parijda nemis tilini o‘rganishni boshlab yuborishgandi», dedi u.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an esa Makron «avvalo, o‘z miyasi o‘limini bir tekshirtirib olishi kerakligi»ni aytdi.
Aslida, Makron Kremlning nutqlariga tanqidiy yondashish pardasi ostida NATOni zaiflashtirishda yetakchi rol o‘ynamoqda. Shu nuqtayi nazardan, Fransiyaning O‘rta yer dengizining sharqiy qismiga harbiy kemalarini yuborishi ortida ham turli hisoblar bor, deyish mumkin. Ammo ularning eng muhimi - Fransiyaning NATOni chetlab o‘tish va Yevropa armiyasini faollashtirish orzusidir. Boshqacha qilib aytganda, Fransiya PESCO, ya'ni NATOdan mustaqil bo‘lgan Yevropa armiyasini tashkil etishni talab qilmoqda.
Fransiyaning Liviya bo‘yicha siyosati
«Arab bahori» to‘lqini Muammar Qazzofiyga qarshi harakat uchun Fransiyaga juda yaxshi bir bahona topib bergandi. Afrika shimolida joylashgan va neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkilotiga (OPEC) a'zo bo‘lgan Jazoir bilan g‘arbda chegaradosh bo‘lgan Liviya 11 million 760 ming kvadrat kilometr maydon bilan dunyoda 16-o‘rinda turadi. Bu davlat Afrikada kashf etilgan eng ko‘p gaz zaxiralariga ega. 1973 yilgi Arab-Isroil urushidan so‘ng AQShga neft eksporti embargosini o‘rnatgan Liviya Fransiyaning «Total» neft kompaniyasi bilan 1974 yilda kelishuvga erishgan.
Liviya ishi Fransua Olland davrida 2015 yilda Parijda sodir bo‘lgan terroristik harakatlar ta'sirida qaytadan ochildi. Parij uchun Liviyadagi beqarorlik ikki jihatdan tahdid tug‘dirayotgandi:
1. O‘rta yer dengizi orqali Yevropaga yo‘naladigan immigratsiya oqimi;
2. Fransiya strategik manfaatlariga ega bo‘lgan Sohil havzasi (Senegal, Mavritaniya, Mali, Niger, Chad, Sudan) xavfsizligi.
Fransiya shuning uchun Liviyada o‘ziga qo‘nimgoh izlay boshladi. Sarkozi hukumati 2011 yilda NATO va BMTning yakuniy qarorini olmay turib, Liviya rahbari Muammar Qazzofiyni ag‘darish bo‘yicha harbiy operatsiyani boshlab yubordi. Bu esa AQShga xush kelmadi.
Aslida, 2007 yil dekabr oyida Parijda qirmizi gilamlar va badaviy chodirlari bilan kutib olingan, yakunda yadroviy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan Qazzofiyga qarshi Sarkozi tomonidan harbiy kuch ishlatilishi ajablanarli hol emas edi.
Liviya razvedkasining o‘sha vaqtdagi boshlig‘i Abdulla es-Senusiyning aytishicha, Sarkozi Muammar Qazzofiydan saylov kampaniyasi uchun 8 million dollar olgan. Ta'kidlash joizki, diplomatik jarayonni kesish yo‘li bilan Sarkozi tomonidan boshlangan harbiy operatsiya Suriyadagiga o‘xshash gumanitar falokatni keltirib chiqardi va Liviyaning bo‘linishiga olib keldi.
Fransiya Ukraina inqirozi tufayli Rossiya uchun mo‘ljallangan «Mistral» tipidagi vertolyot tashuvchi kemalarini yetkazib bermadi. «Vladivostok» va «Sevastopol» nomli kemalar savdosi NATO va AQShning qarshiliklari tufayli bekor qilindi va ular Misrga sotildi. Fransiya esa shartnomani bajarmagani uchun Rossiyaga 1,2 milliard dollar miqdorida tovon puli to‘lashga majbur bo‘ldi. Rossiyaning Boltiq va Qora dengiz flotiga qo‘shilishi kerak bo‘lgan ushbu kemalar masalasida hamkorlik qilgan Fransiya Turkiya Rossiyadan S-400 zenit-raketali majmualarini olishiga ham qarshi chiqdi.
Fransiyaning yetakchilik iddaosi
Makron 2017 yilda prezident etib saylangach, Liviyani Fransiya diplomatiyasining ustuvor mavzularidan biriga aylantirdi. Ha, Makron o‘zini Yevropaning yangi yetakchisi sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Ayni paytda u Liviya, Livan, Kipr va O‘rta yer dengizi voqealarini imkoniyatga aylantirish uchun zo‘r bermoqda.
Ko‘rinib turibdiki, Fransiya prezidenti ma'muriyati Yevropa Ittifoqi tarkibidagi yagona yadroviy harbiy operatsiya kuchini va Afrika-Yaqin Sharq-O‘rta yer dengizida harbiy qudratini namoyish etishni maqsad qilmoqda. U breksitdan keyin yolg‘iz qolgan Berlin bilan raqobatda qurol sektori va harbiy salohiyatini ko‘rsatish orqali ustunlikni saqlamoqchi.
Fransiya asta-sekin qurol-yarog‘ bozorini kengaytirishga qaratilgan o‘z sa'y-harakatlarini Misr kabi mintaqaviy o‘yinchilar, shuningdek, BAA va Saudiya Arabistoni kabi mintaqaviy bo‘lmagan ittifoqchilar bilan kengaytirmoqda. Aslida, Liviyadagi qonuniy hukumatga qarshi kurashgan general Haftarga yordam berayotgan BAA hamda 2013 yilda Misrda to‘ntarish orqali hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan general Sisi boshchiligidagi Misr – dunyoda qurol eksporti bo‘yicha AQSh va Rossiyadan keyingi o‘rinda turuvchi Fransiyaning eng yirik mijozlaridandir.
Makron O‘rta yer dengizi sharqida YeI ehtiyoj tuyadigan energiya manbalariga EASTMED loyihasi orqali ega bo‘lishni, Liviyaning neft konlari va slanets gaz manbalarini fransuz energetika kompaniyalari vositasida nazorati ostiga olishni, bu doirada Sirt ko‘rfazi va Liviya portlarini tekshirish bilan Afrika qit'asida pasayib borayotgan ta'sirini saqlab qolishni maqsad qilmoqda. Shu yo‘lda Haftar va Suriya misolida ko‘ringani kabi YPG (Xalqni himoya qilish bo‘linmalari – Suriyada tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan Kurdlar Oliy qo‘mitasiga aloqador qurolli tashkilot – tahr.), Kurdiston ishchilar partiyasi (Turkiyaning sharqiy va janubi-sharqiy qismi, Iroqning shimoli, Suriyaning shimoli-sharqi va Eronning shimoli-g‘arbiy qismini qamrab oladigan davlat tashkil etishni maqsad qilgan ayirmachi tashkilot – tahr.) kabi ijrochilar bilan hamkorlik qilishdan ham toymayapti. Mushkul ahvolga tushib qolganda esa Yevropa Ittifoqini ham o‘yinga qo‘shishga harakat qilmoqda.
Ayni paytda ancha xavfli yondashuv bilan Yevropa Ittifoqi a'zosi Gretsiya va Kipr ma'muriyatini qurollantirgan Makron mintaqadagi keskinlikni doimiy ravishda kuchaytirmoqda. Makron ushbu yondashuvlarning barchasida Turkiyani hujum qiluvchi tomon sifatida ayblamoqda.
O‘rta yer dengizida Turkiya-Fransiya raqobati
Fransiya NATOning harbiy qanotiga qaytganidan beri Bolqon yarim oroli, Yaqin Sharq va Qora dengiz-O‘rta yer dengizi mintaqasi va Kavkazda Turkiyaning geosiyosiy kuchini zaiflashtirishga urinmoqda. Aytish joizki, 2008 yilgi Rossiya-Gruziya urushi davrida bosh vazir lavozimida bo‘lgan Erdo‘g‘an tomonidan tashabbusning qo‘lga olinishi va muloqot yo‘li bilan masalani hal etishda Fransiya prezidenti Sarkozini soyada qoldirib, Rossiya prezidenti va bosh vaziri bilan Moskvada vositachilik missiyasini amalga oshirishi, shuningdek, Gruziyaga tashrifidan so‘ng Tbilisiga shoshilinch ravishda iqtisodiy-gumanitar yordam yuborishi Parijning g‘ashiga tegadi.
Turkiyaning Yevropa Ittifoqi a'zoligiga nomzodligi rasman e'lon qilingan 1999 yildan boshlab, fransuz siyosatchilari va davlat arboblari bu a'zolik istiqbollari to‘g‘risida aniq bayonotlar berishdan qochishdi. 2007-2012 yillarda Nikolya Sarkozi prezidentligi davrida Fransiyadan bu borada hech qanday yordam bo‘lmadi.
Erdo‘g‘an Emmanuel Makronning taklifiga binoan, 2018 yil 5 yanvar kuni Fransiyaga yilning birinchi rasmiy tashrifini amalga oshirdi. Erdo‘g‘an-Makron muzokaralari chog‘ida Turkiya nomidan imzolangan uchta muhim bitimdan biri ASELSAN va ROKETSAN’ning Fransiya-Italiya konsorsiumini o‘z ichiga olgan EUROSAI bilan 18 oy davom etadigan havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi bo‘yicha kelishuvi bo‘ldi. Qolgan ikki shartnoma doirasida Airbus va Turkish Airlines o‘rtasida 25 dona A350-900 samolyotlarini sotib olish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi, shuningdek, Turk Eximbank va BPI France Assurance Export o‘rtasida o‘zaro sug‘urta shartnomasi imzolandi. Biroq Parijning jarayonni noaniqlikda davom ettirish siyosati Erdo‘g‘an-Makron uchrashuvidan keyingi jarayonni salbiy yo‘nalishga bura boshladi.
Makron 2018 yilda Fransiya elchilari konferensiyasida so‘zlagan nutqida Erdo‘g‘anning siyosatini «panislomiy» va «Yevropaga qarshi» siyosat deb ta'rifladi. Fransuz matbuoti Turkiya O‘rta Yer dengizidagi muvozanatni Liviya fuqarolar urushidagi muvaffaqiyati natijasida Rossiya bilan hamkorlikda o‘zgartirgani, harbiy bazalarga ega bo‘lib olgani, harbiy, diplomatik, tijoriy va strategik platformalardagi o‘yinni buzgani haqida yozdi. Shuningdek, Fransiya matbuoti o‘zgarib borayotgan Turkiya balansi Liviya hamda Fransiyaning Haftarni qo‘llab-quvvatlovchi strategik hisob-kitoblarini buzganini ham ta'kidladi.
Erdo‘g‘an, Makron, Angela Merkel va Boris Jonson ishtirok etgan Londonda Suriya masalasi bo‘yicha o‘tkazilgan to‘rt tomonlama sammitda Suriya va Liviyadagi vaziyat muhokama qilindi. Erdo‘g‘an Yevropa rahbarlarini Suriyada xavfsiz zona tashkil etish va qochqinlarni qaytarish bo‘yicha birgalikda ishlashga chaqirdi. Fransiya esa Turkiyaning Liviyada tinchlik va barqarorlikka to‘siq bo‘layotganini aytdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham ushbu ayblovlarga nisbatan shunday munosabat bildirdi: «Mamlakatimizning Liviyaga nisbatan da'volari Fransiyaning Liviyaga nisbatan mavhum va tushunarsiz siyosatining yangi ko‘rsatkichidir. Mamlakatimiz qonuniy hukumatning yonida, Fransiya esa BMT va NATO qarorlariga zid ravishda isyonchi va noqonuniy shaxsning yonida turibdi».
Fransiyaning «Courbet» kemasi 2020 yil 10 iyun kuni O‘rta yer dengizida Liviyaga qurol olib borganlikda gumon qilingan Tanzaniya bayrog‘i ostida suzgan kemani topmoqchi bo‘ldi, ammo turklarning ikki fregati tomonidan ta'qib qilinganini aytib, NATOga shikoyat bilan murojaat qildi. Fransiyaning bu shikoyati NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning ko‘rsatmasi bilan o‘rganib chiqildi. 130 sahifalik hisobotda esa Turkiya harbiy kemalari fransuzlarni ta'qib qilmagani bildirildi. Bunga munosabat o‘laroq, Fransiya NATOga yana bir xat jo‘natdi va O‘rta yer dengizdagi Sea Guardian missiyasidan vaqtincha chekindi.
Makron Turkiyaning «Oruç Reis» kemasi O‘rta yer dengizida neft qidirish ishlarini olib borganiga keskin munosabat bildirdi va Turkiyaning ushbu qadami tufayli mintaqadagi harbiy kuchlar soni vaqtincha oshirilishini aytdi. Makronning ushbu bayonotidan so‘ng «Lafayette» nomli fransuz fregati ikkita Rafale harbiy samolyotlari hamrohligida O‘rta yer dengizining sharqiy qismiga jo‘natildi. Samolyotlar Krit oroliga vaqtincha joylashtirildi.
Makron Turkiyadan mintaqada uglevodorod qidirish ishlarini to‘xtatishni so‘radi. U O‘rta yer dengizida Turkiyaga qarshi «qizil chiziq siyosati» yuritishini ma'lum qildi. Shuningdek, u O‘rta yer dengizi bilan bog‘liq voqealarni «buzg‘unchilik» deb tavsifladi. Turkiyani Yevropa Ittifoqining ikki a'zosining eksklyuziv iqtisodiy zonasi va suveren huquqlariga «hujum» qilganlikda aybladi. Shu bilan birga, Turkiyani Iroq masalasida ham tanqid qildi. Iroqda o‘tgan yili ro‘y bergan voqealarda Eron va Turkiyaning ta'siri katta ekani haqida gapirdi.
So‘nggi kunlarda Makron Turkiyani «imperiya xayoli» bilan yashayotganlikda ayblamoqda. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li bunga javob qaytardi. «Yunonistonni eng ko‘p gijgijlaydigan mamlakat – bu Fransiya. Fransiyaning boshqa bir dardi bor. Yo‘qsa, uning O‘rta yer dengizi sharqi bilan nima aloqasi bor?» dedi u.
Ikki davlat o‘rtasidagi munosabat juda muhim
Ikkinchi chorakda Fransiya iqtisodiyoti 13,8 foizga qisqardi. E'lon qilingan 100 milliard yevrolik iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash rejasi qanchalik ish berishi hali aniq emas. Bunday vaziyatda ichki siyosatda ochko to‘plashi juda qiyin bo‘lgan Makron tashqi siyosatga e'tiborini qaratmoqda. So‘nggi so‘rovnomalar shuni ko‘rsatadiki, uning mashhurlik darajasi 39 foizgacha pasaygan. Biroq koronavirusdan zararlanish holatlari rekord darajaga yetgan Fransiyada agar ijtimoiy inqiroz og‘irlashib, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash to‘plami kutilgan natijalarni bermasa, xalqaro maydonda «har toshning tagidan chiqib kelish» yondashuvi Makronning zarariga ishlashi aniq.
Fransiya Gretsiyaga qiymati 2-2,5 milliard yevroni tashkil etadigan eng zamonaviy ikkita fregatni sotishni rejalashtirmoqda. Parij, shuningdek, Rafale rusumli 18ta samolyotni Gretsiyaga sotmoqchi. MBDA raketa tizimlari rasmiylari ham Gretsiya rasmiylari bilan aloqada. Ushbu raketalar Gretsiya havo kuchlariga tegishli Mirage 2000 qiruvchi samolyotlarini modernizatsiya qilishda ishlatilishi mumkin.
«Bizning turk millati bilan emas, Erdo‘g‘an bilan muammomiz bor», demoqda Makron.
Tashqi siyosiy og‘ishlarga qaramay, Fransiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarning strategik ahamiyatiga e'tibor qaratish lozim. 2019 yilga kelib, Parij va Anqara o‘rtasidagi savdo hajmi 14,6 milliard dollarni, Turkiyaning Fransiyaga eksporti 8,7 milliard dollarni, Fransiyadan import hajmi esa 5,9 milliard dollarni tashkil etdi.
Strategik nuqtayi nazardan, NATOning ushbu ikki muhim a'zosi o‘rtasidagi sun'iy ziddiyat o‘rta muddatli istiqbolda yaxshilanishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
17:38 / 24.12.2024
Turkiyada portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi zavodda portlash sodir bo‘ldi
00:45 / 23.12.2024
Turkiya TIV rahbari Suriyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi
14:42 / 21.12.2024
Chad Fransiyadan qo‘shinlarini Ramazon oyigacha olib chiqishni talab qildi
20:38 / 20.12.2024