O‘zbekiston | 23:14 / 25.09.2020
144371
3 daqiqa o‘qiladi

Abituriyent-2020: Testni 100 foiz yechib ham grant asosida talabalikka qabul qilinmaslik mumkinligi rasman isbotlandi

2020 yil o‘zining qator sinovlari bilan birga kirish imtihonlaridagi aql bovar qilmas natijalar bilan ham yodda qoladigan bo‘lyapti. Ularning eng qizig‘i 100 foizli natija ko‘rsatgan abituriyentning ham amalda talaba bo‘lmay qolishi mumkinligidir.

Bunday holat Toshkent davlat yuridik universitetiga qabul jarayonida kuzatildi. Aslida bunday bo‘lishini taxmin qilish mumkin edi, sababi, bu universitetga 100 foiz natija ko‘rsatgan abituriyentlar to‘g‘risidagi gaplar hali natijalar e'lon qilinmay turiboq tarqalib ulgurgandi.

Bu taxminlar tasdig‘ini topdi va bir qator abituriyentlar chindan ham barcha savollarga to‘g‘ri javob topganlari holda faqat to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya qilingani ma'lum bo‘ldi. Mazkur holat ortidan abituriyentlar pul to‘lay olmasalar, har qancha bilimli bo‘lmasinlar talaba bo‘la olmasliklari rasman tasdig‘ini topdi.

Ya'ni test tizimi joriy etilgan 1993 yildan beri muntazam qo‘llanadigan «Biliming bo‘lsa albatta kirasan, grantda o‘qiysan» degan aksioma 2020 yilga kelib chil-chil sindi.

To‘g‘ri, Davlat test markazi bu holatning sababini rasman izohlab berdi. Unga ko‘ra, imtiyozlarga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun alohida kvota ajratilmagani, ular imtihonsiz qabul qilinishgani tufayli shunday holat yuzaga kelgan.

Ammo bundan keyin yana bir qator savollar tug‘iladi – deylik, imtiyozlilar soni 15-20 nafar bo‘lsa, bu amalda barcha o‘rinlarni ular egallashini anglatadimi? Yoki imtiyozlilardan keyin qolgan to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinuvchi o‘rinlar soni 15ta bo‘lsayu, 100 foiz natija ko‘rsatganlar 25 nafar bo‘lsa, bunday vaziyatda qanday yo‘l tutiladi?

Albatta, bular shunchaki nazariya va bu savollarga o‘ziga yarasha javob ham topish mumkindir. Biroq shu yilgacha 100 foiz natija ko‘rsatib ham grantga qabul qilinmaslikni kimdir tasavvur qila olarmidi, hatto nazariy jihatdan ham shunday holat o‘ylab ko‘rilganmidi?

Aytilishi mumkin – ijtimoiy tarmoqlarda aylanib yurgan, 100 foiz natija ko‘rsatgan abituriyentlar to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilinganku, e'tirozga o‘rin yo‘q, deb.

Xo‘sh, abituriyentdan nima talab qilinadi? Bilim. Bilim qanday aniqlanadi? Test orqali. Testni 100 foizdan ortiq yechishning amalda iloji bo‘lmasa, abituriyentda nima ayb?!

Ya'ni endi bu abituriyentning ota-onasi otning kallasiday kontraktni to‘lash quvvatiga ega bo‘lmasa va u talaba bo‘la olmasa, dunyoda adolat degan tushunchaning asl mohiyatiga putur yetib qolmaydimi?

Imtiyozlar esa yil sayin ko‘paygandan ko‘payib bormoqda...

Abror Zohidov.

Mavzuga oid