O‘zbekiston | 11:10 / 26.09.2020
8825
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda voyaga yetmagan shaxs boshqaruvidagi avtomobildan pichoq va boshqa buyumlar topildi

IIBB xodimlari avtomobil yukxonasini tekshirish davomida kesuvchi buyumlar, nunchaki, tayoq va elektroshoker topishgan. Mazkur fakt asosida tezkor ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilning 23 sentabr kuni soat 22:15da Shayxontohur tumani IIO FMB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, 1-son IIBga biriktirilgan hududdagi “Gulobod” mahallasida joylashgan “Versal” restorani yonida 20-30 kishilik guruh to‘plangan.

Holatni tekshirish maqsadida Toshkent shahar IIBBning bir guruh xodimlari yo‘lga chiqishgan. Voqea joyida to‘plangan odamlardan tashqari ularga yaqin joyda haydovchisi va yo‘lovchilari voyaga yetmagan shaxslar bo‘lgan Nexia-2 rusumli avtomobil qayd etilgan.

IIBB xabariga ko‘ra, avtomobil 15 yoshli Abdulaziz F. boshqaruvida bo‘lgan, uning so‘zlariga ko‘ra ota-onasi bundan bexabar bo‘lishgan. Yo‘lovchi sifatida avtomobilda uning o‘rtoqlari, 16 yoshli Mirjavohir M. va Ismoiljon A. bo‘lishgan. 

IIBB xodimlari avtomobil yukxonasining tekshiruvi davomida kesuvchi buyumlar, nunchaki, tayoq va elektroshoker topishdi. Mazkur fakt asosida tezkor ishlar olib borilmoqda.

“Hurmatli hamshaharlar va poytaxt mehmonlari. Mazkur holat bir nechta faktlarga ko‘ra achinarlidir: transport vositasining kalitini farzandidan yiroq tutmagan ota-onalar ehtimoliy oqibatlar haqida o‘ylab ko‘rishmagan; transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan bolaning xavfni tushunmagan holda avtomobil boshqarishi. Ammo, eng qo‘rqinchlisi, ularning “qo‘llaridagi” xavfli buyumlardir. Ular kelishmovchilik yuzaga kelganda boshqa insonning sog‘lig‘i va hayotiga qarshi ishlatiladi. Ko‘pincha yuqoridagi holatlar ota-onalar uchun muammo bo‘lmasa, bolalarga ham oddiy holdek tuyuladi. Shuningdek biz fuqarolarga murojaat qilamiz: bu kabi holatlarni tabiiy hisoblamasdan, ularning oldini olish darkor”, - deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid