Sport | 13:12 / 28.09.2020
15408
8 daqiqa o‘qiladi

Gvardiolaning antirekordi. «Siti» o‘z uyida 5ta gol o‘tkazdi

Ispaniyalik murabbiy faoliyatida ilk marta o‘z boshqaruvidagi jamoasi bilan bir o‘yinda 5 gol o‘tkazib yubordi.

Angliya chempionati. Premer-liga. 3-tur
«Manchester Siti» — «Lester» – 2:5 (1:1)
Gollar: Mahrez, 4 (1:0). Vardi, 37 – penaltidan (1:1). Vardi, 54 (1:2). Vardi, 58 – penaltidan (1:3). Meddison, 77 (1:4). Ake, 84 (2:4). Tilemans, 88 – penaltidan (2:5).
«Manchester Siti»: Ederson, Fernandinyu (Delap, 51), Uoker, Ake, Benj.Mendi, Garsiya, De Breyne, Ernandes, Fouden (Torres, 64), Sterling, Mahrez.
«Lester»: Shmayxel, Evans (Fuks, 80), Chag‘lar Suyunchi, Kastan, Jastin, N.Mendi, Prat (Meddison, 69), Tilemans, Amarti, Barns, Vardi (Ixeanacho, 85).
Ogohlantirishlar: Tilemans, 22. Chag‘lar Suyunchi 47. Amarti, 51. Ake, 60.
Hakam: Oliver. 27 sentabr. Manchester. «Etihad» stadioni.

Pepning shikoyatlari
O‘yindan oldin Pep Gvardiola nomi yangiliklarda tinmay aylandi, u turnir taqvimini keskin tanqid qilgandi: «Futbolchilarda mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun ikki hafta bo‘ldi, endi ular 11 oy mobaynida har uch kunda o‘ynashlari kerak. Futbolchilar to‘g‘risida hech kim qayg‘urmayapti. Barcha faqat o‘z biznesini himoya qilmoqda. Bizda terma jamoalaridan jarohat bilan qaytgan uch futbolchi bor. Futbolchilar – robotlar emas». E'tiborli jihati, «Manchester Siti»ning birinchi tur o‘yini kechiktirilgan va jamoa faqat ikkinchi turdan chempionatni boshlagandi. Ammo Gvardiolani bu qanoatlantirmagan, shu tufayli futbol rahbarlari kataloniyalik mutaxassisdan achchiq so‘zlar eshitib olishdi.

Chindan ham «Siti»da tarkib bilan bog‘liq muammolar talaygina: Aguero, Bernardu Silva, Joau Kanselu, Zinchenko va Gabriel Jyezus jarohat tufayli, Gundo‘g‘an esa koronavirusga chalingani sabab maydonga tusha olmadi. Ammo shunda ham Angliya vitse-chempionlarida jangovar tarkib bor edi va bu tarkib 2:5 hisobida mag‘lub bo‘lishi kutilmagan hol bo‘ldi.

Pepning bezovtaligi
«Siti»da forvardlarning jarohatlari tufayli hujum markazida Rahim Sterling o‘ynadi. «Shaharliklar» o‘yinni hujum bilan boshlashdi va 4-daqiqadayoq Riyoz Mahrez kuchli zarba bilan to‘pni Shmeyxel qo‘riqlayotgan darvozaning olis burchagiga joylab, hisobni ochdi. Bu vaziyatda darvozabonda ayb yo‘q edi, jamoa himoyachilari sobiq jamoadoshlarini jarima maydoni ichida yolg‘iz qoldirishgandi.

«Siti» o‘yinda birinchi raqam ostida to‘p surishda davom etdi, birinchi bo‘limda 405ta uzatma amalga oshirildi, raqib darvozasi tomon 3 bor aniq zarba yo‘llandi, 42 marta xavfli hujum tashkil etildi, ammo bu statistik ma'lumotlar boshqa gol olib kelmadi. Gvardiola jamoasi «Lester» futbolchilarini oldinroqda kutib olishga harakat qilishdi va bu 36-daqiqada golga sabab bo‘ldi.

Maydon markazida to‘pni egallagan Barns raqib jarima maydoniga yaqinlashib keldi va Vardini to‘p bilan ta'minladi, tajribali hujumchi esa penalti ishlab, uni o‘zi aniq ijro etib hisobni tenglashtirdi. Mehmonlar esa bo‘lim davomida atigi bir marta aniq zarba yo‘llashdi va tanaffusga durang hisob bilan yo‘l olishdi.

Ikkinchi bo‘limda favoritning hujumlari o‘xshamadi, Gvardiola esa uyoqdan buyoqqa yurib bezovtalana boshladi. «Manchester Siti» Chempionlar ligasi chorak finalida taktik qarorlar tufayli «Lion»dan mag‘lub bo‘lgandi, bu safargi muvaffaqiyatsizlikka ham shuni sabab sifatida ko‘rsatish mumkin. 51-daqiqada Gvardiola tayanch yarimhimoyachisi Fernandinoni maydondan olib, uning o‘rniga 17 yoshli forvard Delapni – «Stouk Siti»ning o‘tmishdagi yorqin futbolchilaridan biri bo‘lgan Rori Delapning o‘g‘lini (autni 30 metrdan uzoqroqqa tashlab berishi bilan mashhur bo‘lgan) maydonga tushirdi. Ammo bu almashtirish o‘zini oqlamadi, o‘smir futbolchining fotosi esa ijtimoiy tarmoqda tarqaldi – uning yirtiq futbolkadagi surati «Siti»ning bu o‘yindagi holatini yaqqol ifodalardi.

«Siti» tayanch yarimhimoyadagi o‘zgarish tufayli raqib hujumlarini osonlik bilan o‘tkazib yuboraverdi, orqaroqdagi himoyachilar ham bir bo‘lib eng yomon o‘yinlarini o‘tkazishdi. Markaziy himoyachi Erik Garsiya va qanot himoyachilari Mendi hamda Uoker o‘z darvozalari tomon bittadan penalti qo‘yilishiga sababchi bo‘lishdi. «Lester» uch penaltini ham aniq ijro etdi – Vardi ikki marta, Tilemans bir marta.

Pepning halokati
«Siti» ikkinchi bo‘limda bittagina gol urdi – klubning yangi himoyachisi Natan Ake o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.

Ha, 11 metrlik zarbalarsiz o‘yinda hisob 2:2 bo‘lgan bo‘lardi, ammo ertaga buni kim ham eslardi? Hozirda barcha saytlar dahshatli jihatga e'tibor qaratmoqda – Gvardiola jamoasi ilk bor bir o‘yinda 5 gol o‘tkazdi, uning faoliyatidagi 686 o‘yinda ilk bor shunday holat kuzatildi. «Manchester Siti» «Etihad»da ilk marta shuncha gol o‘tkazdi, bu 438-o‘yinda ro‘y berdi.

«Tulkilar» uch o‘yinda uch g‘alaba bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. «Siti» hisobida esa ikki o‘yinda bir g‘alaba va bir mag‘lubiyatdan keyin uch ochko bor.

Mag‘lubiyat og‘riqli, ammo Gvardiola uchun muhimi bu mag‘lubiyat keyingi o‘yinlarga ta'sir ko‘rsatmasligi. U taqvim tig‘izligidan bejiz shikoyat qilmagan – nimadir yomon voqea ro‘y berishini oldindan his qilgan. Qolaversa, «Siti» bu safargi transferlar bozorida faol bo‘lmadi, transferlar oynasi esa tez orada yopiladi. «Shaharliklar» bu mavsumda chempionlik uchun kurasharmikin?

Mavzuga oid