«Chempion hikoyalari». Fernandesh bolalikdagi kumiri, golni nega bunday nishonlashi va g‘oliblik mentaliteti haqida
Co‘nggi vaqtlardagi eng omadli transferlar haqida gap ketganda, shubhasiz, ko‘pchilik «Manchester Yunayted»ga kelib, qisqa vaqtda jamoa yetakchisiga aylangan Brunu Fernandeshni esga oladi. U nafaqat o‘zini namoyon qildi, balki jamoani shu darajada kuchaytirdiki, manchesterliklar APLda qatorasiga 14 mag‘lubiyatsiz o‘yin o‘tkazib, 3-o‘rinda yakunlashga muvaffaq bo‘lishdi. Quyida portugaliyalik yulduzning bolaligiga, uni Brunuga aylantirgan omillarga, futbolchining hissiyotlariga sayr qilamiz.
«Akamdan boshlaymiz. Uni eslamay turib, mening hikoyam to‘liq bo‘lmaydi. U - mening akam, undan ham badtari, «Barselona» fanati. Agar qarshi bo‘lmasangiz, u haqida qiziqroq narsa aytib berishim kerak.
Birga ulg‘ayish juda ajoyib edi. Akam mendan besh yosh katta, har doim bir xonada yashaganmiz. Yosh bola ekaningda, hammasi zo‘r, to‘g‘rimi? Muammolar keyinroq, ulg‘ayayotganingda paydo bo‘ladi. 15-16 yoshlarda u o‘rtoqlarini uyga chaqirar, men esa, hamma ukalar qiladigan ishni a'lo bahoga bajarardim – jig‘iga tegardim.
«Brunu, iltimos, ko‘chaga chiqib o‘ynagin», – derdi u doim.
Xullas, u va mehmon bo‘lib keladigan o‘rtoqlari bahona, ko‘p vaqtim ko‘chada, to‘pning orqasidan yugurib, o‘tardi. Boshqa mamlakatlarda qanday bilmadim, Portugaliyada, ayniqsa, Yevro-2004 davrida, buyuk futbolchilar avlodi yetishganida har bir inson futbolga qiziqardi, odamlar futbol bilan yashashardi.
Ronaldino o‘z faoliyatining cho‘qqisiga chiqqan, Messi va Ronaldu endi porlab kelayotgan yosh futbolchilar edi. Qayerga qaramay, ularning qaysi biri zo‘rligi haqida bahslar qizir, men ham akam bilan faqat shu mavzuda tortishardik. Men doim Krishtianuni tanlaganman. Akam esa Messini derdi.
Bir kuni, Rojdestvo bayramida dadamning oldiga bordik. U Shveytsariyada ishlar edi. U paytlarda internet hozirgidek rivojlanmagan, istalgan kiyimni uyda o‘tirib sotib olish qiyin edi. Portugaliyada ayniqsa Angliya Premer Ligasi jamoasi libosini topish yanada mushkul, bo‘lsa ham, nihoyatda qimmat. Shveytsariyada dadam bizni Nike magaziniga olib kirdi va istalgan jamoa libosini tanlashimizga ruxsat berdi. Tabiiyki, akam «Barselona»ning sariq rangli libosini oldi. Men esa... Men esa, hozir ham aytishim mumkin, didim o‘sha paytda ham chakki bo‘lmagan – «Manchester Yunayted»ni tanladim.
O‘sha formani haligacha eslayman – oq hoshiyasi bor, ko‘k libos, ba'zi yerlarida qizil yo‘llari bor. Krishtianu tufayli Angliyadagi orzular jamoasi men uchun «Manchester Yunayted» bo‘lgan.
«Brunu, futbol erishiladigan orzu emas, sen o‘qishga harakat qilishing kerak», – deyishardi o‘qituvchilar. Men esa, o‘ylardim – «okey, rahmat, demak, yanada ko‘proq futbol bilan shug‘ullanaman».
O‘ylaymanki, agar bir orzuing bo‘lsa, u bilan imkon qadar ko‘proq mubtalo bo‘lishing zarur. Va ijodiy fikrlashing ham kerak. Bolalikda har yerda ham futbol maydonini hosil qila olardik. Yog‘ochlardan darvoza ustunlarini qurar, o‘t o‘smagan tuproqli yerlarda ham o‘ynab ketaverardik. Bunday maydonlardagi o‘yinlar juda asabiy o‘tardi. Ko‘pincha urishib ketardik.
Qaysidir ma'noda, o‘sha davrlar mening yaqinda Viktor Lindelyof bilan bo‘lib o‘tgan tortishuvimizni ifodalaydi. Yevropa Ligasi yarimfinalida biz biroz tortishib qoldik, tabiiyki, bu holat OAV e'tiboridan chetda qolmadi, pashshadan fil yasashdi. Aslida esa, bu holat mening bolalikdagi oddiy futbol o‘yinlaridagi voqealardan farq qilmasdi. Portugaliyada hamma shunday futbol o‘ynaydi. Portugaliyada odamlar bir-biri bilan shunday gaplashishadi. Agar sen nimanidir noto‘g‘ri qilsang, men darhol aytaman, noroziligimni ifoda qilaman. Men uchun futbol hozir, shu tobda bo‘lib o‘tayotgan jarayon. Lekin bularning hammasi maydondan tashqariga chiqmaydi. Ertasiga biz yana do‘stlarmiz, qo‘limizni siqamiz va yo‘limizda davom etamiz.
Qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib turib aytaman, menga tanqid yoqadi. Chunki bu senga yanada yaxshiroq bo‘lishga undaydi, bo‘shashtirmaydi. Ishtiyoq beradi. Ko‘pchilik o‘z atrofida laganbardor, yumshoq insonlarni yig‘ib oladi, ammo men unday emasman. Men o‘z atrofimda xuddi o‘sha bolalikdagi maydonchadagi do‘stlarimdek, menga qattiq gapiradigan, xatolarimni yuzimga aytadigan, qo‘llari bilan ishora qiladigan yaqinlarim bo‘lishini istayman.
«Seni yaxshi ko‘raman, lekin rostini aytganda, bugun gol urishing kerak edi. Yaxshi to‘p uzatding, ammo bir qator yaxshi vaziyatlarda yomon o‘ynading» – men uyimga kelganimda, mana shunday kutib olishlarini xohlayman.
Ba'zida, hatto qizim Matilda ham e'tirozini bildiradi. U atigi uch yoshda. Uning fikrlari, tanqidi sal boshqacharoq. Qizim yanayam kichik ekanida rafiqam ikkalamiz unga o‘yinchoqlarini yig‘ishtirib qo‘yishi kerakligini ayta boshlasak, qo‘li bilan quloqlarini berkitib, go‘yoki bizni eshitmayotgandek tutardi – «bla-bla-bla, seni eshitmayapman, dadajon!»
Bu menga juda kulgili tuyulgan va gol urganimda, quloqlarimni berkitib nishonlay boshladim. Matilda meni televizorda ko‘rib, bu ishni aynan unga bag‘ishlab qilayotganimda payqashni boshladi. Shuning uchun endi agar, shunday nishonlashni unutib qo‘ysam, yoki translatsiyada buni ko‘rsatmay qolishsa, menda muammolar boshlanadi. Uyga kelishim bilan birinchi eshitadigan gap – «nega unday qilmading, dadajon?» bo‘ladi.
Ha-ha-ha, mana shunaqa hayotim.
Men doim o‘rganishim kerak. Har kuni yaxshiroq bo‘lishim, yaxshiroq Brunu bo‘lishga harakat qilishim shart.
Bu mentalitet, bu xarakterni men o‘z oilamdan meros qilib olganman. Yoshligimda otamni nechta gol urganim, nechta uzatma qilganim qiziqtirmasdi. U doim xatolarimni sanardi, yanada yaxshiroq o‘ynash uchun qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yganimga qarardi.
Esimda, «Boavishta»ning U15 jamoasi tarkibida «Portu»dagi tengqurlarimizga qarshi o‘ynadik. Ular Portugaliyaning eng kuchli jamoasi edi. O‘shanda men himoyada to‘p surdim. Raqib tarkibida katta, tezkor, baquvvat hujumchilar bo‘lishiga qaramasdan, yaxshi o‘ynadim. Biz atigi 0:1 hisobida yutqazdik va o‘yindan keyin hamma meni tabrikladi. Hatto «Portu» murabbiylaridan biri menga ishora qilib, kelajakda yaxshi futbolchi bo‘lishimni ta'kidladi.
Ajoyib kun. Deyarli osmonda uchib yurardim. Ammo otamning fikrlari boshqacharoq bo‘lib chiqdi: «Ular qanday gol urganini ko‘rdingmi? Agar sen to‘g‘ri pozitsiya tanlaganingda, ularning krossi osongina o‘tib ketmasdi».
Men o‘sha gol haqida o‘ylay boshladim. Rostini aytsam, o‘sha golda ishtirokim ham yo‘q edi, maydonning narigi tarafida edim. Lekin otam shunaqa ishonchli gapirdiki, men endi g‘am cheka boshladim, vaziyatni tahlil qilishga kirishdim. Shundan so‘ng, har mag‘lubiyatdan so‘ng, o‘zimdan ayb qidiradigan, siqiladigan bo‘ldim. Ishtaham bo‘g‘ilardi. Yotoqxonamga kirib olib, o‘tgan o‘yin haqida soatlab o‘ylab o‘tirardim. Shu tariqa, mening mentalitetim paydo bo‘ldi. Kim uchundir bu ortiqcha tuyular, lekin menga juda zarur xarakter edi bu.
Aynan shu xislat mening «tirik qolishim»da muhim rol o‘ynadi. 14 yo 15ga kirganingda, hammasi o‘zgara boshlaydi. Endi shunchaki, iqtidorli bo‘lish kifoya qilmaydi, shunchaki mehnat bilan ham muvaffaqiyat qozonish oson emas, endi hamma fazilatlarni o‘zingda jam qilishing kerak. Tom ma'noda futbol bilan yashash kerak bo‘lgan davr.
Bir necha yil o‘tib, chet elga, Italiyaga borib o‘ynagach, men shu imtihondan o‘tishimga to‘g‘ri keldi. 17 yoshimda butunlay boshqa mamlakatga borib qolgandim. Bu yerning tilini bilmas, hech kimni tanimasdim, juda qiyin edi. Shunday paytlar bo‘ldiki, hammasiga qo‘l siltab, ketishga ham yaqin qolardi.
Agar o‘shanda otam menga o‘sha xarakterni singdirmaganda, Italiyada o‘ynab ketishimga kuch topa olishimga ishonmayman. Agar boshqa otalar singari, u ham menga «bugun sen zo‘r o‘ynading» deb yurganida, men sinovlardan o‘ta olmasdim.
Chunki haqiqiy hayot boshqacha. U yerda hamma ham senga otalik qilmaydi. Haqiqiy hayotda har o‘yindan keyin senga «zo‘r o‘ynading, qoyil» deb o‘tirishmaydi. Aksincha, doim seni tanqid qiladigan, yetarlicha yaxshi emasligingni aytuvchilar topiladi. Bu futbol. Sen bu gaplarni kulib turib qabul qilishing, kerakli tanqidlardan xulosa chiqarib, o‘zingga motivatsiya olishing kerak.
Oilam menga doim haqiqatni aytgan. Juda qiyin paytlarimda ham ular «Brunu, sen mag‘lub bo‘lmasliging kerak, axir bu sening orzuing, oxirigacha borishing kerak» deb turishardi. Bu so‘zlar men uchun juda qadrli bo‘lgan. Shuning uchun ham yo‘limda davom etaverdim. Yillar o‘tib esa, ajoyib voqea bo‘ldi.
2017 yilning 28 avgusti. Bu sanani hech qachon unutmayman. Men Portugaliya terma jamoasi tarkibiga chaqirildim. Jahon chempionati saralash doirasidagi Farer orollariga qarshi o‘yinga. Har qanday holatda ham, o‘z yurting libosida harakat qilish – sharaf.
Tasavvur qiling... 13 yil oldin men 9 yoshli bolakay, yuzimni bo‘yab olgan, qo‘limda Portugaliya bayrog‘ini ushlab, oilam bilan shahar markaziga borgandim, Gretsiyaga qarshi final o‘yinini tomosha qilgandik.
Krishtianu o‘shanda endi sahnaga chiqayotgandi. Butun Portugaliya yaxshi eslaydigan palla. Ayniqsa, sen yosh bola bo‘lsang, hammasi boshqacha muhim, kattaroq ahamiyat kasb etadi. O‘shanda greklarga yutqazgan bo‘lsak-da, ko‘proq o‘yindan keyin, futbolchilarning ko‘z yoshlari yodimda qolgan.
Ana endi, 13 yil o‘tib, milliy jamoamizning kiyim almashtirish xonasidaman. Krishtianu kirib kelganida esa, umuman hayajonlanib ketdim, uyatdan gapira olmay qoldim. Asabiylashdim.
Men Krishtianu va boshqa kuchli futbolchilar bilan birga o‘ynayotganimdan faxrlanaman, balkim, qayerdadir o‘n yoshli bolakaylar o‘z shaharchalaridan turib, bizni kuzatayotgandir, balkim «men hech qachon Brunudek bo‘la olmayman» deyayotgandir. Men ularga o‘z hikoyamni aytib bergim, «qara, Krishtianu ham bir paytlar menga shu qadar uzoq edi, hozir ikkovimizni birga tomosha qilyapsan», degim keladi.
«Manchester Yunayted» bilan shartnoma esa, bu orzularning cho‘qqisi bo‘ldi. Agentim bu ish haqiqatga yaqin ekanini aytganida, darhol o‘sha Shveytsariyani, akam bilan forma tanlaganimizni esladim. Ammo bu ikki voqea o‘rtasida shu qadar ko‘p voqealar, qiyin sinovlar bo‘ldiki, men va oilamdan boshqa hech kim bilmaydi.
Barchasi aniq bo‘lishi bilan birinchi bo‘lib, rafiqam va qizimga aytdim. Keyin o‘zimni boshqara olmay qoldim, yig‘lab yubordim. Quvonch ko‘z yoshlari, baxt ko‘z yoshlari oqa boshladi. Xotiralar jonlandi.
Italiyadan turib, u paytda xotinimga, u paytda sevgan qizim edi, telefon qilganim, qiynalayotganimni, uyga qaytmoqchi ekanimni aytganim. U esa, «yo‘q, aslo, bu sening orzuing, yarim yo‘lda qolma» degandi.
Keyin akamga qo‘ng‘iroq qilib, Manchester haqida aytdim. Yana yig‘ladim.
Bizning bolalikdagi bahslarimiz, tarixdagi eng kuchli futbolchi kim ekani haqidagi, «Yunayted» endi kimni sotib olishi kerakligi haqidagi uzoq suhbatlarimiz... Menimcha, u ham menga qo‘shilib yig‘layotgandi.
Albatta, otamga ham qo‘ng‘iroq qildim. Meni shunday qilib tarbiyalagan, mening orzuim sari yetaklagan, oilamiz uchun hammasidan kechib, chet elga pul topish uchun ketgan otamga. Bilasizmi, u ham yig‘ladi.
Hech qanday tanqid bo‘lmadi bu safar. Biror izoh ham qo‘shmadi. Men faqat uning, yonida turgan onamning, singlimning yig‘isini eshitdim. Ko‘z yoshlarning ham ovozi bo‘lar ekan.
Ana endi, «Yunayted»da o‘ynay boshlaganimda, otam meni sal ayay boshladi. Endi o‘yinlardan so‘ng, menga bir kun vaqt beradi, ana undan keyin fikrlarini yozib jo‘natadi. 24 soat xotirjamlikka ega bo‘ldim nihoyat. Tanqidlarni qabul qilish, o‘zimni ayblashdan xoli bo‘lgan 24 soat...
Balki bir kun kelib, jahon chempionatini ham yutsam, nihoyat balki, otam yanada yumshar, o‘yinlardan keyin 48 soat vaqt berar, ikki kunlik xotirjamlik ham nasib qilar...
Gol urganda qulog‘imga qo‘limni qo‘yish esimdan chiqmasa, albatta...»
Brunu Fernandesh/ThePlayersTribune
Mavzuga oid
12:24 / 16.12.2024
«Barsa» yana autsayderga yutqazdi, «Siti» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
10:17 / 05.12.2024
Mbappe yana uyaltirdi, «Liverpul» qoqildi. Kun o‘yinlari
11:53 / 25.11.2024
«Real» «Barsa»ga yetib olmoqda, Saloh «Liverpul»ni qutqardi. Kun o‘yinlari
15:52 / 21.11.2024