Jahon | 21:57 / 09.10.2020
7122
2 daqiqa o‘qiladi

Belgiya Angliyaga Brexit’dan so‘ng 1666 yilgi qonundan foydalanish bilan tahdid qildi

Yevropa kemalarining Britaniya suvlarida baliq ovlash imkoniyati yechilmayotgan muammolardan biri bo‘lib kelmoqda.

Foto: Getty Images

Belgiya hukumati 1666 yilda Angliya qiroli Karl II Bryugge shahrilik 50 baliqchiga Britaniya suvlarida to‘sqinliksiz baliq ovlashga bergan ruxsatidan foydalanish niyatida. Bu haqda Belgiyaning Berlindagi elchisi Villem van de Vurde YeI mamlakatlari vakillari uchrashuvida ma'lum qildi, deb yozmoqda Guardian.

Xabar qilinishicha, uchrashuv Brexit o‘tish davri yakuniga yetganidan so‘ng Yevropa baliqchi kemalarining Buyuk Britaniya suvlarida harakatlanishiga bag‘ishlangan. Diplomat agarda tomonlar kelishuvga erisholmasa, 350 yil ilgarigi qonundan foydalanish bilan tahdid qilgan.

O‘z davrida Karl II bryuggelik baliqchilarning mehmondo‘stligiga ana shu tarzda minnatdorlik bildirgan. U otasi Karl I qatl qilinganidan so‘ng Angliyadan qochgan va bu shaharda 1656-1659 yillarda yashagan. 1660 yilda esa Angliyaga qaytgan va taxtga o‘tirgan.

Ayrimlar van de Vurdening bu so‘zlari hazil ekanligini ta'kidlamoqda, ayrimlar esa u jiddiy gapirganini aytmoqda.

O‘z navbatida Flandriya (Belgiyaning besh provinsiyasi) baliqchilik vazirligi bu fikrning jiddiyligini tasdiqladi. Amaldorlar 1820 yilda ushbu imtiyozni britaniyalik yurist tasdiqlaganini eslatishgan. Flandriya hukumati hujjat nusxasini YeIning Buyuk Britaniya bilan kelishuvidagi bosh muzokarachi Mishel Barnega jo‘natgan, deb xabar berdi Politico.

Yevropa kemalarining Britaniya suvlarida baliq tutish imkoniyati yechilmayotgan muammolardan biri bo‘lib kelmoqda. Tomonlar 2021 yil 1 yanvargacha kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuv tuzishi lozim.

Mavzuga oid