Jamiyat | 19:10 / 09.10.2020
7173
3 daqiqa o‘qiladi

“Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi”dan jabrlanganlarning pullari qaytarilmoqda

Fuqarolarga yetkazilgan jami zarar 19,5 mlrd so‘mdan oshiq, tergovda undirilgan va xatlangan mol-mulk esa 8,5 mlrd so‘m atrofida.

Majburiy ijro byurosi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi hukmi bilan “Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi” MChJ mansabdor shaxslarining harakatlari oqibatida 2 297 nafar fuqarolarga yetkazilgan 19 mlrd 676 mln so‘m moddiy zararlarni undirish yuzasidan ijro hujjatlari 9 oktyabr kuni MIB organlariga kelib tushgan.

Hozirda mazkur ijro hujjatlariga asosan moddiy zararlarni jabrlanganlarning hisob-raqamlariga o‘tkazish maqsadida Majburiy ijro byurosi tomonidan hududlarda ishchi guruhlar tashkil etilgan.

Agentlikdan jabr ko‘rgan fuqarolar respublikaning turli hududlarida yashashligini inobatga olib, ularga yanada qulaylik yaratish va ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida to‘lovlar joylardagi MIB organlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Shu bois, jinoyat ishida jabrlanuvchi deya e'tirof etilgan fuqarolar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar hamda plastik kartochkalari bilan, dam olish kunlaridan tashqari (soat 09-00dan 18-00ga qadar) quyidagi manzil bo‘yicha murojaat qilishlari so‘ralmoqda:

Eslatib o‘tamiz, JIB Yakkasaroy tuman sudining shu yil 14 sentyabrdagi hukmi bilan “Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi” MChJning 12 nafar mansabdor shaxslari javobgarlikka tortilgan.

Sud hukmi bilan sudlanuvchilardan jabrlanuvchilar foydasiga solidar tartibda jami 19 mlrd 551 mln so‘m moddiy zarar undirish belgilangan. Undiruv IIV depozit raqamiga topshirilgan jami 7 mlrd 831 mln so‘m pul mablag‘lari va 573 mln 856 ming so‘mlik xatlangan mol-mulklarga qaratilgan.

“Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi”dan jabrlanganlar shu yilning 30 sentyabrida Bosh vazir bilan uchrashish istagida Mustaqillik maydonida to‘planishgan edi. Ular bilan suhbatlashgan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov tergov va sudda xatlangan mol-mulk jabrlanuvchilarga proporsional tarzda taqsimlanishini aytgandi. Vazir zararning qolgan qismi vazirlik huzuridagi jamg‘arma hisobidan to‘lab berilishi yoki to‘lanmasligi xususida ma'lumot bermagan.

Bugungacha “Human xususiy bandlik agentligi”dan jabrlanganlar ko‘rgan zarar Hukumat topshirig‘i bilan Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan to‘liq to‘lab berilgan.

Shu yilning 8 oktyabrida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov «Profelite IMP xususiy bandlik agentligi»dan jabrlangan fuqarolar bilan uchrashuvda ular ko‘rgan zararning tergov va sudda undirilmagan qismi vazirlik huzuridagi jamg‘arma hisobidan to‘lab berilishini aytgandi.

Mavzuga oid