Jamiyat | 09:54 / 11.10.2020
19864
13 daqiqa o‘qiladi

1,5 ming yevro maosh va juda ko‘p kompyuter. Estoniya maktablarini qanday rivojlantirgan?

Estoniya ta'lim tizimi dunyodagi ko‘plab xalqaro ta'lim reytinglarida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Ta'lim bilan doim ham maqtana olmaydigan possovet tizimidan chiqqan Estoniya bunga qanday erishdi?

Foto: Getty Images

Hozirgi vaqtda sobiq ittifoq respublikalarida ta'lim tizimi, ayrimlarini aytmaganda, SSSR davrida qanday bo‘lsa, shunday saqlanib qolgan: xususiy maktablarga e'tibor yo‘q, davlat tasarrufidagi maktablarda ta'lim sifatidan ko‘ra o‘qituvchilardan turli hisobotlar talab qilish, maktablarda o‘quvchilarning bilim olishidan ko‘ra qanday kiyinishini nazorat qilish muhim. Shuningdek, possovet respublikalarining aksariyatida 11 yillik ta'lim tizimi bosqichlarga bo‘linmagan holda davom etishi ham SSSRdan meros. 

Bugun Estoniya maktablarida sovetcha ta'lim tizimidan hech narsa saqlanib qolmagan, hammasi o‘zgarib, zamonaviy ta'lim tizimi joriy etilgan. Shu sababli mamlakat ta'lim tizimi bir necha yildan buyon turli xalqaro reytinglarda boshqa possovet respublikalaridan farqli o‘laroq, ancha yuqori o‘ringa ega bo‘lib kelyapti. 

Ana shunday nufuzli xalqaro ta'lim reytinglaridan biri PISA (Programme for International Student Assessment) xalqaro reyting dasturi hisoblanadi. PISA xalqaro reytingi 2000 yildan buyon test sinovlari yordamida dunyoning yuzga yaqin davlatlaridagi o‘quvchilarning bilimlarini baholab boradi. Bundan 10-15 yil oldin PISA reytingida Finlyandiya ta'lim tizimi yuqori o‘rinlarda yurar, dunyo ta'limida yangi «Fin modeli» ovoza bo‘lgan edi. Oradan bir necha yil o‘tib, ushbu reytingda aynan «Fin modeli»ni yaxshi o‘zlashtirgan Estoniya ta'lim tizimi yuqori o‘rinlarga chiqdi. Bugun ko‘pchilik davlatlar ta'lim sohasida Estoniya tajribasini o‘rganmoqda. Quyida Estoniya bu ishni qanday uddalagani haqida fikr yuritiladi.

PISA xalqaro reytingida so‘nggi test natijalariga ko‘ra, eston o‘quvchilari ifodali o‘qish bo‘yicha dunyoda beshinchi, matematikadan sakkizinchi va kimyo bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Ular ushbu natija bilan barcha qo‘shnilarini va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini ortda qoldirdi. Ro‘yxatni atigi to‘rtta viloyati bilan qatnashgan Xitoy boshqarmoqda. Ikkinchi o‘rinni Singapur o‘quvchilari band etgan.

AQSh va Buyuk Britaniya kuchli yigirmatalikda, bir vaqtlar peshqadam bo‘lgan Finlyandiya kuchli o‘nlikdan joy olgan. Possovet respublikalari esa ancha pastda joylashgan: Latviya 30-o‘rin, Rossiya 31-o‘rin, Litva 34-o‘rin, Belarus 36-o‘rin, Ukraina 39-o‘rinda. 

Sovet ta'lim tizimidan voz kechish 
Estoniya sovet ta'lim tizimidan voz kechishni mustaqil bo‘lgan yillardanoq boshlagan. Masalan, maktabni bitirishda yagona davlat imtihonlarini joriy qilib, so‘ng uning natijasiga qarab bitiruvchilarni OTMlarga imtihonsiz qabul qilish tizimi Estoniyada o‘tgan asrning 90-yillaridan buyon amalda.

Bugun, SSSR tarqab ketganiga qariyb 30 yil bo‘lganda Estoniya ta'lim tizimida sovet ta'lim tizimi unsurlari mutlaqo qolmagan. Estoniyada maktab ta'limi uch bosqichga bo‘linadi: 1-3 sinflar I bosqich, 4-6 sinflar II bosqich, 7-9 sinflar III bosqich. Har uch bosqichda ham o‘quvchilar yagona davlat ta'lim tizimi asosida o‘qitiladi. O‘zlashtirishi yaxshi bo‘lmagan o‘quvchilarga yozgi ta'tilda ikki haftalik qo‘shimcha darslar o‘tiladi. Agar o‘quvchi shunda ham yetarli darajada o‘zlashtira olmasa, sinfda qoldiriladi.

9-sinfni bitirgan o‘quvchilarga maxsus sertifikat beriladi. Shundan so‘ng, ular yana uch yil, 10-12 sinflar hisobidan oliy o‘rta ta'lim deb ataluvchi bosqichda gimnaziyalarda ta'lim olishadi. Bu bosqichda o‘quvchilarga o‘zlari tanlagan soha bo‘yicha dars o‘tiladi: kimdir kasb-hunar yo‘nalishida, kimdir akademik yo‘nalishda o‘qiydi. 

Bitiruvchilar yagona davlat imtihoni topshiradi va uning natijasiga qarab OTMlarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kimning reyting bahosi yaxshi bo‘lsa, u yaxshiroq OTMda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Estoniya OTMda beriladigan diplom Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar va yana boshqa dunyoning ko‘plab davlatlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinadi. 

Estoniyadagi o‘qituvchilar dars berishda keng vakolatlarga ega va ular o‘z ishida tamomila mustaqil. Mamlakatda ta'lim sifatining yuqoriligi avvalo yuqori malakali o‘qituvchilar hisobiga. 

Sobiq ittifoq respublikalari orasida Estoniya o‘qituvchilarga eng yuqori maosh to‘layotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Shu omil ham ta'lim sifati yaxshi bo‘lishiga qisman hissa qo‘shadi. Estoniyada o‘qituvchilarning o‘rtacha maoshi 1513 yevroni tashkil etadi. Bu mamlakatdagi o‘rtacha ish haqidan balandroq hisoblanadi. 

Estoniyada demografik holat o‘ta passiv, tug‘ilish darajasi past. Mamlakat aholisi tarkibida bolalar boshqa possovet respublikalariga nisbatan kam. Shu sababli maktablarda o‘quvchilar bir smenada o‘qiydi. Tushgacha darslarda qatnashgan o‘quvchilar tushdan keyin maktabda qolib, yana bir necha soat qo‘shimcha to‘garaklarda saboq oladi. 

Aholi soni doimiy ravishda oshib kelayotgan possovet respublikalarining aksariyatida bugun maktablarda darslar ikki smenada tashkil etiladi va o‘quvchilarda tushdan keyin maktabda qolib, qo‘shimcha to‘garaklarda dars olish imkoniyati yo‘q. Bu jihatdan ham Estoniya ta'lim tizimi boshqalardan bir qadam oldinda. 

Maqsad muvaffaqiyat garovidir 
PISA xalqaro reytingining Estoniyadagi vakili Gunda Tirening aytishicha, muvaffaqiyat qozonish uchun o‘z oldiga jiddiy maqsad qo‘yishda estoniyalik o‘quvchilarning oldiga tushadigani yo‘q. Ular o‘z ustida jiddiy ishlasa, albatta, muvaffaqiyat qozonishini yaxshi tushunadi va shunga harakat qiladi.

Eston maktablarida qat'iy dastur yo‘q / FOCUS

Mamlakat ta'lim vaziri Mart Laydmetsning so‘zlariga ko‘ra, estoniyalik o‘quvchilar bugun raqamli texnologiyalarga juda qiziqadi. O‘quvchilarga birinchi sinfdanoq kompyuter darslari o‘tiladi. Bu ularga aniq fanlarni va xorijiy tillarni yaxshiroq o‘zlashtirishiga yordam beradi. PISA xalqaro reyting testlarida estoniyalik o‘quvchilarning yuqori o‘rinlarni egallashiga ma'lum ma'noda shu ham sabab bo‘ladi. Testlar raqamli texnologiyalarga asoslanib tuziladi. Ko‘pchilik mamlakatlarda uning nimaligini ham tushunishmaydi. Estoniya ta'limi esa bugun deyarli raqamli texnologiyalarga o‘tib bo‘lgan.

Maktab dasturi mavjud emas 
Estoniyada o‘qituvchilar o‘zlari zarur deb hisoblagan jihatlarga e'tibor berishlari mumkin, chunki maktabda qat'iy dastur mavjud emas. Bolalar olishi kerak bo‘lgan bilimlar boshlang‘ich sinflarda davlat ta'lim dasturiga muvofiq belgilanadi. Shu bilan birga, o‘sha dasturlarni dars jarayoniga tatbiq qilishda o‘qituvchilar mutlaqo erkin ishlaydi. O‘qituvchilar turli yozuv-chizuvlarga asoslangan hisobotlar topshirmaydi. Ularning ishi o‘zlari dars berayotgan o‘quvchilarning bilimi orqali baholanadi. Yuqori sinflarga o‘tganda o‘quvchilarga deyarli to‘liq erkinlik beriladi va ular o‘zlari xohlagan fanlarni ko‘proq o‘zlashtira boshlaydi. 

Qanday maqsadlarga erishish kerakligini hamma biladi, ammo buni qanday amalga oshirish har bir o‘qituvchining o‘ziga bog‘liq. Estoniya Finlyandiyadan o‘zlashtirgan yana bir tamoyil – tenglik. Sinovlarda jamoa bilan birgalikda shug‘ullanish ham yaxshi samara beradi. Fan olimpiadalarida «Nima qilsang qil, natija ko‘rsat», deb hech kim o‘qituvchiga byurokratik talab qo‘ymaydi. 

Bu fan olimpiadasi yo‘q degani emas, bor, faqat o‘qituvchilar kuchli bilimga ega o‘quvchilar bilan emas, balki o‘rtacha o‘zlashtirayotganlar bilan ham individual shug‘ullanish amaliyoti mavjud. Aksariyat o‘qituvchilarning yordamchisi bor. Mabodo birorta o‘quvchi berilgan topshiriqni butun sinf bilan o‘rganishga vaqt topa olmasa, yordamchi u bilan alohida yoki kichik guruhda shug‘ullanadi. 

Har yetti o‘quvchiga bitta noutbuk 
Estoniya ta'limining asosiy o‘ziga xos xususiyati raqamlashtirish hisoblanadi. Estoniya bolalari birinchi sinfdan boshlab kompyuterlarga o‘rganishadi va bu PISA testlarida yordam beradi. 

«PISA testlari raqamli, ko‘p mamlakatlar esa hali bungacha yetib kelishmagan. Estoniyada raqamli ko‘nikmalarsiz yashay olmaysiz, davlat muassasalari 98 foiz xizmatlarini raqamli formatda taqdim etadi», deydi Estoniya ta'lim vaziri Mart Laydmets. Uning aytishicha, Estoniya dunyoda birinchilardan bo‘lib davlat ta'lim dasturiga axborot-kommunikatsiya ko‘nikmalarini o‘qitishni joriy qilgan. 

Davlat har yili o‘qituvchilarning malakasini oshirish uchun 4,3 mln yevro sarflaydi / VIEW PICTURES

1-sinfda bolalar asalari robotini dasturlashtiradi, 8-sinfda ular mikrokontrollerlar bilan ishlaydi, 10-sinfda esa piton (dasturlash tili) yordamida videoo‘yinlar yozishadi. Har bir fan bo‘yicha haftada kamida bitta dars virtual muhitda o‘tkaziladi. 

Estoniyada ta'lim uchun zarur bo‘ladigan texnologiyalar davlat yoki o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ta'minlanadi. Ta'lim vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, maktablarda har yetti o‘quvchiga kamida bitta noutbuk to‘g‘ri keladi. Bunday ta'minot nafaqat poytaxt Tallinda, balki mamlakatdagi barcha maktablarda mavjud. Masalan, poytaxtdan bir soatlik masofada joylashgan Kostiver maktabida 155 o‘quvchi uchun 48ta planshet va 24ta noutbuk bor. 

«Agar biz mahalliy hokimiyatdan maktab uchun zarur narsalarni homiy sifatida olib berishni so‘rasak, ular rad etishmaydi. Agar so‘rovimiz asosli va o‘rinli bo‘lsa, bizga so‘ragan narsamizni berishadi», deydi Kostiverdagi maktabi direktori Olga Saykovskaya. 

Davlat o‘qituvchilar tayyorlashga har yili o‘rtacha yiliga 4,3 million yevro sarflaydi. Estoniyadagi o‘qituvchilarning 54 foizini 50 yoshdan kattalar tashkil etadi. Ularning hammasi ham kompyuterda ta'lim berishni bilavermaydi. Shu sababli hukumat ta'lim uchun ajratayotgan mablag‘ning bir qismini yosh o‘qituvchi kadrlarni tayyorlash uchun sarflaydi. 

«Biz alohida e'tiborga muhtoj o‘quvchilar elektron muhitda vazifalarni yaxshiroq, ba'zan esa hammadan yaxshi bajarishini payqadik. Odatda bunday o‘quvchilar dars paytida orqa partada, boshqa o‘quvchilarga aralashmay o‘tiradi. Ular uchun standart yondashuv ishlamaydi, ularga alohida e'tibor kerak», deydi Lyudmila Rojdestvenskaya. 

O‘quvchilarga to‘g‘ri qidiruvni amalga oshirish ham o‘qitiladi 
Estoniyada o‘quvchilarga internetdan foydalanishni o‘rta sinflardan o‘rgatishadi. Ularning internetdan qanchalik xavfsiz foydalanishi maxsus politsiya zobitlari – veb-konsteybllar tomonidan nazorat qilinadi.

PISA testi natijalariga ko‘ra, estoniyalik o‘quvchilar dunyoda adabiyot bo‘yicha beshinchi o‘rinni, matematika bo‘yicha sakkizinchi va ximiya bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni egallashgan

«Texnik jihatdan bolalar juda ilg‘or, ammo ular, internetdagi turli tahdidlarga qarshi kurashish uchun ijtimoiy ko‘nikmalarga ega emas», deydi Estoniya politsiyasi podpolkovnigi Maarya Punak. 

Veb-konsteybllar maktab o‘quvchilarining savollariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijtimoiy tarmoqlar orqali javob beradi va ba'zan darslarda ham qatnashadi. Ular bolalarni qiziqtiradigan narsalar yoki o‘qituvchilarni xavotirga soladigan barcha narsalar haqida gapirishadi: kiberhujumdan tortib boshqa tahdidlargacha. 

Bir so‘z bilan aytganda, Estoniya ta'lim tizimi possovet respublikalardagi ta'lim tizimidan ancha oldinga o‘tib ketgan. Balki shuning evaziga bugun bir parcha maydoni va 1,5 millionga yaqin aholisi bilan Estoniya yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarni qayd etayotgandir? 

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid