Jahon | 21:41 / 08.11.2024
8383
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyevga hujum vaqtida Rossiya droni Estoniya elchisi yashaydigan uyga kelib urildi

Rossiya 7 noyabr kuni 106 ta uchuvchisiz uchish apparatlarini uchirgan bo‘lib, ukrainalik harbiylar 74 ta dronni urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan.

Rossiya tomonidan 7 noyabr kuni Kiyevga uyushtirilgan hujum davomida uchuvchisiz uchish apparati Estoniyaning Ukrainadagi elchisi Anneli Kolk yashaydigan uyga kelib urildi. Bu haqda Estoniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Margus Tsaxkna ma’lum qildi.

«Yaxshiyamki, unga hech qanday zarar yetmadi. Rossiya o‘z bosqinini to‘xtatmas ekan, Ukrainadagi hech kim xavfsizlikda emas. Ukrainaga o‘z fuqarolarini himoya qilish uchun ko‘proq havo hujumidan mudofaa vositalari kerak. Biz bunga ko‘nikib qolmasligimiz lozim», — deydi vazir.

Kolkning so‘zlariga ko‘ra, dron o‘zi yashaydigan ko‘p kvartirali uyga kelib urilgan. Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan.

Rossiya 7 noyabr kuni Ukraina tomon 106 ta uchuvchisiz uchish apparatlarini uchirgan bo‘lib, ukrainalik harbiylar 74 ta dronni urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan, yana 25 ta qurilma mamlakatning turli hududlarida «ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan». Kiyev shahri hukumatining ma’lum qilishicha, urib tushirilgan dronlarning qoldiqlari to‘rtta tumanga qulashi oqibatida yong‘in yuz bergan.

Iyun oxirlarida Polsha, Litva, Latviya va Estoniya Yevropa Ittifoqini Rossiya va Belarus bilan chegarada mudofaa chiziqlari qurishga chaqirgandi. Bunday liniya qurilishi 2,5 milliard yevroga tushishi mumkinligi aytilgan edi.

Mavzuga oid