Sport | 11:04 / 11.10.2020
17366
9 daqiqa o‘qiladi

#FootWeek: Shomurodov BAAga qarshi o‘ynamaydi, Afonin Abramovdan taklif kutyapti, «Andijon»da yana mojaro

O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda navbatdagi yig‘inini boshladi. Yig‘in doirasida ilk o‘rtoqlik o‘yini Eronga qarshi bo‘lib o‘tdi va unda forslar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. FootWeek'ning bu galgi soni asosiy mavzularidan biri ham O‘zbekiston – Eron bahsi va unda mezbonlar namoyish etgan o‘yin tahlili bo‘ldi.

Bundan tashqari, dasturdan «Lokomotiv» yarimhimoyachisi Vadim Afonin bilan intervyu hamda tez-tez tugatilib, qaytadan tashkil etib turiladigan «Andijon» klubi mavzusida yurist Zokirjon Xoliqov bilan suhbat ham o‘rin olgan.

«Andijon» mojarosi FIFA darajasiga ko‘tarilishi mumkin

«Andijon» klubi bu yil ham tugatilib, qayta tashkil etildi. Ammo bu amaliyot bu klub uchun yangilik emas: ko‘plab mavsumlarda bir MChJ yopilib, o‘rniga boshqa MChJ ta'sis etilishi va «Andijon» yangi ta'sischi qo‘l ostida chempionatlarda qatnashishi oddiy hol.

Ma'lum bo‘lishicha, bu ish – klubning turli qarzdorliklarini yo‘q qilib yuborish uchun qilinar ekan. Bankrot deb e'lon qilingan MChJ futbolchilar va murabbiylar oldidagi majburiyatlarini bajarishga qodir emas. Yurist Zokirjon Xoliqov oylik maoshlarini ololmayotgan mutaxassis huquqlarini himoya qilayotgani va «Andijon» mojarosi FIFA darajasiga ko‘tarilishi mumkinligi haqida so‘zlab berdi.

Vadim Afonin: «Men o‘zbekman!»

Milliy jamoaga begona bo‘lmagan, klubdagi faoliyatining katta qismini Rossiyada o‘tkazib, ayni paytda Toshkentning «Lokomotiv» klubida o‘ynayotgan yarimhimoyachi Vadim Afonin bilan intervyu esa Rossiya va O‘zbekiston ligalari o‘rtasidagi farq, «Loko»ning so‘nggi paytlardagi muvaffaqiyatsizliklari, Kapadzening klub murabbiyligiga kelishi, milliy jamoadan taklif kutishi va qalban qayerga yaqinroq ekani kabi mavzularda kechdi.

– Jamoaga Temur Kapadze kelganidan so‘ng nima o‘zgardi? Qanday kayfiyat hukmron?

– Menimcha, kayfiyat barchada yaxshilandi, chunki g‘alabalarga erisha boshladik. O‘yinga munosabat, o‘yinni olib borish, o‘zaro tushunish borasida yaxshilanish bor. Asosiysi, g‘oya bor.

– Kapadzegacha nima bo‘lgan edi?

– Butkul o‘zgarish borasida gapirmagan bo‘lardim. Murabbiy jamoani kerakli yo‘nalishga bura oldi, ba'zi xatolar ustida ishladi va tuzata oldi. Pandemiya ham bizga ta'sir qilgani bor gap. Tayyorgarlik ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Yig‘inlar ham bir maromda o‘tmadi. Sabablar yetarli. Ba'zi o‘rinlarda keragidan ortiq, ba'zilarida esa yetarli bo‘lmagandir harakatlarimiz. Yangi odam kelsa, baribir nimadir o‘zgaradi.

– Har xil jamoalar bor. Xarakterli jamoalar – mag‘lub bo‘lsa ham, o‘ynaydi, kurashayotgani bilinib turadi. «Lokomotiv» esa xaraktersiz, kayfiyatsiz, ruhan singan jamoadek taassurot qoldirdi.

– Inkor etmayman, tashqaridan yaxshiroq ko‘rinadi. Kapadzegacha ham yomon o‘ynamayotgandik, deya olaman. Ha, ruhiy muammolar bo‘ldi.

– Yil boshida unday emasdi-ku?! 0:7, 0:4 natijalari... Bunday holatda futbolchilar nima his qilishadi? Ahvol-ruhiyat qanday? Deylik, Afonin bunday o‘yinlardan keyingi nimalarni his qiladi?

– O‘zim uchun javob beraman, barcha uchun nimadir deyishim qiyin. Ha, yirik hisobdagi mag‘lubiyatlar yomon ta'sir qiladi. Lekin aytamanki, Vadim Afonin doim kurashgan, oxirigacha o‘ynagan. Maydonni tezroq tark etish, tezroq o‘yinni tugatib olish va dam olish haqida umuman o‘ylamayman. Noxushliklardan qochish menga xos emas.

– Odatda legionerlar, masalan, siz kabi yoshligida ketgan futbolchilar faoliyatini yakunlash uchun kuchsizroq ligalarga ketishadi yoki vatanlariga qaytishadi. Siz O‘zbekistonga faoliyatingizning so‘nggi bosqichlarini o‘tkazish uchun keldingizmi?

– Yo‘q, men hali kuchga to‘laman. Hali ancha o‘ynagim bor. Ruhan tayyor bo‘lish kerak bunday o‘ynash uchun. Hayotimda shunday holatlar bo‘ldiki, qaytishim lozim bo‘ldi. Futbolga aloqador va futboldan tashqari sabablar. Hali yuqori darajada o‘ynash niyatim bor. Holatim bunga to‘g‘ri keladi. Gap yoshda emas, ruhiyat va jismoniy holatda. Ertamizda bizni nimalar kutayotganini bilmaymiz.

– Rossiyadan nima uchun ketdingiz?

– Legionerlarga limit qo‘yilgan. Menga aytishdiki, limit to‘ldi, Rossiya pasporting bo‘lganida, qolarding.

– Rossiya pasportini olish haqida fikr bo‘lmaganmi?

– Men O‘zbekistonning turli milliy jamoalarida o‘ynaganman. Pasport o‘zgartirishdan ma'no yo‘q. Vatanim O‘zbekiston.

– Milliy jamoa uchun ko‘p ham o‘ynamagansiz...

– Lekin doim chaqiruvni kutganman, kutyapman va kutaman!

– Hozirgi milliy jamoa haqida nima deya olasiz? Axir siz o‘ynaydigan nuqtada raqobat juda kuchli.

– Meni chaqirishsa, aqalli 5–10 daqiqa o‘ynatishsa ham xursand bo‘lardim. Aytganimdek, chaqiruvni doim kutaman. Hozir yangi avlod o‘ynayapti. Yosh, iqtidorli, kuchli futbolchilar bor.

«Sho‘rtan»da o‘ynaganimga 8 yil bo‘ldi. O‘sha davr futbolchilaridan sanoqlilari qoldi. Futbol falsafasi o‘sha-o‘sha, balki qayerlardadir sifat o‘zgargandir. Avvallari tajribaliroq, kuchliroq futbolchilar bo‘lgandek.

– Hozir o‘ynash osonroqmi?

– Qiyin savol. Hamma yerga moslashish mumkin. Ha, Rossiya futboli bilan taqqoslaganda farqlar bor. O‘zbekiston chempionati o‘syapti. Bu xursand qiladi. Rossiya futboli bilan farqimiz yana bir jihatda – bu yerda bir klub dominantlik qilyapti, u yerda esa 6-7 klubning imkoniyatlari yaxshi. Mablag‘ tomondan, bolalar futboli va akademiyalarga e'tibor jihatidan holat yaxshiroq. O‘zbekistonda ham yaxshi.

Men bu mavsumni hisobga olmagan bo‘lardim. Koronavirus ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi.

– Legioner bo‘lish nima degani?

– Kim bo‘lmasin, adaptatsiyaga, moslashishiga bog‘liq. Axir hamma har xil. Men yoshligimda ketganman va yoshroq futbolchilarga maslahatim – kurashish, o‘sishdan to‘xtashmasin. Bir soniyaga ham bo‘shashishmasin.

Rossiyada raqobat juda kuchli. Biroz bo‘lsa-da chalg‘idingmi, tamom, o‘rningni yo‘qotding. Mashg‘ulotlarda ham, o‘yinda ham o‘z imkoniyatingni maksimum ko‘rsat. Futboldan tashqaridagi masalalarga chalg‘imaslik muhim.

– Faoliyatingizni yakunlagach, o‘zingizni qayerda ko‘rasiz?

– Bu haqda o‘ylashni istamayman. O‘ylab ham ko‘rmaganman. Xayolim va hayotim futbol bilan band. Ertaga qayerda, qaysi sohada bo‘lishimni bilmayman. Bugun futboldaman. Shu asosiysi.

– Afonin maydondan tashqarida kim?

– Javob berish qiyin. Oddiy insonman. Yaxshi ota. Keling, o‘zimga baho bermay.

– Futbolni tashlab ketish fikri bo‘lganmi hech qachon?

– Bunaqasi bo‘lmagan. Tun ortidan tong otadi. Ha, qiyinchiliklar bo‘lgan, lekin hech qachon tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushmagan, tashlab ketish haqida o‘ylamaganman ham. Qiyinchiliklar kishini toblaydi, chiniqtiradi, chidamli qiladi.

Futbolda ham, hayotda ham yaxshi bo‘lishga, yuqoriroq o‘rinlarni egallashga, atrofdagilarga yaxshilik qilishga intilaman. Futbol faoliyatimdan qisman ko‘nglim to‘ladi. Kimdadir mana shu yo‘q, kimdadir bundan ortig‘i bor. Men maksimalistman.

Bundan yuqoriroq marralarga erishishim ham mumkin edi. Bu yerga qaytganim ham yaxshi, axir men «Traktor» tarbiyalanuvchisiman. Bu – men katta bo‘lgan joy, bolaligim va yoshligim o‘tgan stadion. Men o‘zimni doim o‘zbekistonlik deb hisoblaganman. O‘zbekman!

***

Shu va boshqa xabarlar Bobur Akmalovning FootWeek mualliflik loyihasi navbatdagi sonida. Tomosha qiling!

Mavzuga oid