Jahon | 20:40 / 12.10.2020
10238
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus IIV namoyishchilarga qarshi jangovar qurol qo‘llash bilan tahdid qildi

11 oktabr, yakshanba kuni Minsk va boshqa shaharlarda hibsga olingan muxolifatchilarni qo‘llab-quvvatlash aksiyalari o‘tkazildi.

Foto: RIA Novosti

Minskdagi namoyishlar «o‘ta radikal» tus olganligi sababli zaruriyat tug‘ilsa, namoyishchilarga qarshi maxsus vositalar va jangovar quroldan foydalaniladi. Bu haqda Belarus ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Gennadiy Kazakevich ma'lum qildi.

 «Shu bilan birga, asosan Minskka ko‘chgan namoyishlar uyushgan va o‘ta radikal tus olmoqda. Shu sababli ichki ishlar organlari xodimlari va ichki qo‘shinlar harbiy xizmatchilari ko‘chalarni tark etmaydi hamda zaruriyat tug‘ilgan taqdirda maxsus vositalar va jangovar qurolni qo‘llaydi», — dedi Kazakevich.

 Kazakevichning so‘zlariga ko‘ra, Minskda yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan aksiyalar namoyishlar radikallashganidan guvohlik beradi.

 «Kunduzi va oqshomda toshlar, shishalar, pichoqlar va bigizlar, kechasiga kelib esa barrikadalar va yonayotgan ballonlar», — dedi Kazakevich.

 Uning qayd etishicha, «bularning fuqarolik namoyishiga hech qanday aloqasi yo‘q».

11 oktabr, yakshanba kuni Minsk va boshqa shaharlarda hibsga olingan muxolifatchilarni qo‘llab-quvvatlash aksiyalari o‘tkazildi. «Vesna» huquqni himoya qilish markazining ma'lumot berishicha, butun Belarus bo‘ylab shu kuni aksiyalarda qatnashgan 586 kishi hibsga olindi. Kuch ishlatish tuzilmalari yorug‘lik-shovqin granatalari va suv purkaydigan transportlarni qo‘llagan.

Belarusda 9 avgustda bo‘lib o‘tgan prezident saylovidan keyin norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda. Saylovda 80 foiz ovoz bilan amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko g‘olib chiqqan. Muxolifat saylov natijalari soxtalashtirilganini ta'kidlamoqda.

Mavzuga oid