Samarqanddan o‘g‘irlangan tarixiy koshinlar London aeroportida qo‘lga tushirildi
Samarqanddagi Shohi-Zinda majmuasiga tegishli 6ta koshin o‘g‘irlanib, Dubay orqali Londonga olib borilgani ma'lum bo‘ldi. Bunga o‘xshash holat birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.
Britaniya muzeyi Samarqanddagi maqbaradan o‘g‘irlangan, XIII–XIV asrlarga oid koshinlar partiyasi O‘zbekistonga repatriatsiya qilinishida ko‘maklashadi. Tarixiy buyumlar 2020 yilning yanvarida London aeroportida kontrabanda mahsuloti sifatida olib qo‘yilgan, deb xabar tarqatdi The Guardian.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi ushbu xabarni tasdiqladi. Qayd etish joiz, bu – O‘zbekistondagi obidalar koshinlarining chetga olib chiqib ketilishi bilan bog‘liq birinchi holat emas.
Ingliz nashriga ko‘ra, 6ta koshinni yanvar oyida BAAning Dubay shahridan Londondagi Xitrou aeroportiga keltirgan shaxs bu buyumlarni Sharja shahridan, 315 dirhamga (85 dollar atrofida) sotib olganini aytgan va buni «tasdiqlovchi» kvitansiyani ham ko‘rsatgan. U koshinlar «xuddi qadimiy ashyodek ko‘rinadigan» qilib yasalganini bildirgan.
«Aslida esa bu bo‘laklar bir necha o‘n ming funt turadi va ular asl vatani – O‘zbekiston madaniyati uchun muhim ahamiyatga ega», – deb yozadi The Guardian.
Xalqaro maslahat kengashi
Ingliz chegara xizmati ushbu buyumlar tarixiy va qimmatbaho bo‘lishi mumkinligini gumon qilib, ularni o‘rganish uchun Britaniya muzeyiga topshiradi. May oyida dunyoning 7ta mamlakati olimlari ishtirokida maslahatlashuv kengashi tuziladi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi xabariga ko‘ra, kengashdan o‘zbek mutaxassislaridan tashqari Angliyaning Oksford va Kembrij, Shotlandiyaning Edinburg, Kanadaning York va Turkiyaning Hoji Bayram Veli universitetlari, AQShning Boston kolleji, Eron Milliy muzeyi, Rossiya Ermitaji olimlari ham o‘rin olgan.
«Pandemiyaga qaramay, juda qisqa vaqt ichida va butun dunyo bo‘ylab ko‘plab mutaxassislar guruhi yig‘ilgani qoyilmaqom ish bo‘ldi», – deya Britaniya muzeyining Yaqin Sharq bo‘limi katta kuratori doktor Jon Simpsonning so‘zlarini keltirmoqda The Guardian.
Koshinlar O‘zFA Arxeologiya instituti, Samarqanddagi qo‘riqxona yoki muzeydan olib ketilgan bo‘lishi mumkin
Kengash xulosasiga ko‘ra, koshinlar XIII asr oxiri – XIV asr o‘rtalariga oidligi hamda Samarqanddagi Shohi-Zinda yodgorlik majmuasiga tegishli. Madaniyat vazirligi bu xususda quyidagilarni ma'lum qildi.
«Shohi-Zinda yodgorlik majmuasida bir necha bor, xususan 1996, 2000 va 2004 yillarda arxeologik qazish va tiklash ishlari amalga oshirilgan.
2004 yildagi ishlar davomida ilgari majmuada mavjud bo‘lgan binolardan ham, saqlanib qolgan yodgorlik inshootlaridan ham me'moriy bezaklarning ko‘p sonli qismlari topilgan. Topilgan parchalar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutiga, Samarqand shahar tarixiy-madaniy va me'moriy muzey-qo‘riqxonasiga, Samarqand shahridagi tarix muzeyi jamg‘armalariga o‘tkazilgan.
Ushbu dalillar keltirilgach, koshinlarni import qiluvchi egalik huquqini talab qilmadi. Koshinlar musodara qilindi va keyinchalik O‘zbekistonga repatriatsiya qilish uchun Britaniya muzeyiga topshirildi.
Karantin bo‘lishiga qaramay, Madaniyat vazirligi rasmiy murojaat olgandan so‘ng, Madaniy meros bo‘limidagi o‘zbekistonlik olimlar bilan birgalikda ushbu koshinlarning kelib chiqishini aniq joylarda o‘rganishni boshladi. Koshinlarning ma'lum bir yodgorlikka tegishliligini aniqlash uchun Samarqandga boradigan ishchi guruh tashkil etildi. Tadqiqotlar davomida koshinlar Xo‘ja Ahmad maqbarasi (XIV asrning ikkinchi yarmi), noma'lum maqbara (1360/61) me'moriy bezaklariga uslubiy yaqinligi aniqlandi, ammo me'moriy yodgorliklardan bezak parchalarining koshinlar bilan to‘liq mos kelishi hozircha aniqlanmadi.
Ayni paytda koshinlarning ma'lum bir me'moriy yodgorlikka tegishli ekanini aniqlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda», – deyiladi Madaniyat vazirligi axborotida.
Qo‘shimcha qilinishicha, vazirlik ushbu koshinlarning 2020 yil dekabr oyida Britaniya muzeyida namoyish etilishiga rozi bo‘lgan.
Bu birinchi holat emas
Britaniya muzeyi direktori doktor Xartvig Fisherning The Guardian'ga ma'lum qilishicha, so‘nggi 10 yil ichida Britaniya muzeyi Iroq, Afg‘oniston, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarga 2500dan ortiq buyumlarni qaytarishga yordam bergan.
Masalan, 2017 yilda. Ikki yil oldin islomiy xattotlik san'ati aks etgan, yarim metrlik koshin (quyidagi suratda) Angliyaga borib qolgani ma'lum bo‘lgandi.
Moviy rangli, silliqlangan koshin 2014 yilda o‘g‘irlangan. O‘g‘rilar uni Buxoro joylashgan, XII asrga oid Chashmai-Ayub maqbarasi peshtoqidan ko‘chirib olishgan. Yirik artefakt Mayfair galereyasida sotish uchun paydo bo‘lgunga qadar, yo‘qolib ketgan deb hisoblangan.
Madaniyat vazirligi O‘zbekiston tergov organlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilganidan so‘ng, ushbu o‘g‘irlikda ishtirok etgan shaxslar jazolanganini bildirgan. Hozirda ushbu koshin Toshkentdagi Davlat san'at muzeyida saqlanmoqda.
Mavzuga oid
14:01 / 27.12.2024
Qibrayda Qozog‘istondan tortilgan yashirin yerosti quvuri aniqlandi
16:55 / 26.12.2024
Qozog‘istondan O‘zbekistonga neft mahsulotlari tashiladigan maxfiy tunnel topildi
00:10 / 25.12.2024
Sun’iy intellekt diabet rivojlanish xavfini o‘nlab yillar oldin aniqlashga yordam beradi
03:11 / 24.12.2024