O‘zbekiston | 16:27 / 17.10.2020
27179
7 daqiqa o‘qiladi

Turmush tashvishlari bilan yashayotgan odamlar: paxtakorlar bilan bir kun

Sentabr, oktabr oylari O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligidagi asosiy ekinlardan biri paxta yig‘ib olinadigan vaqt.

Qishloqlarda esa daromadli ish topish oson emas. Shu sababli, bu oylarda qishloqlardagi ko‘plab xotin qizlar va erkaklar pul ishlab olish uchun paxta terimida qatnashadi.

Kun.uz har yili terim davom etayotgan chekka qishloqlarga safar qiladi. Bu yil ham ijodiy jamoamiz o‘z an'anasiga sodiq qolgan holda paxta terimi davom etayotgan tumanlardan biriga safar uyushtirdi va terimda qatnashayotgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashdi.

Manzilimiz Jizzax viloyatining eng chekka tumanlaridan biri — Arnasoy tumanidagi Bo‘ston qishlog‘i.

Komila Egamova ancha yillardan beri paxta dalasida. U kunlik topayotgan daromadi, tikuvchilik kasbi haqida gapirib berdi:

«Asli tikuvchiman. Oila a'zolarimga, qo‘ni-qo‘shnilarga ko‘ylak tikib beraman. Mavsumda ozroq daromadga ega bo‘lish uchun paxta terimiga chiqaman. Topgan pulimga sifatli tikuv mashinasini sotib olmoqchiman. Hozir kunlik daromadim yomonmas: bir kunda 100 minggacha pul ishlayapman».

Sayyora opa Islomova oilasi bilan paxta terimida mehnat qilishyapti. Undan tashqari ikki kelini ham bor. Sayyora opaning aytishicha, bir kunda 80 kilo paxta teradi.

«Katta kelinim paxta terib xonadoniga chorva olmoqchi. Ularga alohida uy olishimiz kerak. Hozir ikki o‘g‘lim ham bir uyda yashaydi», – deydi u.

Suhbatdoshimizdan qishloq odamlari paxta terimidan tashqari yana qanday ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishi haqida so‘radik. Uning aytishicha, arnasoyliklar bahorda asosan paxta chopig‘iga chiqishadi, shuningdek, dehqonchilik bilan shug‘ullanishadi.

Paxtakorlar bilan suhbatlashib bo‘lgunimizcha kun ham yarimlab qoldi. Tushlik vaqti e'lon qilingach, kimdir uyida qolgan ishini bitirish, yana kimlardir paxta dalasida tamaddi qilishga yo‘l oldi. Biz esa tarozibon Baxtiyor akani suhbatga tortdik:

«Bir kunda eng yaxshi terimchilar 150-160 kilogacha paxta terishyapti. Terimchilarga yetarli sharoit yaratilgan. Ovqatni oshpazlarimiz tayyorlab berishadi. Suvdan ham muammo yo‘q».

O‘zbekistonda 2020 yildan boshlab davlat tomonidan paxta xomashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash bekor qilingan. Bu bo‘yicha prezident Shavkat Mirziyoyevning qarori qabul qilingan. Ammo biz borgan manzil – Arnasoy tumanida bu tartibga amal qilinmayotgan ko‘rinadi. Buni fermer xo‘jaligi mutasaddisi quyidagicha tasdiqladi:

«Bir kunda 12-13 tonna paxta topshiryapmiz. Reja bo‘yicha 65 tonna paxta topshirishimiz kerak. Rejaning 37 tonnasini topshirdik. «Plan» bor va shu bo‘yicha ishlayapmiz».

Ijodiy lavhamizni tayyorlash davomida belgilangan amaliyotga respublikaning boshqa hududlarida qanchalik amal qilinayotgani bilan ham qiziqdik. Olgan javoblarimiz esa boshqa ko‘pgina tumanlarda ham biz ko‘rgan holat davom etayotganini isbotlab turibdi.

Tushlik. Paxta terimidagi eng yoqimli jarayonlardan biri. Chunki bu vaqtda paxtakorlar yengil tin olib, miriqib suhbatlashib olishning ayni vaqtidir. Terimchilarning aytishicha, daladagi o‘choqda ko‘pchilik uchun qilingan ovqat juda mazali bo‘ladi. Terimchilarga ovqat tayyorlayotgan Ashirgul opa bilan gaplashganimizda, 100 kishidan ortiq terimchilar ovqatiga 2,5 litr yog‘, 2,5 kg go‘sht va boshqa masalliqlar solinganligini, terimchilar ham qilinayotgan ovqatlar mazali ekanini ta'kidlashdi.

Terimchilar bilan tushlik qilgach, yana suhbatlarimizni davom ettirdik. Gulnoza opa turmushga chiqqaniga 20 yil bo‘lgan bo‘lsa, shuncha vaqtdan beri paxta dalasida. Gulnoza opa terimchilarga yaratib berilayotgan sharoitlar, qishloq odamlarining yashash tarzidan qoniqishini bildirdi. Lekin bir muammo qiynayotganini ham qo‘shib qo‘ydi:

«Ilgarilari gaz, elektr tokida uzilishlar bo‘lardi. Hozir vaziyat ancha yaxshilangan. Ammo paxta mavsumi boshlangandan beri gaz ballonlari yetkazib berilishida uzilishlar bo‘lyapti».

Biz ushbu suhbatdoshimizdan pandemiya sababli to‘ylar qisqartirilayotgani va buni odamlar qanday qabul qilayotgani, hozir qishloqlarda to‘ylar qanday o‘tayotgani haqida so‘radik.

Gulnoza opaga ko‘ra, to‘ylar qisqartirilgani aholi uchun qulaylik yaratdi. «Faqat chaqirilganlar to‘yga keladi, qolganlar gina qilmaydi», – deydi u.

Paxta dalasida 65 va 60 yoshli terimchilar ham bor. Sohiba xola va Eshmirza aka 40 yildan ortiq vaqt mobaynida ahil, totuv yashab kelishmoqda. Eshmirza akaning aytishicha, ular pul topish uchun paxta terishmayapti. Biron yumush bilan band bo‘lib, vaqt o‘tkazish uchun paxta dalasida ekanliklarini ta'kidlashdi. Sohiba xola shu yoshda ham kuniga 80 kilodan paxta teryapti. Eshmirza aka esa ayoliga yordam beryapti.

«Paxta dalasiga daromadga ega bo‘lish uchun chiqqanimiz yo‘q. Keksaygan vaqtimizda biron yumush bilan mashg‘ul bo‘lish uchun paxta teryapmiz. Kuniga birgalashib 80 kilo teryapmiz. Farzandlarimiz qarshilik bildirishdi bu ishimizga. Lekin baribir ish qilib yurgan odamga bir joyda o‘tirish qiyin. Paxta tersak, qon yurishadi, yanayam baquvvat bo‘lamiz», - deydi Sohiba xola.

Soat millari 18:00 ga yaqinlashar ekan, qishloq terimchilari tergan paxtalarini yelkasiga ortib, yana tarozi boshiga chiqa boshlaydi. Tushdan keyingi terilgan paxta ham yana tarozidan o‘tadi. Tarozibondan o‘z kilogrammini eshitgan terimchi uchun bir kunlik topgan pulini hisoblab olish qiyinmas. Hammasi oddiy: terimchi ayol 100 kilo paxta terdi. U bilan 95 kilo paxta uchun 1200 so‘mdan hisob-kitob qilinadi. Chunki 5 kilo paxta hosiliga qo‘shilib ketgan barg, chanoq va boshqa qo‘shimchalar uchun qaytarib qolinadi. Demak, bir kunda 95 kilo paxta tergan terimchi 114 ming so‘m bilan uyga qaytadi. Paxtakorning bir kuni shu tarzda yakunlanadi.

Kun oxirida ilg‘or terimchilarga, shuningdek, ko‘p farzandli, eng yosh va keksa terimchilarga pul mukofotlarini topshirdik.

Biz esa arnasoylik terimchilar misolida O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham paxta terayotgan vatandoshlarga hormang, deymiz. Mehnatingiz barokatli bo‘lsin.

Ilyos Safarov, Muhabbat Ma'mirova – Kun.uz muxbirlari.
Doniyor Yakubov – operator

Mavzuga oid