Jamiyat | 16:29 / 20.10.2020
10038
4 daqiqa o‘qiladi

«Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetining butunlay yangilangan smart kampusi ochildi

Samarqand kuni arafasida shahardagi «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetining yangi binosi – «smart-kampus» foydalanishga topshirildi.

2018 yil prezident qarori bilan tashkil etilgan, Markaziy Osiyoda turizm sohasidagi birinchi va yagona universitet yangi binosining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov hamda Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, mehmonlar, o‘qituvchilar, talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni ochib bergan Aziz Abduhakimov ramziy kalitni jamoatchilikka taqdim etib, mazkur oliygoh ochilishi dunyo oliy o‘quv yurtlari tarixida o‘ziga xos unikal hodisa ekanini ta'kidladi.

Ramziy lentani kesishda universitet rektori Abduhakimov, viloyat hokimi Turdimov hamda «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat kengashi raisi Hasan Normurodov ishtirok etishdi.

Shundan so‘ng mehmonlarga bino, o‘quv xonalari, o‘quv ishlab chiqarish kompleksi, uning tarkibidagi mehmonxona, bar-restoran, oshxona, sport zal, cho‘milish havzasi kabilar namoyish etildi.

Mehmonlar yo‘qlama jurnali kabilarning o‘rnini bosuvchi yangi texnologiyalar bilan tanishdi. Ya'ni talabalarning darsda qatnashishi yuz tanuvchi kameralar vositasida nazorat qilinadi.

Universitetning boshqalaridan farqli jihati undagi ochiqlik. Bino panjara yoki devor bilan o‘ralmagan. Kembrij kabi nufuzli xorijiy oliygohlar singari talabalar hordiq chiqaradigan ajib o‘tloqzoriga ham ega.

Universitetning sport zali va suzish saroyi ham eng so‘nggi anjomlar va texnologiyalar bilan jihozlangan.

Tadbirda Abduhakimov va Turdimov universitet hovlisiga esdalik daraxti ekishdi. 

Universitet ma'muriyati ma'lumotiga ko‘ra, mazkur oliygohni mamlakat hamda qo‘shni davlatlar oliy o‘quv yurtlari bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Chunki professor-o‘qituvchilar tarkibining 70 foizini chet elning yetakchi oliy ta'lim muassasalari o‘qituvchilari va bitiruvchilari tashkil etadi.

Universitetda yuqori malakali o‘qituvchilar va edvayzerlar ishlaydi. Eng ilg‘or mutaxassislar talabalarga aniq va samarali yo‘llanmalar berib, o‘zlarining keng va chuqur bilimlarini baham ko‘rishadi.

Bundan tashqari kadrlar tayyorlashda yuqori samaradorlikka erishish maqsadida universitet malaka va tajriba oshirish uchun talabalarga dunyoning nufuzli universitetlariga borish imkoniyatini taqdim etadi.

Bundan bir necha kun oldin universitetda yangi qabul qilingan talabalar uchun Orientation Week tadbirlari yakunlangandi. Ushbu tanishtiruv haftaligi davomida universitet xodimlari va o‘qituvchilari, shuningdek, yuqori kurs talabalari yangi safdoshlarini kutib oldi.

Noan'anaviy o‘tgan tanishtiruv haftaligida talabalarning ota-onalari ham taklif etilib, farzandlari hayotining eng muhim, quvonchli damlariga professor-o‘qituvchilar, yuqori kurs talabalari, shuningdek, xorijlik faxriy mehmonlar ham sherik bo‘lishgandi.

Akademik mashg‘ulotlardan maqsad – talabalarni yangi o‘quv yiliga intensiv tayyorgarlik va ta'lim tajribasini o‘z ichiga olgan «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetining fanlararo va murakkab o‘quv jarayoni bilan tanishtirishdir. Dasturning maqsadi – talabalarga xalqaro universitetning istiqbolli va unikal intellektual ta'lim madaniyatini ko‘rish imkoniyatini namoyon etish.

O‘qishga kirgan yangi talabalar yurtimizdagi eng zamonaviy universitetlardan biriga ana shu tarzda tez va oson moslashib olishlari ko‘zda tutilgan.

«Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti jamoatchilik bilan aloqalar PR bo‘limi

Mavzuga oid