Eldor Aripov: «Afg‘onlararo muzokaralar tinchlik uchun qo‘ldan boy berilgan yana bir imkoniyatga aylanmasligi kerak»
O‘zbekiston Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlaydi va Samarqandda to‘g‘ridan-to‘g‘ri afg‘onlararo muzokaralarni o‘tkazishga tayyor. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov «Afganistan.Ru» portaliga aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent Afg‘onistonni imkoniyatlar mamlakati sifatida ko‘radi. Boshlangan tinchlik jarayoni Afg‘onistonni Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasida ko‘prik sifatida tiklash haqida gapirish imkonini beradi.
«Toshkentning Afg‘oniston bo‘yicha yangi siyosati prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoni «barqarorlik va farovon rivojlanish hududiga» aylantirish siyosati bilan bevosita bog‘liq. Afg‘onistonga yangicha qarash belgilangan strategiyaning muhim elementiga aylandi. O‘zbekiston oldingidek undan yuz o‘girayotgani yo‘q, balki bu mamlakatni butun Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida ko‘ryapti», - dedi u.
Eldor Aripovning aytishicha, O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlarida ko‘plab yo‘nalishlarda «tizimli olg‘a siljish» yuz berdi.
«Avvalo, afg‘on mojarosini hal qilishda prinsipial jihatdan yangi sahifa ochildi. Bunga O‘zbekiston rahbarining tashabbusi bilan o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi misol bo‘la oladi. Aynan u Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka imkon qadar tezroq erishish uchun butun dunyo hamjamiyatining sa'y-harakatlarini kuchaytirishga «kuchli turtki» bera oldi. Konferensiya, shuningdek, «Tolibon» harakati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga, keyinchalik esa afg‘onlararo muloqotni tashkil etishga asos yaratdi», - deydi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori.
Qayd etilishicha, Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish Markaziy Osiyo mintaqasiga katta ta'sir ko‘rsatadi. Tinch Afg‘oniston hamma uchun foyda keltiradigan yangi, noyob hamkorlik istiqbollarini ochib beradi.
«Boshlangan afg‘onlararo muloqot juda uzoq davom etgan afg‘on mojarosini hal qilishda oldinga qo‘yilgan qadamdir. Afg‘onistonda 40 yil ichida birinchi marta ko‘p yillik qon to‘kilishini to‘xtatish, qurbonlar oldini olish uchun noyob imkoniyat mavjud. Eng muhimi, hozir millionlab afg‘onistonlik fuqaro tinch hayotga qaytish imkoniyatiga ega.
Albatta, Afg‘oniston masalasida hali so‘nggi nuqta qo‘yilmagan. Shubhasiz, hali oldinda juda ko‘p ish bor, sababi boshlangan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yakun emas, balki tinchlik yo‘lining faqat boshlanishidir.
Bugun Afg‘oniston ichidagi muloqot tomonlar o‘rtasida taktik sulh tuzish bilan emas, balki chinakam barqaror tinchlikka erishish bilan tugashi har qachongidan ham muhimroq.
Boshlangan afg‘onlararo inklyuziv muzokaralar tinchlik o‘rnatish yo‘lida yana bir boy berilgan imkoniyatga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim. Xorijiy davlatlar qo‘shinlari olib chiqib ketilishi mumkinligiga qaramay, Afg‘onistonga e'tibor susaymasligi lozim», - dedi Eldor Aripov.
Mavzuga oid
17:13 / 25.12.2024
O‘zbekiston Afg‘oniston aholisiga insonparvarlik yordami va «Salomatlik» poyezdini jo‘natdi
17:10 / 25.12.2024
Pokiston Afg‘onistondagi nishonlarga havodan zarba berdi
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
17:52 / 07.12.2024