Jamiyat | 22:27 / 24.10.2020
25208
4 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht nega qimmatlashdi? Narxni nazorat qilish qanchalik to‘g‘ri?

KUN. MUNOSABAT. loyihasida Kun.uz ijodkorlari go‘sht narxi nega ko‘tarilgani haqida mulohaza yuritishdi. Loyihaning bu galgi sonida Bobur Akmalov va Alisher Ro‘zioxunov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Alisher Ro‘zioxunovning fikricha, go‘sht narxining ko‘tarilishi kompleks muammo hisoblanadi, ya’ni bu aynan bir sabab bilan sodir bo‘lgan voqea emas.

Davlatning iqtisodga aralashuvchi olqishlanmaydi

«Davlatning nafaqat narx-navoga, balki iqtisodiyotga aralashuvi liberal iqtisodchilar tomonidan tanqid qilinadi. Ularning fikricha, davlat iqtisodiyotga aralashishi kerak emas, balki qandaydir ishlar orqali unga turtki berishi mumkin», deydi Alisher Ro‘zioxunov go‘sht narxining nazorat qilinayotgani haqida fikr bildirar ekan.

«Yozdan o‘tib go‘sht arzonlashni boshlaydi»

Jurnalist go‘sht narxining o‘sishi qanday omillar bilan bog‘liqligini tushuntirdi: «Yozda go‘sht ko‘p iste’mol qilinadi va bu vaqtda narx qimmatroq bo‘ladi. Yozdan chiqishimiz bilan esa narx tusha boshlaydi. Odamlar mol-qo‘yni nega boqadi? Pulini saqlab turish uchun. Kimdir o‘qishga kirsa, kimdir Rossiyaga ishga ketishi kerak bo‘lsa, chiptaga pul uchun molini sotadi. Shu sabab noyabrdan boshlab mol arzonlashadi. Chunki taklif ko‘payadi. Yana yem qimmatlashadi va odamlar kuzda moldan «qutiladi». Bu esa bozorda taklif ko‘payishiga olib keladi. Taklif va talab bir yerda topishib, narx belgilanadi.

Lekin bu holatga davlatning aralashuvchi, ya’ni 75 ming so‘m sotilayotgan go‘shtni 60 ming so‘mdan qimmat sotmaysan, deyishi kimningdir manfaatiga xizmat qilishi mumkin, lekin iqtisodiyotga putur yetkazadi. Axir qaysi tadbirkor zarariga ishlashni istaydi? Tadbirkor daromad qila olmasa, bu ishni tashlaydi. Ya’ni, taklif kamayadi».

«Chorvadorga ham yer kerak, faqat paxta yoki bug‘doyga emas»

«Narx oshishiga defitsit sabab bo‘lmoqda. Ya’ni, bozorda go‘sht yetishmayapti. Davlat defitsitni kamaytirish o‘rniga narxni ma’muriy richaglar bilan tushirishga urinishi – xato. Hozir narxni oshirgan muammo faqat yem emas, bo‘rdoqichilik, naslchilik, texnologiya, kadrlar. Shuningdek, hokimlar yerni xohlasa beradi, xohlasa olib qo‘yadi, vaholanki, chorvadorga ham yer kerak, faqat paxta yoki bug‘doyga emas. Kompleks masalaga jiddiy e’tibor qaratish kerak. Narxni tushirish esa defitsitni yanada oshiradi.

Bu borada uzoq yillik islohotlar tizimi kerak. Chunki bitta buqacha dunyoga kelishiga to‘qqiz oy vaqt ketadi, ulg‘ayishiga yana ikki yil. Bu tezda yaxshilanadigan muammo emas. Bu borada 7-8 yillik islohotlar rejasi kerak. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, oziq-ovqat masalalari bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari takliflar bilan chiqishsin, tadbirkorlar bilan maslahat qilishsin, chunki islohotni amalga oshiradigan ular. Narxni bugun tushirish keyinchalik ham narx pasayishini ta’minlaydi degani emas», dedi Alisher Ro‘zioxunov.

Mavzuga oid