O‘zbekiston | 19:19 / 28.10.2020
10382
2 daqiqa o‘qiladi

Aziz Abduhakimov: «O‘zbekistonga loukosterlarni jalb qilish choralari ko‘rilmoqda»

28 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlat dasturining 3-chorakda bajarilishi yuzasidan hukumat hisoboti eshitildi. Unda bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov mamlakatda turizmni tiklash rejalariga to‘xtaldi.

Foto: Global Look Press

«Yanvar-fevral oylarida butun dunyo bo‘yicha ommaviy emlash boshlanadi. Bu ishlar keyingi yilning uchinchi-to‘rtinchi choragiga borib yakunlanadi. Demak, turizm ham shu paytga kelib tiklana boshlaydi. Xalqaro tashkilotlar va xalqaro ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, emlash yakunlanishiga turizmda o‘sish boshlanadi», – deya Aziz Abduhakimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda ham turizm tiklanishiga tayyorgarlik ko‘rib borilishi kerak. Shuning uchun hozir reyslarni ko‘paytirish, arzon loukosterlarni O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha Transport vazirligi bilan hamkorlikda ishlanmoqda.

«Ikkinchi yo‘nalish – ichki turizm bo‘yicha ham tiklash ishlari olib borilmoqda. Cheklovlar yumshatilgach, sanatoriylar, bolalar oromgohlari o‘z faoliyatini tikladi. Ichki turizm hozir yaxshi rivojlanib bormoqda.

Umuman olganda, hozirgi kunda turizmni tiklash uchun imkon darajasida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Tayyorgarlik nafaqat Toshkent, Samarqand va Buxoro kabi yirik shaharlarda, balki boshqa viloyatlarda ham boshlangan», – dedi Aziz Abduhakimov.

Mavzuga oid