O‘zbekiston | 18:40 / 29.10.2020
5118
6 daqiqa o‘qiladi

«Qishloq ayollarining iqtisodiy mustahkamligi masalasini ko‘taryapmiz» - Gulnora Ma'rufova bilan suhbat

Oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda gender tengligini o‘rnatish borasidagi fikrlar ko‘p yangramoqda. Bu borada zarur qonunchilik bazasi ham ishlab chiqildi. Ammo hozir hamma ham gender tengligi va uning nimalarda aks etishi borasida to‘la tushunchaga ega emas.

Kun.uz muxbiri gender tengligi aslida qanday bo‘lishi, bu borada o‘zbek jamiyati hozir qaysi bosqichda-yu, yana qaysi jarayonga qarab intilayotgani borasida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma'rufova bilan intervyu uyushtirdi.

— Gulnora Mahmudovna, siz gender tengligi va o‘zbek jamiyatida bu boradagi holatni qanday tasavvur qilasiz? Biz aynan qaysi jarayon va qaysi bosqichga qarab intilyapmiz?

— O‘ylaymanki, jamiyatimizda ayollar va erkaklar teng huquqli. Masalan, biz ayollar qayerda ishlayotgan va buning uchun maosh olayotgan bo‘lsak, biror bir jarayonda kamsitishni sezganimiz yo‘q. Buni ayollar mehnat qilayotgan barcha sohada ko‘rish mumkin.

Bizning huquqlarimiz konstitutsiyaning ikki moddasida ham belgilab berilgan. Oilada ham farzand uchun er-xotin birdek mas'ul.

— Siz aytayotgandek, hammasida tenglik ta'minlangan ekan, biz nimaga va nima uchun intilyapmiz?

— Gap rahbarlik darajasi va muhim qarorlar qabul qilish jarayonida ayollarning ishtiroki masalasida boryapti. Masalan, biz yillar davomida qarorlar qabul qilishda ayollarning o‘rni kam ekanligini ko‘rib keldik. Ularning o‘rnini deyarli sezmadik. Bunga harakat qilish esa juda qiyin edi.

Masalan, biz 5 yil avval Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti bilan birga so‘rovnoma o‘tkazgandik. Unga ko‘ra, katta-katta vazirliklarning boshqarmalarida birorta ayol kishi yo‘qligi bo‘yicha tahlil olganmiz. Albatta, bunda savol paydo bo‘ladi: qanday qilib gender tengligi haqida gapirish mumkin?

Mana endi bu jarayonda ayollarning o‘rni o‘sib borayotganini kuzatyapmiz. Bu qonun qabul qilinganidan keyin (O‘zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuni –Tahr.) o‘sish yaqqol sezilyapti. Bular ichida salohiyatli va iqtidorli rahbar ayollar juda ko‘p.

Masalan, Oliy Majlis Senati raisi bilan (Tanzila Norboyeva – Tahr.) bemalol faxrlanishimiz mumkin. Chunki bu ayol o‘z mehnati va salohiyati bilan shu vazifada ishlayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz.

— Bu jarayon qishloqlarimizda ham birday kechyapti deb bo‘lmaydi. Aynan chekka qishloqlarda ayollarning huquqlari eng ko‘p buzilyapti, hatto qo‘pol tarzda toptalyapti.

— Albatta, shuning uchun ham ayollar huquqlari borasida ko‘p gapirilyapti va qilinayotgan rejalarning ijrosi uchun qonuniy asoslar yaratilyapti.

Bu yerda gap birinchi navbatda ayollarning huquqiy savodxonligini oshirishda.

Afsuski, siz aytayotganingizdek, qishloqlarda ayollarimizning huquqiy savodxonligi yetarli emas. Bu esa ularni huquqiy jihatdan o‘qitish kerakligini taqozo qilmoqda. Ayol jamiyatda o‘z o‘rnini topishi kerakligini hayotning o‘zi ko‘rsatyapti.

Axir ayol o‘qimagan bo‘lsa, hunari bo‘lmasa va bir yoki ikki farzandi bilan onasinikiga qaytib kelsa, turmush o‘rtog‘i esa, bemalol boshqasiga uylanaversa.

Ha, jamiyat uchun qonunlar bor, lekin uni bilmasdan turib qonunni ishlatolmaymiz. Hamma gap shunda.

Biz hozir shu masalalar bo‘yicha Gender komissiyasi va Gender qo‘mitasi bilan birga ishlayapmiz.

Biz shuningdek, jamiyatda, ayniqsa, qishloqlarda ayollarning ijtimoy faolligini, iqtisodiy mustahkam bo‘lishi masalasini ko‘tarishga intilyapmiz. Chunki ayol iqtisodiy mustahkam bo‘lsa, o‘zi ham pul topsa va oilaga daromad keltira olsa, uning dunyoqarashi ham boshqacha bo‘ladi.

Biz kelgusida ham jamiyat va ayniqsa qishloqlarda ayollarni boshqaruvga jalb qilish, ularning faolligini oshirishga harakat qilamiz.

— To‘g‘ri, biz davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rnini oshirish haqida gapiryapmiz. Lekin yana bir narsani esdan chiqarmaslik kerakki, bu jarayon mutlaqo tabiiy kechishi kerak. Ayollarning o‘rnini ko‘paytirish deya shunchaki rahbarlik o‘rinlarini to‘ldiraverish ham yaramaydi.

Aytingchi, hozir O‘zbekistonning boshqaruv organlari faoliyatini yaxshilaydigan va bunga salohiyatli ayollar bizda yetarlimi?

— Bizda kuchli ayollar juda ko‘p. Gap ularning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqara olishda. Biz ularga ishonishimiz, tashkilot, o‘quv yurtlari va boshqa idoralar boshqaruvini topshirishimiz kerak.

Men juda ko‘p yillardan buyon shu tizimda ishlayman va bilamanki, ayollar juda mas'uliyatli bo‘ladi. U nafaqat oilasini, ishini va lavozimda tursa obro‘yini ham o‘ylaydi.

Hozir bizda ayol vazirlar, universitet rahbarlari, deputatlar bor. Albatta, hali bu kam. Biz axir sharqda yashaymiz. Ayollar imkoniyati bormi, albatta, boshqaruv sohasiga ham harakat qilishi va bundan qo‘rqmasligi kerak.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid