Koronavirusga qarshi vaksina sinovlarida kimlar ko‘ngilli sifatida qatnashishi mumkinligi ma'lum qilindi
Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Odilova vaksinani sinovdan o‘tkazishda ushbu kasallikka chalinmagan va organizmida immunoglobulin G shakllanmagan ko‘ngillilar qatnashishi mumkinligini ma'lum qildi.
«Har bir mamlakatda yangi dori-darmonlar ishlab chiqarilganidan keyin u bir necha bosqichda sinovlardan o‘tkaziladi, jumladan vaksinalar ham.
Sinovda qatnashish uchun ko‘ngillilar o‘z xohishlariga ko‘ra tanlab olinadi. Koronavirus kasalligiga qarshi vaksinani sinovdan o‘tkazishda ushbu kasallikka chalinmagan va organizmida immunoglobulin G shakllanmagan ko‘ngillilar qatnashishi mumkin», dedi shtab a'zosi AOKAda o‘tkazilgan brifingda.
Shuningdek, dokadan tikilgan niqob necha qavat bo‘lishi kerakligi haqida ham ma'lumot berildi.
«Niqob faqat foydalanish qoidalariga to‘g‘ri rioya qilingandagina samarali bo‘ladi. Buning uchun niqobni to‘g‘ri tanlash (maxsus matodan tayyorlangani, uy sharoitida kamida 6-8 qavatli dokadan), uni to‘g‘ri taqish (burun va og‘izni to‘liq yopishi), tez-tez almashtirib turish (har 2-3 soatda) zarur.
Tibbiy niqobni taqishdan maqsad – havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan kasalliklar tarqalishining oldini olish. Bemor niqobni kasallik manbasi bo‘lmaslik uchun ham taqishi kerak. Sog‘lom insonlar esa kasallikdan o‘zlarini muhofaza qilish uchun ham undan foydalanishlari zarur.
Bemor niqobni xonada bir o‘zi bo‘lganda taqmasligi mumkin, biroq ushbu xonaga bemorni parvarishlovchi oila a'zolari kirganida albatta niqobda bo‘lishi, xonada har 2 soatda namli tozalash ishlari o‘tkazilishi va kuniga 3-4 mahal shamollatib, toza havo kelishini ta'minlash zarur. Mana shunda xonada virusning turli sath va yuzalarda o‘tirib qolishining oldini olgan va xonada virus to‘planishidan himoyalangan bo‘lamiz.
Bemorda kasallikning og‘ir yoki yengil kechishi uning niqob taqishiga emas, balki undagi mavjud surunkali kasalliklar va ularni keltirib chiqaruvchi xavf omillarining (noto‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy nofaollik, zararli odatlarga berilganlik) mavjudligi sabab bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun bemor albatta oilaning boshqa a'zolaridan alohidalanishi, kuniga kamida 3-4 litr iliq holdagi suyulik ichishi, kuniga 5-6 mahal ovqatlanishi (bunda asosiy e'tibor suyuq ovqatlar va xom meva va sabzavotlarga qaratilishi lozim), holatiga ko‘ra jismoniy faol bo‘lishi, ayniqsa nafas mashqlarini bajarishi va to‘g‘ri parvarishlanishi juda zarur. Eng asosiysi – barcha davo muolajalari faqat shifokor tavsiyasiga muvofiq bajarilishi kerak», dedi u.
Mavzuga oid
16:31 / 16.12.2024
Ukol o‘rniga krem: qoqsholga qarshi yangi turdagi vaksina yaratildi
16:51 / 25.11.2024
Bolalarda ham qo‘llash mumkin bo‘lgan maymun chechak vaksinasi tasdiqlandi
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
20:25 / 23.10.2024