O‘zbekiston | 18:25 / 31.10.2020
66685
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Labo» elektromobili ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Uning taxminiy narxi ma'lum qilindi

O‘zbekistonda «Labo» avtomobili bazasida elektromobil yaratish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Bu haqda Kun.uz muxbiriga «O‘zavtosanoat» qoshidagi R&D markazi muhandisi Fikret Umerov ma'lum qildi. Muhandisning aytishicha, «Labo»ning elektromodeli ishlab chiqilgach, uning sarf-xarajatlari keskin kamayadi. Loyiha qiymati 780 mln so‘mni tashkil etadi.

«Bizning markaz tomonidan «UzAutoMotors» talablariga muvofiq ravishda milliy elektromobilni yaratish, avtomobillarni elektrlashtirish mo‘ljal qilib olingan.

Buning uchun birinchi bo‘lib «Labo» avtomobilini tanladik. Sababi, bu avtomobil konstruktiv nuqtai nazardan yengilroq va viloyatlarda keng ishlatilayotgan, ekspluatatsiya qilinayotgan avtomobil hisoblanadi. 

Ushbu avtomobil tannarxini tushirish uchun uning konstruksiya qismlarini maksimal darajada saqlab qolish harakatidamiz. Bu jarayonda mashinaning ichki yonuv dvigateli va uzatmalar qutisi olib tashlanadi, o‘rniga elektr dvigatel, reduktor va kontrollyor o‘rnatiladi. Kinematik sxema va uni boshqaradigan elastik boshqaruv dasturini ishlab chiqyapmiz. Shuningdek, boshqaruv matematik modelini yaratyapmiz.

«Labo» elektromobilining boshlang‘ich tannarxi 10 ming AQSh dollari atrofida bo‘ladi. Lekin bu mahalliylashtirilmagan holatida shunday. Qimmat, deyish mumkin. To‘g‘ri, chunki detallar import qilinadi. Uni keyinchalik mahalliy ishlab chiqarishga qo‘yish uchun birinchi navbatda iqlim sharoitida sinovdan o‘tkaziladi. Bu bo‘yicha O‘zbekiston standarti yaratilmagan. Buni ham o‘zimiz yaratishimiz kerak. Negaki, bizning iqlim Yevropanikidan keskin farq qiladi», dedi u.

Muhandisning so‘zlariga ko‘ra, avtomobilning bir quvvatlanishi minimal 150 kilometr, maksimal 250 kilometrgacha masofaga yetishi ko‘zda tutilgan. Quvvatlash 220 voltli tokdan bo‘lsa, 4 soatdan 8 soatgacha, quvvatlash stansiyasida esa maksimal 1 soat ketadi.

«Labo» elektromobilini yarim yil ichida yaratish ko‘zda tutilgan.

Avvalroq, Farg‘ona viloyatida 2022 yilning 1 oktyabridan narxi 3 ming dollarga to‘g‘ri keladigan elektromobillar ishlab chiqarish mo‘ljallangani xabar qilingandi

Mavzuga oid