Sport | 17:17 / 02.11.2020
21456
8 daqiqa o‘qiladi

Manjukichdan Kagavagacha. Ishsiz qolgan 10 futbolchi

Yevropa va boshqa qit'alarda transfer oynasi yakuniga yetgach, jahonning bir qator nomdor futbolchilari klubsiz qolib ketishdi. Quyida ishsiz qolib, butsasini qoziqqa ilishga yaqin kelgan futbolchilar o‘nligini keltiramiz.

Mario Manjukich, 34 yosh
So‘nggi klubi:
«Duhayl» (Qatar)

Qatarda yarim yil ham to‘p surmagan xorvatiyalik hujumchini Moskvaning «Lokomotiv» klubi o‘z safiga qo‘shib olish uchun harakat qildi. Biroq so‘nggi pallada transfer amalga oshmay qoldi. Bunga futbolchi va klub o‘rtasida moliyaviy masalalarda bir to‘xtamga kelinmagani sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng Manjukichning «Beshiktosh» klubiga o‘tishi mumkinligi borasida ham xabarlar tarqaldi, ammo turkiyaliklar tajribali futbolchiga ikki yilga 10 million yevro maosh to‘lashga rozi bo‘lishmadi.

34 yoshli Mario erkin agent sifatida Angliya Premer-ligasida faoliyat boshlashi mumkin edi, ammo u «Vest Hem» va «Aston Villa»ning moliyaviy kamtarona taklifini rad etdi. Oxir-oqibat Manjukich ishsiz qoldi.

Daniel Starrij, 31 yosh
So‘nggi klubi:
«Trabzonspor»

Yurgen Klopp qo‘l ostida «Liverpul»da o‘ynab keta olmagan Starrij o‘tgan mavsum yozida «Trabzonspor»ga o‘tgandi. Ammo mart oyida futbolchining ukasi o‘z akasining Turkiya klubida faoliyat boshlashiga pul tikkani ma'lum bo‘lgach, Starrij 4 oyga futboldan chetlatilib, 150 ming funtga jarimaga tortilgandi. Diskvalifikatsiya muddati yakunlangach, turklar ingliz forvardi bilan xayrlashishga qaror qilishdi. Natijada Starrij hech bir klubga kerak bo‘lmay qoldi va hozirgacha ishsiz qolmoqda.

Ezekel Garay, 34 yosh
So‘nggi klubi:
«Valensiya»

Garay matbuotda yillik maoshi 2,7 million yevro bo‘lgan yangi shartnomani imzolashdan bosh tortgani borasidagi xabarlarni o‘qib, «Valensiya»ni yolg‘on ma'lumotlar tarqatishda ayblagandi. Bunga javoban «Valensiya» unga bir necha marta kelishuvni uzaytirishni taklif qilgani va argentinalik himoyachi taklifni rad etgani haqida ma'lum qildi. Oxir-oqibat klub va futbolchi o‘rtasidagi shartnoma 30 iyun kuni nihoyasiga yetdi va Garay erkin agentga aylandi. Yozda himoyachiga «Inter» va «Roma» qiziqayotgani haqida xabarlar tarqalgan bo‘lsa-da, yakunda 34 yoshli futbolchi jamoasiz qolib ketdi.

Jyek Uilsher, 28 yosh
So‘nggi jamoasi:
«Vest Hem»

Bir necha yil avval «Arsenal» va Angliya futbolining asosiy yosh yulduzi hisoblangan Uilsher ushbu mavsumda «Vest Hem» zaxira o‘yinchisiga aylanib qoldi. Barcha musobaqalarda faqatgina 10 uchrashuv o‘tkazgan Jyek zaxira futbolchisi maqomiga ega bo‘lishni istamadi va oktabr oyida londonliklar bilan shartnomasini bekor qilishni ma'qul topdi. Natijalaridan ko‘ra ketma-ket jarohatlari bilan ko‘proq nom chiqargan Uilsher taklif kutish bilan ovora.

Aleshandre Pato, 31 yosh
So‘nggi klubi:
«San-Paulu»

So‘nggi bir yarim yilni vatanida, aniqrog‘i «San-Paulu» klubida o‘tkazgan Braziliya milliy jamoasi va «Milan» sobiq hujumchisi Pato «Libertadores Kubogida g‘olib chiqib, Yevropaga qaytish niyatidaman» degan bo‘lsa-da, yakunda Aleshandre sovringa erisha olmadi, avgust oyida esa san-paululiklar bilan shartnoma uzaytirilmadi. Biroq Yevropaga qaytish yana ortga surildi. Oktabr oyida Patoga Italiyaning «Jyenoa» klubi qiziqayotgani haqida xabarlar tarqaldi, ammo Genuya klubi jarohatga moyil braziliyalikni emas, o‘zbekistonlik Eldor Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib oldi.

Antonio Valensiya, 35 yosh
So‘nggi klubi:
LDU Kito

«Manchester Yunayted» zaxira o‘rindig‘ida qolib ketgan ekvadorlik futbolchi klubni tark etib, vataniga yo‘l oldi va poytaxtning LDU Kito klubi safiga kelib qo‘shildi. Valensiyaning Ekvadordagi faoliyati yomon kechmayotgandi, u doimiy ravishda maydonga tushar va jamoaning yetakchilaridan biri sanalardi. Ammo iyul oyida LDU Kito kutilmaganda Antonio bilan shartnomani uzaytirmasligini ma'lum qildi. Oqibatda 35 yoshli futbolchi jamoasiz qolib ketdi va tez orada faoliyatini yakunlashi kutilmoqda.

Mario Balotelli, 30 yosh
So‘nggi klubi:
«Breshiya»

«Supermario» hamon quvnoq va jo‘shqin hayot tarzi bilan yashab kelmoqda. U o‘zining xurmacha qiliqlarini «Breshiya»da ham davom ettirdi. Oshqozonidagi og‘riqlarni bahona qilib mashg‘ulotlardan o‘zini olib qochdi va jamoaning Zoom orqali olib boriladigan nazariy darslarida ishtirok etmadi. Uning erkaliklarini ko‘tara olmagan klub Mariodan voz kechdi. Klubni sudga berish ham Marioga foyda keltirmadi. Balotelliga «Jyenoa» qiziqish bildirgan, ammo klubdagi muhitni buzishidan xavfsiragan klub rahbariyati italiyalik hujumchini o‘z safiga qo‘shib olmadi. Natijada 30 yoshli forvard jamoasiz qoldi. 

Samir Nasri, 33 yosh
So‘nggi klubi:
«Anderlext»

Bir paytlar «Yangi Zidan» bo‘lishi taxmin qilingan Nasrining faoliyati tobora tubsizlik sari «sho‘ng‘ib bormoqda». Uning tartib-intizomi Balotellidan qolishmaydigan darajaga yetib keldi. RMC Sportga bergan intervyusida Fransiya milliy jamoasi mutasaddilarini tanish-bilishchilikda ayblagandi. So‘ng karantin qoidalarini buzgan holda Dubayga do‘stlari davrasiga yo‘l oldi va «Anderlext» bilan aloqaga chiqmaslikni ma'qul ko‘rdi. Bundan ranjigan klub u bilan hamkorlikni davom ettirmasligini bildirdi. Endi esa Samirni hech bir jamoa o‘z safiga chorlayotgani yo‘q.

Kvadvo Asamoa, 31 yosh
So‘nggi klubi:
«Inter»

Ganalik futbolchi yaqin paytlargacha «Yuventus» vingeri sifatida jonbozlik ko‘rsatardi, so‘ng «Inter»da ham doimiy tarzda maydonga tushardi. Ammo «neradzurri»ga Antonio Konte kelgach, Asamoa dastlab asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotdi, so‘ng qaydnomaga ham kiritilmaydigan bo‘ldi. Oktabr oyiga kelib futbolchi jamoasiz qolishga majbur bo‘ldi.

Shinji Kagava, 31 yosh
So‘nggi klubi:
«Saragosa»

Yaponiyalik futbolchi «Borussiya» klubida javlon urib o‘ynagan paytlar ortda qoldi. Endi esa Shinji hattoki La Ligada ham o‘ynamaydigan «Saragosa» klubiga kerak bo‘lmay qoldi. Kagavaning saragosaliklar bilan yana bir yillik shartnomasi bor edi, ammo klub uni muddatidan avval bekor qilishni lozim topdi. «Manchester Yunayted» sobiq futbolchisi klublardan taklif kutish bilan band.

Mavzuga oid