O‘zbekiston | 21:43 / 02.11.2020
4626
3 daqiqa o‘qiladi

Piyoda yo‘l qoidasini buzishi holati bir yilda 4 mingtaga ko‘paydi. Nega?

Istalgan haydovchini to‘xtatib, protokol tuzish oson. Hujjatlari yonida bo‘lmagan haydovchi jarima maydoniga olib boriladi. Ammo yo‘llarda qoida buzgan piyodalarni jarimaga tortishchi? Ularning qoidabuzarligini aniqlash ko‘proq vaqt talab etadi. Bu jarayonni osonlashtirish uchun qanday ishlar amalga oshirilyapti?

Bu borada IIV YHXBB vakillari Murod Sherliyev, Ilhom Idirov, Shuhrat Murodov va Erali Bozorov Kun.uz bilan suhbatda aytib o‘tishdi.

Darhaqiqat, yo‘l harakati qatnashchilarining asosiy qismini piyodalar tashkil etadi. Barcha sohalar kabi yo‘l harakati xavfsizligi yo‘nalishida ham keyingi yillarda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Joriy yilning 25 mayidan oldida pasporti bo‘lmagan fuqarolar haqidagi ma'lumotni aniqlash maqsadida barcha yo‘l patrul inspektorlariga planshet tarqatildi. U orqali fuqaroning ma'lumoti bazaga kiritilib, darhol uning shaxsini aniqlash imkoniyati yaratilgan. 2020 yilda o‘tgan yilgiga nisbatan piyodalar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar 4000 taga oshdi. Miqdorning oshishiga sabab sohada axborot kommunikatsiyalaridan keng foydalanilgani bo‘ldi.

Shu yerda qo‘shimcha qilib o‘tmoqchi edim, bitta piyodaning yo‘l harakati qoidacini buzganini rasmiylashtirish uchun oldin 1-2 soat yoki undan ko‘proq vaqt ketardi. Hozirda zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi natijasida ko‘p vaqt olib, fuqaroni sarson qilmasdan uning shaxsini aniqlanib, unga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish imkoniyati mavjud bo‘ldi. Shu sabab qoidabuzarlik emas, ularni aniqlash ko‘paydi deyish to‘g‘riroq, chamamda.

Yo‘l harakati qoidasini buzayotgan piyodalarga nisbatan ham ma'muriy choralarni qo‘llash imkoniyati kengaydi. Bu esa o‘z navbatida, piyodalar ishtirokidagi yo‘l transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi. Yo‘l patrul xizmati xodimlarining o‘ziga belgilangan hududda uzluksiz xizmat olib borishini ta'minlaydi, ortiqcha vaqt sarflanishi kamayadi.

Axborot texnologiyalari joriy etilishi bilan dislokatsiya tashlab ketilmasdan, shu kabi boshqa hodisalar o‘tkazib yuborilmaydi va tabiiyki, o‘sha hududda yo‘l transport hodisalari ancha kamayadi.

Bobur Akmalov

Mavzuga oid