Sport | 01:34 / 03.11.2020
17228
3 daqiqa o‘qiladi

«Bunday qo‘llab-quvvatlashni hatto AQShda ham topish qiyin» – Xaver Mendes O‘zbekistondagi MMA haqida

Aralash jang san'ati bo‘yicha taniqli mutaxassis ayni paytda AKA (American Kickboxing Academy) bosh murabbiyi hisoblanadi. U O‘zbekistonda MMA sporti uchun tashkil etilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, sportchilar va jurnalistlar savollariga javob berdi.

Xaver Mendes mashhur shogirdi – UFC'ning yengil vazndagi chempioni Habib Nurmagomedov haqida fikr bildirar ekan, uning so‘nggi jangiga tayyorgarlik ancha qiyin kechgani haqida gapirib o‘tdi.

«So‘nggi jangga tayyorlanish davomida biz juda ko‘p muammolarga duch keldik. Habib otasining vafotidan so‘ng mashg‘ulotlarga qaytishi bilan tepki kasalligiga chalindi. Ikki haftalik davolanishdan so‘ng u yana mashg‘ulotlarga qaytdi. Lekin jangga oz muddat qolganida, sparring davomida oyoq barmoqlarini sindirib oldi. Men unga jangni bekor qilishni taklif qildim, lekin u bunga ko‘nmadi; «Oyog‘im singan bo‘lsa ham aqlim butun», dedi», – dedi murabbiy jurnalistlar bilan suhbatda.

Mendes O‘zbekistonda aralash jang san'ati uchun yaratilgan shart-sharoitlarga yuqori baho berdi.

«Men bu yerda o‘zimni xuddi uydagidek his etyapman. Hozir O‘zbekiston MMA jadallik bilan rivojlanayotgan mamlakatlardan biri. Sizlarda bu sport uchun zarur barcha qulaylik va murabbiylar bor. Buning hammasi Otabek [Umarov]ning ushbu sport turi uchun qilgan mehnatlari samarasidir. Bunday imkoniyatni hatto AShQda ham topish mushkul.

Agar O‘zbekistondagi sharoit va imkoniyatlar menda bo‘lganida, hamma shogirdlarim chyempion bo‘lishardi», – dedi amerikalik mutaxassis.

Mendes oktagonda ham o‘zbekistonlik sportchilar bilan mashg‘ulot o‘tkazdi. U sportchilarni jangga tayyorlashda nafaqat ularning jismoniy holati, balki ruhiy holatiga ham katta ahamiyat berish kerakligini ta'kidladi.

«MMA sport turida ruhiy holat juda muhim. Sportchi ruhan jangga tayyor bo‘lishi kerak. Men har doim o‘z jangchilarimni kuchli jihatlariga ahamiyat bergan holda ularni ruhlantiraman va sportchilarga jangda o‘zlarining ustun jihatlaridan ko‘proq foydalanishlarini maslahat beraman», – dedi u.

Ma'lumot uchun, Xaver Mendes AKA (Amerikan Kickboxing Academy)ga 1985 yilda asos solgan. Ayni paytgacha u ushbu klub bosh murabbiyi sifatida qator UFC chempionlarini tarbiyalagan. Habib Nurmagomedov (yengil vazn), Lyuk Rokhold (o‘rta vazn), Daniel Korme (o‘rta og‘ir va og‘ir vazn), Keyn Velaskes (og‘ir vazn) kabilar shular jumlasidan.

Mavzuga oid