Sport | 18:33 / 15.08.2024
9133
2 daqiqa o‘qiladi

Habib Nurmagomedov Rossiya soliq idoralari oldidagi barcha qarzlarini yopdi - OAV

Soliq qarzlaridan qutulgani unga nisbatan ochilgan ishning yopilishini anglatadimi yoki yo‘qmi noma’lum.

Foto: Getty Images

Jangchi Habib Nurmagomedov Rossiya soliq idoralari oldidagi qarzlarini yopdi. Shot bergan ma’lumotga ko‘ra, u barcha 302 million rublni (≈44,3 mlrd so‘m) to‘lagan.

Avvalroq Habibga nisbatan ijro ishi qo‘zg‘atilgan edi. Soliq idoralari uning barcha hisob raqamlariga taqiq qo‘yib, mol-mulkini xatlagan edi. Soliq qarzlaridan qutulgani unga nisbatan ochilgan ishning yopilishini anglatadimi yoki yo‘qmi noma’lum.

Rossiyaning «Proyekt» tadqiqot nashriga ko‘ra, Nurmagomedov prezident ma’muriyati rahbariyatining Ukrainaga bostirib kirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qat’iy so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirgan. Shu tufayli unga nisbatan ta’qib boshlangan. Nurmagomedov bu xabarlarga izoh bermadi.

Habib Nurmagomedov 35 yoshda. U aralash yakkakurashlarda birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan (29 ta g‘alaba, 19 ta jangni muddatidan avval yakunlagan).

Nurmagomedov 2018 yilda irlandiyalik Konor Makgregorni mag‘lub etib, chempionlik unvonini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ularning bahsi MMA tarixidagi eng yuqori daromad keltirgan jangga aylandi (umumiy daromad 200 million dollardan oshiq).

2020 yil oktyabr oyida Nurmagomedov faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. 2022 yil iyul oyida u UFC Shon-sharaf zaliga kiritildi.

Mavzuga oid