Sport | 14:14 / 03.11.2020
17033
12 daqiqa o‘qiladi

«Real» jiddiy sinov qarshisida. YeChLda tur o‘yinlari anonsi

Chempionlar Ligasida guruh bosqichi hali avj pallaga kelgani yo‘q, ammo bir qator o‘ziga xos pley-off o‘yinlari bizni kutib turibdi. Ya'ni taqvimga ko‘ra, 3 va 4 turlarda ayni raqiblar to‘qnash kelishadi va ba'zi juftliklarda bu to‘qnashuvlar keyingi bosqich uchun haqiqiy kurashga aylanadi. Aynan ushbu o‘yinlarda muvaffaqiyat qozongan jamoalar so‘nggi turlar oldidan yaxshi vaziyatga ega bo‘lishsa, mag‘lublar deyarli imkoniyatsiz qolishadi.

Foto: David S. Bustamante/Soccrates/Getty Images

E'tiboringizga eng e'tiborli va hal qiluvchi juftliklar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar anonsini havola etiladi. Aytish mumkinki, qog‘ozda favorit sanalgan bu jamoalarning ba'zilarini bahorda bu turnirda ko‘rmaymiz.

«ReAL» – «INTeR» (4 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Bu jamoalar oxirgi marta Yevropa maydonida to‘qnash kelishganida, hali o‘tgan asr edi. Guruh bosqichida «Inter»ga g‘alaba keltirgan gollarni Roberto Badjo urgandi, deyilsa, balki yanada ko‘proq vaqt o‘tgani his qilinar...

Xullas, bu safar sal boshqacha – guruhning asosiy favoritlari sifatida tilga olingan ikki superklub juda qiyin ahvolda qoldi, shu darajadaki, agar mana shu ikki o‘yindan hech bo‘lmasa bittasida g‘alaba qozona olmasa, guruhdan chiqish masalasi yopiladi. «Inter» ikki o‘yindan 2 ochkoga ega, «Real»da esa atigi bir durang. Narigi juftlikda «Shaxtyor» va «Borussiya» kuch sinashishi va ulardan biri yaxshiroq harakat qilib, o‘zib ketishini hisobga olsak, «Inter»da ham, «Real»da ham katta bosim turganini payqash qiyin emas. 

O‘yinga madridliklar biroz yaxshiroq formada kelayotganlarini aytish mumkin. Ramos qaytdi, Azar maydonga tusha boshladi va hatto «Ueska» darvozasiga chiroyli gol ham urdi. El Klassikodagi g‘alabaga ham ko‘p bo‘lgani yo‘q – xullas, dastlabki o‘yinni o‘z maydonida o‘tkazadigan «Real» natijalarini o‘nglay boshlagan.

«Inter»da esa, aksincha – oxirgi besh o‘yinda atigi bir marta, «Jyenoa»ga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonildi, xolos. Ikki o‘yinda bir xil – 2:2 hisobi qayd etildi, qizig‘i, har ikkisida ham milanliklar so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Avgustda beshta gol urilgan «Shaxtyor» darvozasiga yo‘l topilmadi. Buning ustiga, aksariyat o‘xshamagan o‘yinlarda ham individual mahorati evaziga jamoani qutqarib kelgan Romelu Lukaku dastlabki o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkin. Lukakudan tashqari, Vesino va Sensi ham jamoaga yordam bera olishmaydi. Aleksis Sanches esa bu o‘yinga qaytishi kutilmoqda.

Mezbonlardan Karvaxal, Nacho, Odriosola va Militao kabi himoyachilar maydonga tusha olmaydi, lekin Ramosning qaytgani himoyada xotirjamlik olib kelsa kerak.

Taxminiy tarkiblar:
«ReAL»: Kurtua, Mendi, Varan, Ramos, Marselo, Kazemiro, Valverde, Kroos, Azar, Asensio, Benzema.
«INTeR»: Xandanovich, D’Ambrozio, De Vrey, Kolarov, Hakimi, Yang, Brozovich, Vidal, Barella, Perishich, Lautaro

«ATALANTA» – «LIVeRPUL» (4 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Bu juftlikda avvalgisi kabi hayot-mamot faktori yo‘q, «Liverpul» ham, «Atalanta» ham kutilgan ochkolarni olib, guruhda peshqadamlik qilmoqda. Ammo bir necha asoslarga ko‘ra, bu to‘qnashuv ham alohida e'tibor talab qiladi.

Birinchidan, Yevropaning eng hujumkor jamoasi bo‘lgan «Atalanta»ning «Liverpul»ga qarshi o‘yini, ayniqsa, inglizlarda himoya chizig‘i muammolari fonida juda qiziq bo‘ladi. Ikkinchidan, turnir nuqtayi nazaridan ham, bu duelda har ikki o‘yinda ham mag‘lub bo‘lgan jamoa katta muammo qarshisida qolishi mumkin. Chunki, narigi juftlikda «Ayaks» va guruhning yaqqol autsayderi «Myutilland» bor. Amsterdamliklar bu o‘yinlardan 6 ochko olib, 2-o‘ringa ko‘tarilib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Demak, «Atalanta» ham, «Liverpul» ham guruhda peshqadamlik qilib turishgani bilan, hali hammasi hal bo‘lgani yo‘q va ayniqsa, mana shu o‘zaro to‘qnashuvda ochkolar olish shart.

Tarkibdagi muammolarga kelsak, yuqorida aytilganidek, «Liverpul»ning himoya chizig‘ida van Deyk yo‘qligidan tashqari, Joel Matipning qaytishi ham so‘roq ostida. Ammo aytish mumkinki, APLning so‘nggi turida ushbu chiziqda yosh Natan Filips harakat qildi va juda yaxshi taassurot qoldirdi. Shuningdek, markaziy yarimhimoyachilar Nabi Keyta, Fabino, Alkantara kabilar ham Bergamodagi bahsda maydonga tusha olmasliklari mumkin.

«Atalanta»da esa Mattia Kaldara, Marten de Ron kabi futbolchilardan tashqari, ham himoyada, ham hujumda ancha samarali bo‘lgan Robin Gosens ham jamoadoshlariga yordam bera olmasligi mumkin.

Taxminiy tarkiblar:
«ATALANTA»: Sportello, Toloi, Romero, Gimsiti, Xatebur, Moxika, Froyler, Pashalich, Ilichich, Gomes, Sapata;
«LIVeRPUL»: Alison, Aleksandr-Arnold, Filips, Gomes, Roberson, Henderson, Veynaldum, Mane, Jota, Saloh, Firmino.

«BRYuGGe» – «BORUSSIYa» D (5 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

«Bryugge» kutilmaganda «Zenit» ustidan safarda g‘alaba qozondi va pley-off yo‘llanmalaridan biri uchun kurashga qo‘shildi. «Latsio» bilan durangdan so‘ng, belgiyaliklar ochkolar sonini 4taga yetkazdi va jamoa faqat to‘plar nisbati bo‘yicha 2-o‘rinda bormoqda. Guruhda shuningdek, «Zenit» ham borligini e'tiborga olsak, ushbu to‘rtlikdagi har bir o‘yin qiziqarli kechishi turgan gap. Dortmundliklar esa, aynan «Bryugge» bilan o‘yinlarda maksimal ochko olishlari va Rimdagi mag‘lubiyatning ta'sirini yo‘qotishlari kerak bo‘ladi.

«Bryugge» milliy chempionatda u qadar ishonchli o‘ynay olmayapti va uch o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilgani yo‘q. Ammo aynan shu omil jamoa Chempionlar Ligasi o‘yinlariga o‘zgacha motivatsiya bilan tushishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Dortmundliklar esa asta sekin tezlik olishmoqda – jamoa o‘sha Rimdagi mag‘lubiyatdan tashqari, so‘nggi besh o‘yinda g‘alaba qozongan va birorta ham gol o‘tkazib yuborishmagan.

Bu jamoalar ikki yil oldin ham Chempionlar Ligasi guruhida to‘qnash kelishgandi. Belgiyada o‘tgan uchrashuvda mehmonlar Pulishichning goli evaziga minimal g‘alaba qozongan bo‘lishsa, javob o‘yinida hisob ochilmagandi.

Jarohatlar borasida mezbonlarda uzoq muddatga safdan chiqqan Matej Mitrovichdan boshqa hamma safda. «Borussiya» tarkibida esa Mats Hummels maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi. Shuningdek, Zagadu, Emre Jan, Marsel Shmalser kabi himoyachilar hali to‘liq tiklanganlari yo‘q.

Taxminiy tarkiblar:
«BRYuGGe»: Minole, Mata, Kossunu, Deli, Diatta, Vormer, Rits, Vaneken, Soboi, De Keteler, Dennis
«BORUSSIYa»: Byurki, Mene, Akandji, Pishchek, Gereyru, Daud, Vitsel, Reyna, Roys, Sancho, Holand

«LeYPsIG» – «PSJ» (5 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

O‘tgan mavsumning finalchisi va yarimfinalchisi shunday ahvolda qoldiki, katta ehtimol bilan, ushbu to‘qnashuvda muvaffaqiyatsizroq harakat qilgan jamoa keyingi bosqichga chiqa olmaydi. Sababi, 100 foizlik natija ko‘rsatgan «Manchester Yunayted» parallel o‘yinlarda turklardan 6 ochko olishi va muddatidan oldin keyingi bosqichga chiqishi mumkin. Shu o‘rinda inglizlarga yirik – 0:5 hisobida yutqazgan «Leypsig»ning vaziyati biroz og‘irroq. Albatta, hali «MYu» o‘z o‘yinlarini yutmadi, kuchsizroq jamoalarga qarshi muammoga duch keladigan Sulsher shogirdlari hali ochko yo‘qotishlari ham mumkin. Lekin aynan «PSJ» va «Leypsig» duelida asosiy savollarga javob beriladi.

Parijliklar «MYu»dan o‘sha mag‘lubiyatdan so‘ng, yaxshi tomonga o‘zgarishdi va 9-0 to‘plar nisbati bilan qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba qozonishdi. «Leypsig» esa aksincha, o‘tgan haftadagi yirik mag‘lubiyatdan so‘ng, Bundesligada ham menxengladbaxliklarga yutqazib qo‘ydi va peshqadamlikni «Bavariya»ga topshirdi. Lekin «PSJ»ga qarshi o‘yinlarda o‘zgacha tayyorgarlik bo‘lishi tabiiy, zero yuqori esga olingan o‘tgan mavsumda bu raqiblar yarimfinalda duch kelishgan va «PSJ» yirik hisobda g‘alaba qozongandi (3:0). Ammo o‘sha o‘yinda ham, fransuzlar gol urguncha «Leypsig» juda yaxshi o‘yin namoyish qilib turgan.

Buning ustiga tarkiblar borasida «PSJ»da muammolar ko‘p. Bu yo‘qotishar Fransiya chempionatida bir tekisda borishda xalaqit bermasligi mumkin, ammo kuchli raqiblarga qarshi bo‘y ko‘rsatadi. Neymardan tashqari, Ikardi, Draksler, Bernat, Paredes, Veratti kabi futbolchilar hali to‘liq tiklanib, safga qaytishgani yo‘q. Mezbonlardan esa, Laymer, Xartman va Klostermannda jarohat bor. Nordi Mukiyele esa, tiklanib, mashg‘ulotlarga qaytdi. 

Taxminiy tarkiblar:
«LeYPsIG»: Gulachi, Anxelino, Upamekano, Konate, Xenriks, Samarjich, Kampl, Zabitser, Olmo, Forsberg, Poulsen
«PSJ»: Navas, Kurzava, Kimpembe, Pereyra, Florensi, Markinos, Errera, Di Mariya, Sarabiya, Rafinya, Mbappe, Kin

3-tur. BARChA O‘YINLAR:
3 noyabr.
A guruhi
«Lokomotiv» – «Atletiko» (22:55), «Zalsburg» – «Bavariya» (4 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

 

V guruhi
«Shaxtyor» – «Borussiya» M (22:55), «Real» – «Inter» (4 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

 

S guruhi
«Portu» – «Marsel», «Manchester Siti» – «Olimpiakos» (4 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

D guruhi
«Atalanta» – «Liverpul», «Midtyullann» – «Ayaks» (4 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

4 noyabr
Ye guruhi
«Chelsi» – «Renn», «Sevilya» – «Krasnodar» (5 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

F guruhi
«Zenit» –Latsio» (22:55), «Atalanta» – «Liverpul» (5 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

G guruhi
«Barselona» – «Dinamo» K, «Ferensvarosh» – «Yuventus» (5 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

N guruhi
«Istanbul» – «Manchester Yunayted» (22:55), «Leypsig» – «PSJ» (5 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00).

 

Mavzuga oid