«Biz raqibmiz, dushman emas» – Bayden millatga murojaat qildi
AQSh prezidentligiga nomzod demokratlar vakili Jo Bayden amerikaliklarga murojaat qildi. Uning murojaati aynan millatga bo‘ldi, tarafdorlariga emas. Bu esa Baydenning saylovda g‘alabasi tobora yaqinligidan dalolat.
«Hozircha g‘alabani e'lon qilolmaymiz, biroq raqamlar bizning g‘alaba shubhasiz ekanini ko‘rsatmoqda. Biz saylovlarni yutamiz. Kechadan buyon holat qanday o‘zgarganiga e'tibor bering: 24 soat oldin Jorjiyada ortda borayotgandik, hozir esa u yerda g‘olib bo‘lishga yaqinmiz. Pensilvaniyada ham orqada edik va hozir oldinga chiqib oldik. Nevada va Arizonada oldindamiz, Nevadada farqni ikki baravar oshirdik. Biz 300 dan ortiq ovoz olishni mo‘ljallayapmiz. Mamlakatda muammolar ko‘p va hozir siyosiy janjal vaqti emas. Biz raqib bo‘lishimiz mumkin, lekin dushman emas», dedi Bayden.
Demokratlar vakili o‘z nutqida barcha amerikaliklarning prezidenti bo‘lishini aytdi. U Tramp ismini faqat bir marta – undan o‘zib ketganini aytish uchun tilga oldi.
Associated Press ma'lumotiga ko‘ra, Bayden 264 ta ovoz bilan prezidentlik poygasida yetakchilik qilmoqda. Donald Trampda esa 214 ta ovoz bor. G‘alaba uchun Baydenga yana 6 ta ovoz kerak va Nevadadagi g‘alaba bu uchun yetarli bo‘ladi. Biroq Bayden Jorjiya va Pensilvaniyada ham Trampdan o‘zib ketdi. O‘z navbatida amaldagi prezident Donald Tramp mag‘lubiyatini tan olmasligini aytdi. Uning huquqshunoslari allaqachon saylovda ovozlar soxtalashtirilgani bo‘yicha bir nechta arizalarni sudga kiritgan.
Mavzuga oid
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024
American Airlines aviakompaniyasi AQShga barcha reyslarni to‘xtatdi
17:40 / 24.12.2024
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
17:05 / 24.12.2024