O‘zbekiston | 07:50 / 12.11.2020
17094
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mehnat daftarchasi: tarixi, buguni va muammolar

Bugungi kunda qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalari amaliyoti faqatgina MDH davlatlarida saqlanib qolgan. Mehnat daftarchalari Rossiyada 1918 yildan tajriba tariqasida joriy etilgan, 1939 yildan majburiy qilib qo‘yilgandi. Mehnat daftarchasi bo‘lmagan fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlariga kartochka va boshqa imtiyozlar taqdim etilmaganligi uchun barcha sobiq SSSR fuqarolari o‘tgan asrda ommaviy tarzda mehnat daftarchalariga o‘tishgan. Shuning uchun ham barcha MDH davlatlarida hanuzgacha mehnat daftarchalaridan foydalanish odat tusiga kirgan.

Ko‘plab g‘arb davlatlarida jumladan, AQShda mehnat faoliyatining hisobini yuritadigan maxsus elektron tizimlar mavjud emas. Ish beruvchilar nomzodlardan buning o‘rniga rezyume, diplom, oldingi ish joyidan tavsiyanoma talab qilishadi. Agar taqdim etilgan hujjatlardan shubhalanishsa nomzod hujjatlari bilan korxonaning ichki xavfsizlik xizmati xodimlari shug‘ullanishadi. Germaniya, Italiya, Avstriya va Fransiya davlatlarida mehnat daftarchasining analogi mehnat kartochkalari ishlatiladi. Buning mehnat daftarchasidan farqi shuki kartochkani nomzod ish beruvchiga o‘z xohishiga ko‘ra taqdim etadi.

Yaqin tarixda ko‘plab G‘arbiy Yevropa davlatlarida ham mehnat daftarchasi amaliyoti mavjud bo‘lgan va majburiy bo‘lgan. Mazkur daftarchalarga birinchi bo‘lib Napoleon davrida, xususan Fransiyada XIX asr boshlarida asos solingan. Keyinchalik 1832 yildan Daniyada, 1892 yildan Germanida qo‘llanila boshlangan. Mehnat daftarchalari ishchi qatlamni burjua qatlamiga qaramligini kuchaytirib yubordi va va mehnat daftarchalarini bekor qilish XIX oxirlariga kelib G‘arbiy Yevropa davlatlaridagi burjua inqilobining asosiy shiorlaridan biriga aylandi.

Ispaniyada barcha xodimlarning ishga yollanishi va bo‘shatilishi, shuningdek soliq to‘lovlarining hisobini yuritish imkonini beradigan Vida Laboral (mehnat faoliyati) deb nomlangan elektron tizim mavjud. Bunda barcha ma'lumotlar Mehnat vazirligi va Ijtimoiy sug‘urtalash fondi tomonidan verifikatsiyalanadi.

MDH davlatlari orasidan birinchi bo‘lib Ozarboyjonda 2014 yildan mehnat faoliyatini nazorat qilish uchun mo‘ljallangan “Elektronnaya trudovaya deyatelnost” elektron tizimga o‘tildi. Moldova Respublikasida 2019 yildan mehnat daftarchalari bekor qilindi.

2020 yil 1 yanvardan quyidagi MDH davlatlarida qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalari bekor qilindi va mehnat faoliyatini nazorat qilishning elektron tizimiga o‘tildi:

Davlat nomi Dastur nomi
Rossiya Federatsiyasi Elektronnaya trudovaya knijka
O‘zbekiston Yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiy-apparat kompleksi
Qozog‘iston Trudovaya deyatelnost
Belorusiya Elektronnaya trudovaya deyatelnost

O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda mehnat va ijtimoiy ta'minot sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish va ularning mehnat stajini hisoblash mexanizmini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 oktyabrdagi Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4502-sonli qaroriga muvofiq “Yagona milliy mehnat tizimi” (YaMMT) idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (IDAK) joriy etildi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida YaMMT IDAKni boshqarish direksiyasi tashkil etildi.

Ushbu qaror bilan 2020 yil 1 yanvardan boshlab yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, ularni tugatish holatlarini YaMMT IDAKda majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etildi. Bunda 2020 yil 1 yanvarga qadar tuzilgan amaldagi mehnat shartnomalari 2020 yil 1 sentyabrdan kechiktirmasdan YaMMT IDAKda ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart etib ko‘yildi. Shuningdek, 2020 yil 1 yanvardan boshlab, ro‘yxatdan o‘tkaziladigan mehnat shartnomalaridagi ma'lumotlar asosida YaMMT IDAKda avtomatik tarzda shakllantiriladigan xodimning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga oluvchi elektron mehnat daftari joriy etildi.

Mavjud ma'lumotlar tahliliga ko‘ra amaliyotda ushbu tizim bilan bog‘liq quyidagi muammo va kamchiliklar kuzatilmoqda:

Birinchidan, amaldagi Mehnat kodeksining 80-moddasi (ishga qabul qilish vaqtida talab qilinadigan hujjatlar)ga asosan ishga qabul qilishda nomzod qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchasini ish beruvchiga taqdim etishi zarur. Bunda elektron mehnat daftari bilan ish yuritish tartibini belgilaydigan normalar kiritilmagan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998 yil 29 yanvarda 402-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaga ham tegishli tuzatishlar kiritilmaganligi uchun kadrlar xizmati xodimlarida tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda;

Ikkinchidan, pensiyani rasmiylashtirish va hisoblash uchun zarur mehnat stajiga kiritiladigan harbiy xizmat va oliy ta'lim muassasalaridagi o‘qish vaqti to‘g‘risidagi ma'lumotlarni YaMMTga kiritish nazarda tutilmaganligi bois kadrlar xizmati xodimlari tegishli qiyinchiliklarga duch kelmoqda;

Uchinchidan, yagona ta'sischi bo‘lgan, o‘zini direktor lavozimiga tayinlaydigan va buyruqqa asosan ishga kirishadigan xususiy korxonalar direktorlarini YaMMTga qanday kiritish mumkinligi nazarda tutilmaganligi sababli ayrim korxonalar tizimga tegishli ma'lumotlarni kiritishda muammolarga duch kelmoqda;

To‘rtinchidan, hozirda YaMMTda yillik mehnat ta'tili (dekret)ga chiqqan xodimning ish joyi (bunda xodim ham, ish beruvchi ham mehnat shartnomasini bekor qilishni nazarda tutmagan bo‘lsa) bo‘sh ish o‘rni sifatida aks ettirilmoqda. Natijada bandlikka ko‘maklashish markazi bo‘sh ish o‘rniga nomzodni yubormoqda.

Beshinchidan, tizimda mehnatga layoqatsizlik varaqchalari (bolnichnyy list)ga haq to‘lashda umumiy mehnat stajini qanday hisobga olish kerakligi nazarda tutilmaganligi amaliyotda xodimga ish haqi hisoblab chiqishda muammolarni yuzaga keltirmoqda;

Oltinchidan, qonunchilikda YaMMTga axborot kiritish reglamentini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik nazarda tutilmaganligi uchun ko‘p ish beruvchilar ushbu jarayonga hozircha kirishmayotganliklari hamda ayrim xodimlar tomonidan tizimga o‘zlari haqida qasddan ishonchsiz(yolg‘on) ma'lumotlarni kiritish holatlari kuzatilmoqda, shuningdek nomzodlarning o‘zlari haqidagi axborotlarni ma'lumotlar bazasiga kiritishda ilgari ishlagan joylaridan salbiy sabablarga ko‘ra bo‘shatilganligini qasddan yashirish ehtimoli yuzaga keladi;

Yettinchidan, doimiy va sifatli internet tarmog‘iga ega bo‘lmagan chekka tuman va qishloqlarda ushbu dasturiy komleksni tatbiq etishda muammolar yuzaga kelmoqda.

Yuqoridagi muammo va kamchiliklardan kelib chiqib YaMMT IDAK tizimini yanada takomillashtirish uchun quyidagilarni amalga oshirish zarur:

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining mehnat daftarchalari bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan 80,81,108-moddalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish hamda “Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi 1998 yil 29 yanvarda 402-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yo‘riqnomani bekor qilib, o‘rniga yangi yo‘riqnoma ishlab chiqish;

Ikkinchidan, YaMMT IDAK tizimini quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar bilan takomillashtirish:

  • tizimga xodimning mehnat stajiga kiritiladigan harbiy xizmat va oliy ta'lim muassasalaridagi o‘qish davri to‘g‘risidagi ma'lumotlarni qo‘shish;
  • yagona ta'sischi bo‘lgan, o‘zini direktor lavozimiga tayinlaydigan xodimlar haqidagi axborotlarni kiritish;
  • yillik mehnat ta'tili (dekret) ga chiqqan xodimning ish joyini band qilib ko‘rsatishini ta'minlaydigan imkoniyat qo‘shish;
  • umumiy mehnat stajini hisoblashda mehnatga layoqatsizlik varaqchalari (bolnichnyy list)ni ham qo‘shib hisoblash mexanizmini ishlab chiqish;

Uchinchidan, YaMMT IDAK dasturining mobil ilovasini ishlab chiqish.

Xulosa qilib aytganda, YaMMT IDAK takomillashtirilishi bilan mehnat sohasida tashkilotning vazifalari soddalashtiriladi: ish beruvchilarning qog‘oz shaklida mehnat daftarchalarini sotib olish, yuritish va saqlashga doir xarajatlari minimallashtiriladi, bundan tashqari sohada ilm-texnika taraqqiyotini yuksaltirish imkoniyati yaratiladi. Ayni paytda vazirlik huzuridagi direksiya vakolatli organlar bilan yuqorida ta'kidlangan kamchiliklar ustida ishlashi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid