Jahon | 16:33 / 20.11.2020
4457
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya 2030 yildan benzin va dizelda yuruvchi mashinalar savdosini taqiqlaydi

Britaniya bosh vaziri ma'muriyati rasmiy saytida yozilishicha, hukumatning 10 bandli «Yashil sanoat inqilobi» rejasi doirasida 2030 yildan boshlab benzin va dizel yoqilg‘isida harakatlanuvchi transport vositalari savdosi taqiqlanadi.

Foto: KUN.UZ

Bayonotda 2030 yilgacha shamol energiyasidan olinadigan energiyani 4 baravar ko‘paytirish rejalashtirilgani va faqatgina shu sohada 60 ming yangi ish o‘rni yaratilishi ta'kidlangan.

Xabarga ko‘ra, vodoroddan olinadigan energiya quvvati 2030 yilga kelib 5 gigavattga yetishi kutilmoqda. Shuningdek, atom energiyasining toza energiya manbai sifatida qo‘llab-quvvatlanishi aytilgan. Britaniya katta atom elektr stansiyalaridan tashqari, rivojlangan kichik AESlarni qurish orqali bu sohada jami 10 ming kishini ish bilan ta'minlamoqchi.

Qirollikning «yashillashtirish loyihasiga» ko‘ra, elektrda harakatlanuvchi transport vositalarini sotib olish uchun imtiyozlar beriladi, ularni quvvatlovchi shoxobchalar soni ko‘paytiriladi. Mamlakatda jamoat transportida, velosipedda va piyoda yurish rag‘batlantiriladi. Keyingi bosqichda esa uglerod chiqarmaydigan samolyotlar va kemalar ishlab chiqarish bo‘yicha tadqiqot ishlari qo‘llab-quvvatlanadi.

Reja doirasida uylar, maktablar va shifoxonalar energiya tejamkor qilib quriladi, uglerod chiqindilarini yo‘q qilish bo‘yicha texnologik harakatlar jadallashtiriladi. Har yili 30 ming gektar yerni o‘rmonlashtirish va Londonning moliyaviy markazi London Sitini yashil moliya markaziga aylantirish ishlari boshlanadi.

Mavzuga oid