Iqtisodiyot | 19:57 / 21.11.2020
19223
6 daqiqa o‘qiladi

Hukumat yevrobond orqali jalb etilgan qarz mablag‘larni qanday sarflaydi?

Hukumat 20 noyabr kuni ikkinchi marta yevrobondlarni jahon moliya bozoriga omadli joylashtirdi. Moliya vazirligi tomonidan 10 yillik muddat bilan 555 million AQSh dollari va 3 yillik 2 trillion so‘mlik yevrobondlar London fond birjasiga joylashtirildi.

Boshlang‘ich stavkalar mos ravishda 4,25 foiz atrofida va 15,25 foiz atrofida edi, cavdo yakunlari bo‘yicha, dollarda jalb etilgan yevrobond uchun 3,7 foiz kupon hamda so‘mdagi mablag‘lar uchun 14,5 foiz kupon belgilandi.

Yevrobond nima?

Soddaroq aytganda bu qarz jalb etish uchun moliya bozorida ishlatiladigan instrument hisoblanadi. Birinchi marta O‘zbekiston hukumati 1 milliard dollarga teng qiymatli suveren yevrobondlarni 2019 yil fevralda muomalaga kiritgandi. Bunda yevrobond mamlakatni dunyoga tanitish vositasi, investitsion loyihalarni moliyalash manbasi, barqaror iqtisodiy siyosat yuritish uchun zamin sifatida ko‘rilgan.

Nega yevrobondlar moliya bozoriga yana joylashtirildi?

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, suveren yevrobond orqali yangi jalb etilayotgan qarz mablag‘lar 2020 va 2021 yilda kutilayotgan davlat budjeti taqchilligini qoplash uchun sarflanadi.

«747,5 million dollar atrofidagi mablag‘ budjet taqchilligini yopish bo‘yicha hisob-kitoblarimizga to‘g‘ri keladi», — dedi u.  

Moliyachi ekspert Abdulla Abduqodirovga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatining qarori kutilmaganda yangradi.

Abdulla Abduqodirov

«Negaki, xalqaro moliya bozorida bir nechta mavhumliklar mavjud: COVID-19 pandemiyasining oqibatlari va uning iqtisodiyotga bo‘lgan ta'siri haqida aniqlik mavjud emas. Shuningdek, AQShda bo‘lgan prezidentlik saylovi natijasi rasman tasdiqlanmagan», — dedi u.

Abduqodirovning aytishicha, mamlakat moliya vazirligi tomonidan milliy valutada suveren obligatsiyalarni joylashtirish katta ahamiyat kasb etadi.  

«Erishilgan yutuq shundaki, investorlar o‘zbek so‘miga pul tikdi. Demak, ular O‘zbekiston iqtisodiyotiga, iqtisodiy siyosatiga, o‘zbek so‘mi almashuv kursining stabilligiga, eksport va import salohiyati balandligiga va boshqa bir necha omillarga ishonishadi. Bu ishonch meni hayratda qoldiradi, lekin faktni tan olish kerak. Pul tikkan investorlar bundan buyog‘iga iqtisodiyotimiz sha'niga faqat yaxshi duolarni o‘qib o‘tirishadi», — deya munosabat bildirdi moliyachi.  

Yevrobondning ikkinchi transhi nega so‘mda amalga oshirildi?

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqovga ko‘ra, hukumat ushbu qarorni obdon o‘ylab ko‘rib, siyosat olib borgan.

Odilbek Isoqov

«Investorlar tomonidan so‘m qabul qilinishi uchun birinchi xalqaro obligatsiyalar chiqarilgandan buyon ish olib borilgan. Doimo investorlar bilan ishlab, ularga har oy ma'lumotlar taqdim etish orqali ularning o‘zbek so‘miga ishonchini oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Nega ikkinchi transh o‘zbek so‘mida amalga oshirildi? Chunki har bir davlatning qarz portfelida milliy valuta ulushi baland bo‘lishi kerak. Bu valuta xatarlarini kamaytirish bilan ifodalanadi. Masalan, milliy valutaga nisbatan xorijiy valuta kursining oshib ketishi qarzlar bo‘yicha xarajatlarning oshib ketishiga ham sabab bo‘ladi. Shu tufayli, bu xorijiy moliya bozoridan o‘zbek so‘mida ko‘proq qarz jalb etish uchun birinchi qadam bo‘ldi», — deya qayd etdi Isoqov.

Moliyachi Otabek Bakirovning yozishicha, bozordagi hozirgi holatdan va investorlarning riskka kirishi ehtiyotkorligi baribir yuqoriligicha qolayotganidan kelib chiqilsa, joylashtiruvni juda muvaffaqiyatli o‘tgan, deb atash mumkin.

«Umid shuki, yevroobligatsiyalar joylashtiruvidan tushgan mablag‘lar budjet xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladimi yoki tanlangan loyihalarni moliyalashtirishgami, yuqori darajadagi dissiplina va samaradorlikka alohida e'tibor qaratiladi», — deb yozgan u.

Yevrobondlardan tushgan mablag‘lar qayerga sarflanadi?

Odilbek Isoqovga ko‘ra, avvalo qarz mablag‘lar davlat budjeti taqchilligini yopish uchun sarflanadi. Shuningdek, so‘mda jalb etilgan pullar BMT barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida belgilangan loyihalarga sarflanadi.

«15ta yangi maktab, 3ta yangi shifoxona, 200 kmdan oshiq ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini barpo etish, 300 kmga yaqin avtomobil yo‘llarini qurish (ayniqsa Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida), undan tashqari, ayollar va nogironligi mavjud ayollarga moliyaviy ko‘mak berishni nazarda tutuvchi dasturlarni moliyalash va shu kabi maqsadlarga 2 trillion so‘m ishlatiladi», — deydi Odilbek Isoqov.

Moliya vaziri o‘rinbosarining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, dollarda jalb etilgan mablag‘larning barchasi davlat budjeti taqchilligini yopish hamda ipoteka loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida banklarga joylashtiriladi.

Alisher Ro‘zioxunov
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid