Jahon | 14:53 / 23.11.2020
4297
2 daqiqa o‘qiladi

Husiychilar Saudi Aramco'ga raketa hujum amalga oshirilganini ma'lum qilishdi

Foto: EPA

Dunyodagi eng boy kompaniya Saudi Aramco'ning neft omborlariga raketa hujumi amalga oshirilgani aytildi. Ma'lum bo‘lishicha, omborlarga «Quds-2» raketalari bilan hujum qilingan. Bu haqda «Ansarulloh» isyonchi husiylar armiyasi vakili Yahyo Seri tvitterda yozgan.

Hujum Saudiya Arabistoni milliy neft kompaniyasining Jiddadagi neft tarqatish stansiyasiga amalga oshirilgan. Ma'lum bo‘lishicha, husiylar «Quds-2» raketalaridan yaqinda foydalanishni boshlagan.

Foto: Twitter

Yahyo Seri, shuningdek, husiylar Saudiya Arabistoni hududiga keng ko‘lamli zarbalar berish rejalari haqida e'lon qilganini eslatib, saudiyaliklarni neft obektlari hududiga yaqinlashmaslikka chaqirgan.

Saudiya Arabistoni hukumati Yamanning zarbasi bo‘yicha hozircha hech qanday ma'lumot bermagan. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi aytiladigan «Ansarulloh» harakati mamlakat g‘arbidagi keng hududlarni, shu jumladan, poytaxt Sanoni ham nazorat qiladi. Hukumat kuchlari Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi ko‘magida husiylarga qarshi 2015 yil martidan beri kurashib keladi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning o‘zida 412 milliard dollardan ortiq sof foyda qilgan Saudi Aramco milliy neft kompaniyasi Saudiya budjetining 80 foizdan ortig‘ini beradi.

Mavzuga oid