Jahon | 17:35 / 21.09.2023
21653
6 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bo‘ylab yana yoppasiga raketa hujumlari amalga oshirildi

21 sentabr tongida Kiyev, Cherkasi, Xarkiv shaharlari, shuningdek, Lviv, Xmelnitskiy va Rivne oblastlarida portlashlar ro‘y berdi. Ukraina qurolli kuchlari yoppasiga raketa hujumi haqida xabar bergan.

Kiyevda nisbatan eng jiddiy vayrongarchiliklar Darnitskiy rayonida kuzatilgan, ammo qurbonlar yo‘q

Ukraina havo kuchlarining tongda bergan hisobotiga ko‘ra, zarbalarning birinchi to‘lqini soat taxminan 3:40 da boshlangan, bu zarbalar samolyotlardan X-101/X-555/X-55 qanotli raketalarini yo‘llash orqali berilgan.

Hisobotda aytilishicha, Saratov oblastidagi Engels aerodromidan havoga ko‘tarilgan strategik aviatsiyaning Tu-95MS rusumli samolyotlaridan jami 43 ta qanotli raketa uchirilgani qayd etilgan.

«Raketalar bir necha to‘lqinda yuborildi. Ular Ukraina havo kengliklariga turli yo‘nalishlarda kirib, doimiy ravishda kursni o‘zgartirib turishdi», — deyilgan Ukraina QK havo kuchlari bayonotida.

Ukrain harbiylari tasdiqlashicha, 43 raketadan 36 tasini urib tushirishga muvaffaq bo‘lingan.

Kiyev

Kiyev shahri Darnitskiy rayoni ma’muriyati raketa parchalari tushishi oqibatida shikastlangan uylar va avtomobillar aks etgan suratlarni namoyish etgan

Kiyev harbiy ma’muriyati tongdayoq shaharga strategik aviatsiyaning Tu-95MS rusumli 10 ta samolyoti hujum qilgani, ulardan X-101/555/55 tipidagi qanotli raketalar uchirilgani, «dushmanning 20 dan ortiq nishoni yo‘q qilingani» haqida xabar bergandi.

Raketa parchalari Ukraina poytaxtining kamida uchta rayonida aniqlangan. Shevchenkove rayonida raketa parchalari gaz quvuriga shikast yetkazgan, Darnitskiyda — turar va noturar joylar ustiga utshib, sezilarli darajada shikast yetkazgan. Shuningdek, Golosiyiv rayonida qutqaruvchilarni chaqirishgan.

Shahar ma’muriyatiga ko‘ra, hujum vaqtida yetti kishi, jumladan to‘qqiz yoshli qizcha jarohat olgan.

Tongda Kiyevda takroran havo trevogasi e’lon qilingan — Chernihiv oblasti tomondan raketalar guruhi uchib kelgan. Poytaxtda uchinchi to‘lqin kuzatilmagan.

Cherkasi

Cherkasida raketa hujumi oqibatida mehmonxona binosi vayron bo‘lib, 10 kishi jarohat olgan

Cherkasida raketa parchalari shahar markazidagi ijtimoiy infratuzilmalar obektiga tushgan, deya xabar bergan oblast harbiy ma’muriyati rahbari Igor Taburets.

Ukraina IIV rahbari Igor Klimenkoning aniqlik kiritishicha, Cherkasida raketa zarbasi oqibatida mehmonxona binosi vayron bo‘lgan.

Bu yerda yong‘in boshlangan, bozordagi savdo pavilonlari ham yonib ketgan. 10 kishi jarohatlangan, bir kishini xarobalar ostidan chiqarib olishgan.

Taburetsning so‘zlariga ko‘ra, mehmonxonada jami 23 kishi bo‘lgan va xarobalar ostida yana odamlar qolgan bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, mehmonxonaga raketaning jangovar qismi tushgan va binoning ikkinchi qavatdan beshinchi qavatgacha bo‘lgan qismi vayron bo‘lgan.

Cherkasida raketa zarbasi oqibatlari

Boshqa shaharlar

Soat 6:00 atrofida Xarkivda ham kamida oltita portlash sodir bo‘lgan. Ukraina ichki ishlar vaziri Klimenkoning ma’lum qilishicha, bu shaharda hujum oqibatida omborxona binosi vayron bo‘lgan.

Gubernator Oleg Sinegubovning aniqlik kiritishicha, zarba oltita raketa bilan yo‘llangan — katta ehtimol bilan, S-300 kompleksidan. Ukraina QK havo kuchlari bugungi hujumlarda shu raketa kompleksi ham qo‘llanganini xabar qilgan. Hujum oqibatida ikki kishi jarohatlangan.

Ichki ishlar vaziri dushman Lviv oblastida sanoat zonasiga zarba berganini, bu yerda vayrongarchilik va yong‘in kuzatilganini xabar qilgan.

«Havo hujumidan mudofaa kuchlari bugun biz tomon uchib kelgan to‘rtta qanotli raketani urib tushirdi, — degan Lviv meri Andriy Sadovoy. — Ham shahardagi, ham oblast hududidagi obektlar nishonga olingan».

Lviv oblastining Drohobich shahrida soat 6:25 da sanoat obektiga ikki zarba kelib tushgan, sex yonib ketgan, uch qavatli omborxona vayron bo‘lgan. Yana bir raketa zarbasi ikki qavatli xususiy omborxonaga kelib tushgan, bu yerda ham yong‘in chiqqan. Drohobichda neftni qayta ishlovchi zavod bor.

Shuningdek, Rivne oblastida «zarba kelib tushishi va shikastlanishlar» qayd etilgan, deya xabar bergan Ukraina IIV rahbari. 

Rossiya raketa zarbasi shahardagi texnik xizmat ko‘rsatish stansiyasi hududiga kelib tushgan, natijada 100 kvadrat metr maydonda yong‘in chiqqan. Olov beshta avtomobilni yo‘q qilgan, yana uchta mashina va ikki bino shikastlangan. Jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.

Governor of Rivne Regional Military-Civil Administration Vitalii Koval / Reuters / Scanpix / LETA

Ertalabki soat sakkizda ham yoppasiga hujum yakunlanmagandi. Ukraina QK havo kuchlari xabar berishicha, bu vaqtda kamida bitta qanotli raketa Chernivsi va Ivano-Frankivsk oblastlari yo‘nalishida harakatlanayotgandi. Soat 8:42 da nihoyat havo trevogasi bekor qilingani e’lon qilindi.

Rossiya Ukraina bo‘ylab ertalabki raketa zarbalari yuzasidan izoh bermadi. «G‘alla kelishuvi» bekor qilingan yoz o‘rtalaridan buyon Moskva tunda dronlar orqali asosan Odessa oblastiga hujumlar uyushtirayotgandi. Ukrainaning boshqa regionlariga ham ahyon-ahyonda raketa uchirib turilgandi.

Bir kun oldin Ukraina QK havo kuchlari tun davomida 17 ta kamikadze dron urib tushirilgani, dronlardan biri Kremenchug shahridagi neftni qayta ishlovchi zavodga kelib urilgandi.

Mavzuga oid