O‘zbekiston | 14:26 / 26.11.2020
9558
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi «G‘alaba bog‘i» haykaltaroshlariga qariyb 5,5 mlrd so‘m gonorar to‘lab berilgani ma'lum qilindi

Toshkent shahrining Olmazor tumanida barpo etilgan «G‘alaba bog‘i» majmuasida ijodiy ishlar yaratgan haykaltaroshlar uchun to‘langan gonorarlar to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, 2019 yil sentabr oyida Toshkent shahar, Olmazor tumanida «G‘alaba bog‘i» majmuasining qurilish ishlari olib borilgan. Bu borada xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish maqsadida majmuaning bosh pudratchisi hisoblangan «Trest 12» aksiyadorlik jamiyati tomonidan haykaltaroshlar  — Y.Boqiyev, U.Asrorov, J.Annazarov va B.Norboyevlar Xitoyga malaka oshirish uchun yuborilgan.

Haykaltaroshlar tomonidan majmuada «Terakzor» favvorasi, «Shon-sharaf gulchambari» barelefi, «G‘alaba» kompozitsiyasi, Ikkinchi jahon urushi mavzusidagi barelef, «Yugurayotgan askar», 101 figuradan iborat «Konslager», «Asrab olingan 200 000 bola», 2 figurali «Musiqachi soldatlar», 5 figurali «Yugurayotgan bolalar» favvorasi, «Okop 1» va «Okop 2», «Front orti», «Uchrashuv», «Kuzatish», «Urush» deb nomlangan bareleflar, «Ikkinchi jahon urushining 14 qahramoni», «Mevalar, non, samolyotlar» deb nomlangan bareleflar, «Zulfiya Zokirova va uning kelinlari» kompozitsiyasi kabi ijodiy ishlar yaratilgan.

2020 yilning 27 mayida hukumatning tegishli farmoyishi bilan tashkil etilgan baholovchi guruh tomonidan majmuada yaratilgan ijodiy ishlar va badiiy yodgorliklarning 6 nafar muallifiga to‘lanadigan jami 5 milliard 459 million so‘m mualliflik haqlari (gonorarlar) belgilangan va 2020 yil 29 mayda haykaltaroshlar B.Norboyev 1 233,1 million so‘m hamda M. Borodinaga 481,3 million so‘m mualliflik haqi (gonorar) va ish haqi to‘liq to‘lab berilgan.

M.Safaryan, Y.Boqiyev, U.Asrorov, J.Annazarovlarga mualliflik haqlarini to‘lash uchun o‘z vaqtida zaruriy hujjatlar taqdim etilmaganligi sababli «Trest 12» jamiyati tomonidan ushbu gonorarlarni to‘lash imkoniyati bo‘lmagan.

«Koronavirus pandemiyasi davrida karantin joriy qilinishi munosabati bilan barcha tashkilotlar kabi «Trest 12» jamiyatida ham moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelgan. Shuni inobatga olgan holda 2020 yil 19 noyabrda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisi bayoni tasdiqlanib, 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida majmuada bajarilgan ishlar uchun «Trest 12» jamiyatiga qo‘shimcha mablag‘lar ajratildi va ushbu mablag‘lar hisobidan 2020 yil 20 noyabr kuni barcha hujjatlar taqdim qilingandan so‘ng haykaltaroshlar M. Safaryan, Y. Boqiyev, U. Asrorov, J. Annazarovlarga jami 3 mlrd 684 mln so‘m mualliflik haqlari (gonorar) to‘liq to‘lab berildi. Bugungi kunda majmuada amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha haykaltaroshlardan qarzdorlik qolmadi», – deyiladi «Trest 12» AJ ma'muriyati xabarida.

Mavzuga oid