Jahon | 10:22 / 26.11.2020
6158
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp sobiq maslahatchisi Maykl Flinni afv etdi

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi, Rossiya bilan aloqalar bo‘yicha FQBga yolg‘on axborot berganlikda ayblangan Maykl Flinni afv etdi.

“Men uchun general Maykl Flinn afv etilganini e'lon qilish katta sharaf. Uni va oilasini bu bilan tabriklayman. Bilaman, endi siz Shukronalik kunini ajoyib nishonlaysiz”, deb yozgan Tramp tvitterda.

Tramp avvalroq Flinni afv etishi mumkinligidan ogohlantirgan. U sobiq maslahatchisini aybdor deb hisoblamasligini aytgan va sud hokimiyatining Flinnga nisbatan munosabatidan achchiqlangan.

Demokratlar Trampning Flinni afv etish qarorini qoralashmoqda. Jumladan, AQSh kongressi vakillar palatasining razvedka bo‘yicha qo‘mitasi raisi Adam Shiff amaldagi prezidentni o‘zining afv etish huquqini suiiste'mol qilishda ayblagan. Vakillar palatasining yuridik qo‘mitasi raisi Jyerrold Nadler esa prezidentning qarorini “o‘rinsiz, tuturiqsiz va prezident Trampning tobora kichrayib borayotgani merosidagi yana bir dog‘” deb atagan.

Avvalroq Axios nashri vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, Tramp yaqin atrofidagi odamlar bilan Flinni afv etish rejasini muhokama qilganini ma'lum qilgan. Ta'kidlanishicha, ushbu afv Tramp prezident lavozimini tark etishidan oldin amalga oshirmoqchi bo‘layotgan bir qator afvlarning bir qismi hisoblanadi.   

Amaldagi prezidentning tarafdorlari esa Flinni sobiq prezident Barak Obama ma'muriyatining siyosiy o‘ch olishi qurboni deb hisoblab kelishadi.

Flinn OAVda Rossiyaning AQShdagi sobiq elchisi Sergey Kislyak bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalar mavzusini muhokama qilgani haqidagi axborot paydo bo‘lgandan keyin 2017 yilda iste'foga chiqqan. 

Keyinroq FQB Flinn ushbu mavzu bo‘yicha savollarga yolg‘on axborot berganini fosh qilgan. Shundan keyin Trampning sobiq maslahatchisi tergov bilan hamkorlik qilishga qaror qilgan va o‘zini aybdor deb tan olgan. Biroq 2020 yil bahorida AQSh adliya vazirligida FQBda Flinni so‘roq qilish uchun yetarlicha asos bo‘lmagan degan xulosaga kelingan. Endilikda sud hokimiyati Flinndan barcha ayblovlarni olish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Flinn esa endi o‘zini aybdor deb tan olmasligini e'lon qilgan. Shu sababli unga hukm chiqarilishi to‘xtatib qo‘yilgan.  

Mavzuga oid