Jahon | 19:04 / 17.03.2022
26579
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Rossiyaning Ukrainaga kirganidan hayron bo‘lganini aytdi

Sobiq prezident Putinning harbiylarini chegaraga keltirishini «muzokara o‘tkazish vositasi» deb hisoblagan. U shuningdek o‘z prezidentligi davrida Rossiya boshqa davlatga «biror marta bostirib kirmagani»ni qayd etgan.

Foto: Joe Raedle / Getty Images

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp uchun Rossiyaning Ukrainada «harbiy amaliyot» boshlashi kutilmagan hol bo‘lgan. Bu haqda u The Washington Examiner uchun bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Men hayron qoldim. O‘ylagandimki, u [Rossiya prezidenti Vladimir Putin] harbiylarni chegaraga yuborganda shu usulda muzokara o‘tkazyapti deb... Men buni muzokaralar o‘tkazishning qattiq, biroq aqlli usuli deb o‘ylagandim. <...> U hamma kabi Qo‘shma Shtatlar bilan yaxshi bitimga kelishish niyatida deya hisobladim, xuddi boshqa odamlar har qanday savdo bitimida kelishish niyatida bo‘lgani kabi. Keyin esa u kirdi, menimcha u o‘zgargan», — degan sobiq prezident.

Avvalroq Tramp uning prezidentligi davrida Rossiya boshqa davlatlar hududiga «biror marta bostirib kirmagani» haqida aytgandi. Tramp Putin bilan aynan o‘zi «juda qattiq» munosabatda bo‘lgani, shunga qaramay, u bilan dialog qura olganini ta’kidlagan.

U shuningdek Ukrainaga tankka qarshi Javeline qurilmalari va millionlab dollarlik harbiy texnikalar yetkazib berganini eslatib o‘tgan. Trampning fikricha, bu vositalarsiz Kiyev urushda muqarrar yutqazgan bo‘lardi.

Rossiya 24 fevral kuni Ukrainaga bostirib kirgandi. RF prezidenti Vladimir Putin bu amaliyotdan maqsad Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish ekani, shuningdek Donbass aholisini Kiyevdagi hukumat genotsididan himoya qilish ekanini aytgandi. U bir necha bor Rossiya bu harbiy amaliyotni boshlashga majbur bo‘lgani, o‘zini himoya qilishning boshqa varianti qolmaganini aytgan.

«Oldinga qo‘yilgan barcha vazifalar, so‘zsiz bajariladi. Biz Rossiya, xalqimiz xavfsizligini ishonchli ta’minlaymiz va Ukraina mamlakatimizga qarshi tajovuzkor harakatlar uchun platsdarm bo‘lib xizmat qilishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz», — dedi Putin 16 mart kuni hukumat yig‘ilishida.

Mavzuga oid