Jahon | 00:02 / 27.11.2020
3453
2 daqiqa o‘qiladi

JSST jismoniy faollik kamligi tufayli yiliga 5 million kishi vafot etishini ma'lum qildi 

Dunyoda jismoniy faollik kamligi tufayli yiliga 5 mlngacha odam vafot etadi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining jismoniy sog‘liq sohasidagi yangi yo‘riqnomasiga tayanib Associated Press axborot agentligi xabar berdi. 

Foto: World Health Organization

“Har qanday turdagi va davomlikdagi jismoniy faollik sog‘liqni va kayfiyatni yaxshilashi mumkin. Bunda jismoniy faollik qanchalik ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi”, deb aytgan JSSTning sog‘liqni mustahkamlash masalalari bo‘yicha departamenti direktori Ruyediger Krex.

“Agar siz o‘tirgan holatda, misol uchun, ishda yoki maktabda, ko‘p vaqt o‘tkazsangiz, sizga nofaol turmush tarzining vayronkor oqibatlariga qarshi turish uchun ko‘proq jismoniy faollik zarur”, deb ta'kidlab o‘tgan mutaxassis. 

AP’ning ta'kidlashicha, JSST tavsiyalarining yangi varianti dunyoda ko‘plab odamlar pandemiya sababli turli cheklovlarga to‘qnash kelayotgan vaqtda chiqarildi. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, ayni vaqtda katta yoshlilarning 25 foizi va yoshlarning 80 foizi yetarlicha jismoniy faol emas, pandemiya esa bu boradagi vaziyatni yanada chuqurlashtirgan. 

JSST katta yoshlilarga jismoniy harakatlarga haftasiga 2-2,5 soat, yoshlarga esa kuniga 1 soat vaqt ajratishni tavsiya qilmoqda. JSSTda tushuntirilishicha, muntazam jismoniy faollik yurak xuruji, qand kasalligi va saratondan qochishdagi muhim omil hisoblanadi, u tushkunlik va bezovtalikka qarshi yordam beradi, miya faoliyatini yaxshilaydi.

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, aholi orasida jismoniy faollik kamligi turli davlatlar sog‘liqni saqlash tizimlariga yiliga 54 mlrd dollarga tushadi. 

Mavzuga oid