Uch yilda neft qazib chiqarishni 1 mln tonnaga oshirish rejasi bor – Mehriddin Abdullayev
«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev «Neft-gaz kimyo sanoatidagi istiqbolli loyihalar va mas'ullar oldiga qo‘yilgan dolzarb vazifalar» mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida neft qazib chiqarish, yoqilg‘i zaxiralari bo‘yicha gapirdi.
«Hozirgi kunda «O‘zbekneftgaz» bilan birgalikda tuzilgan Jizzax petrolium qo‘shma korxonasi neftni qazib chiqarish, uni qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. Mana shu korxona tomonidan yiliga 400 ming tonnaga yaqin neft ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, buni 1 million tonnagacha oshirish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlar tuzilgan. Bu «O‘zbekneftgaz» neftga qaramaydi yoki neft bilan ishlamaydi, degani emas. Ular bilan bevosita hamjihatlikda ishlanadi. Kelgusi uch yilda [neft qazib chiqarishni] 1 million tonnaga oshirish rejasi bor.
Undan tashqari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari ham hozir o‘z faoliyatini yana tikladi. Hozirgi kunda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi birinchi marta ish hajmini 115 foizgacha oshirdi. Har yili 70-75 foizgacha bo‘lgan.
O‘zimizning neftimiz yoki gazokondensatlar bizni zavodlarimizga to‘liq yetmaydi. Bizning iste'molimizga 1 million 600 ming tonna topshiriq bo‘ladigan bo‘lsa, buning bir qismi import shaklida keladi. Pandemiyadan foydalanib, arzon mahsulotlar keltirish hisobiga yoqilg‘i iste'molini ta'minlab qo‘ydik. Hozirgi kunda dizel yoqilg‘isining 200 ming tonnadan oshiq zaxiramiz bor. Bu degani kamida 3 oyga yetadi.
Bundan tashqari, benzin yoqilg‘isi 55-60 ming tonna. Bu kamida 15 kunga yetadigan benzin zaxiralari ham mavjud deganidir. Neft va gaz bevosita chambarchas bog‘liq. Neft va gaz bilan bog‘liq muammolarni Jizzax petrolium va tegishli korxonalar bilan qizib chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘ryapmiz», deya Mehriddin Abdullayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mehriddin Abdullayev O‘zbekistonda asta-sekin eko yoqilg‘iga o‘tilayotgani, bu esa iqtisodiy jihatdan samarali ekanini aytib o‘tdi.
«Aprel oyida pandemiya bo‘lishiga qaramasdan hurmatli prezidentimizning topshiriqlari bor ediki, O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Buxoro neftni qayta ishlash zavodida Yevro-4, Yevro-5ni ishlab chiqarish boshlandi.
O‘ylaymanki, buni ko‘paytirib, sekin-asta Yevro-4, Yevro-5ga o‘tishimiz kerak. Bu avtomobil ko‘proq ishlashiga, umrini uzaytirishga imkoniyat yaratadi. Yil oxirigacha 100 ming tonna ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Sekin-asta zamonaviy, eko yoqilg‘iga o‘tyapmiz», dedi u.
- Ma'lumot uchun, Yevro-4 chiqindi gazlar tarkibidagi zararli moddalar tarkibini tartibga soluvchi ekologik standart. Yevropa Ittifoqida 2005 yilda avvalgi Yevro-3 standartining o‘rnini bosuvchi sifatida joriy qilingan. 2009 yilda u yangi standart Yevro-5 bilan almashtirilgan.
Mavzuga oid
22:19 / 19.12.2024
Shavkat Mirziyoyev gaz qazib olishni oshirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
18:04 / 14.09.2024
Yirik energetika korxonalarining soliq to‘lovlari keskin qisqarishda davom etmoqda
21:27 / 05.09.2024
GTL zavodining davlatga soliq tushumi 2 barobarga kamaygani ma’lum bo‘ldi
20:27 / 29.08.2024