O‘zbekiston | 23:13 / 02.12.2020
14823
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari ommaviy qabulda eng ko‘p murojaat tushgan masalani ma'lum qildi

Toshkentda sayyor qabullar davom etmoqda. Ijtimoiy soha rahbarlarining qabullari orasida Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari qabuliga eng ko‘p murojaatchi yig‘ildi.

Kun.uz muxbiri vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova bilan suhbatda bo‘ldi.

«E'tibor bergan bo‘lsangiz, bugun ko‘proq o‘sha pandemiya davrida ishlagan xodimlar: shifokorlar, epidemiologlar, texnik xodimlar, elektriklar, santexniklar shikoyatlar bilan kelishyapti... Diagnostika markazlari bo‘lgan, ya'ni taftish qilinadigan, agar COVID tasdiqlansa, maxsus klinikalarga o‘tkazadigan. Shunday klinikalarda ishlaganlarga 6 foizli ustama berilgan. Ana shu 6 foizli ustamadan qoniqmasdan, 5 million, 10 million, 25 millionlik qo‘shimcha to‘lovlar kerak, degan talablar bilan kelishyapti.

Bu holatlarning har biriga siz to‘g‘ri olgansiz, siz noto‘g‘ri olgansiz deb bugun javob bermasdan, har biri ustida alohida xizmat tekshiruvi o‘tkazib, shu asosda xulosalar beramiz. Agar bu xulosadan qoniqmasa, sudga murojaat qilishi mumkinligi to‘g‘risida ham aytyapmiz.

Qabuldan so‘ng, ertadan boshlab men har bir qabul bo‘yicha, misol uchun moliyaviy masalalarni moliya boshqarmasiga beraman. Ular alohida tekshirishadi, bunda Sanitariya-epidemiologiya xizmati xulosalari ham kerak bo‘ladi. Qayerda, qachon, necha kun ishlagani haqida xulosalar beriladi», – deydi vazir o‘rinbosari.

Bositxonovaning ta'kidlashicha, bundan 3–4 yil oldin murojaatlarda asosan eshitish moslamalari va nogironlik aravachalari so‘ralgan, bu yilgi qabulda esa bunday murojaat deyarli kuzatilmayapti.

«Bugungi qabulda eshitish moslamalari va nogironlik aravachalari bo‘yicha bitta murojaat qabul qilingan. Murojaatchi turmush o‘rtog‘iga ham eshitish moslamasi, ham aravacha so‘rab murojaat qilgan. Bular – yechimi oson muammolar», – dedi u.

SSV rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, nogironlikni belgilashda poliklinikadagi shifokorlarning e'tiborsizligidan noroziliklar bo‘yicha ham murojaatlar tushgan.

Mavzuga oid