«Davlat idoralari jurnalistlar ularning dushmani emasligini tushunishlari kerak» - Gulnoza Husanova
UzReport telekanali bosh muharriri Gulnoza Husanova bugungi kunda jurnalist va blogerlar tomonidan jamiyatdagi dolzarb muammolar ko‘tarilayotgani haqida aytib, matbuot erkinligi sari jarayonlar boshlangani, endi ortga yo‘l yo‘q ekanini ta'kidladi.
«Hozir so‘z erkinligi haqida jonli efirda gapiryapmiz. Avval bunaqasi bo‘lmagan. 11 yildan beri UzReport’da ishlayman. Matbuot ovozi bo‘g‘ilgan, jurnalistlarning ovozi o‘chirilgan, ommaviy axborot vositalari senzura qilingan paytlarda ishlaganman. Ko‘rsatuv efirga berilishiga 2-5 daqiqa qolganida ko‘rsatuvlar efirdan olib qo‘yilganiga ham guvoh bo‘lganman.
To‘g‘risini aytaman, bu kunlarni biz jurnalist, blogerlar orzu qilganmiz. Yosh jurnalistlarga bizning ishlaydigan vaqtimiz endi kelganini aytaman.
E'tibor qilgan bo‘lsangiz, hozirda jurnalistlarning tili, tishi ancha o‘tkir. Shunday muammolarni ko‘tarishyaptiki, hukumat shundan keyin o‘z qarorlarini o‘zgartirishga majbur bo‘lyapti. Nazarimda, bu - o‘zbek jurnalistikasining eng katta yutug‘i. OAV, bloger, jurnalistlarimiz jamiyatning rivoji yo‘lida g‘ov bo‘layotgan turli to‘siqlar, masalan, byurokratiya, tamagirlik, korrupsiya mavzularini ko‘tarishyapti va o‘z vazifasini bajara olmagan mutasaddilarni qo‘rqmasdan, dadil tanqid ham qilishyapti.
Aminman, bu ochiqlik siyosatiga ko‘nika olmagan, moslasha olmagan ayrim rahbarlarga, mutasaddilarga yoqmasligi ham mumkin. Lekin buyog‘iga endi orqaga qaytish yo‘q. Biz hozir so‘z erkinligini endi his qilyapmiz. To‘g‘ri, xatolar ham bo‘lishi ham mumkin, lekin ishlamagan xato ham qilmaydi», dedi Gulnoza Husanova Xalqaro press-klubning «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchiligida so‘z hamda matbuot erkinligi va O‘zbekistonda OAVni rivojlantirish jarayonlari» mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbatida.
U muammolar jurnalist, blogerlar tomonidan ko‘tarilmasa, ular hech qachon hal bo‘lmasligini aytib o‘tdi.
«Biz bilamiz, so‘z erkinligi xohlagan narsani ayta olish degani emas. Bu eng avvalo mas'uliyat. Buni jurnalistlar ham, blogerlar ham his qilib turishibdi. Agar hozir biz axborotni vaqtida, tezkor bermasak, internet rivojlangan, odamlar bu axborotni istagan joyidan oladi.
Shuning uchun hozir davlat idoralari ham tushunishi kerak: jurnalistlar ularning dushmani emas. Biz ham rivojlangan davlatda yashashni istaymiz. Agar biz hozir muammolarni ko‘tarmasak, muammolar hech qachon hal bo‘lmaydi.
Bugungi jurnalistika ochiqliksiz ishlay olmaydi, yashay olmaydi. Shaxsan o‘zim prezident Mirziyoyevning eng katta yutug‘i – so‘z erkinligini ta'minlagani deb bilaman. O‘zbekiston yopiq davlatdan ochiq davlatga aylandi. Buni xalqaro hamkorlarimiz ham har doim e'tirof etishadi. Bu jarayonlar boshlandi, endi ortga yo‘l yo‘q. Endi jurnalistlarning ham chekinishga haqqi yo‘q», dedi Gulnoza Husanova.
Mavzuga oid
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
16:05 / 16.11.2024
“Ma’naviy ekspertiza” axloq pardasi himoyachisimi yoki media makon nazoratchisi? Bahsli mavzuda katta suhbat
22:06 / 01.11.2024
Turkiya parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi
19:55 / 06.08.2024