Moldovada saylangan prezident Mayya Sanduning minglab tarafdorlari norozilik bildirdi
Moldova poytaxti Kishinyov markaziga saylangan prezident Mayya Sanduning minglab tarafdorlari parlamentning tarqatilishi va unga muddatdan avval saylovlar o‘tkazilishi talabi bilan chiqishdi.
Norozilik aksiyalari ishtirokchilari bosh vazir Ion Kiku hukumati hamda amaldagi prezident Igor Dodonning Sotsialistlar partiyasi, “Shor” partiyasi va Pentru Moldova guruhi deputatlari shakllantirgan yangi parlament ko‘pchiligiga qarshi chiqishmoqda.
PAS partiyasi raisi o‘rinbosari Igor Grosu Dodonni va moldovalik oligarx Ilan Shorni Sandudan “g‘alabani o‘g‘irlashga urinayotganlikda” ayblagan. “Yo‘l qo‘ymaymiz! Faqat muddatdan avval saylovlar, faqat parlament tarqatilishi!”, deb ta'kidlagan Grosu.
Uning ta'kidlashicha, bunga faqat parlamentning tarqatilishi bilan erishish mumkin. “Bosh vazir erkak ekanini ko‘rsatishi lozim! U muddatdan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishi, jamiyatni parlamentdagi banditlardan tozalashga yo‘l ochish uchun iste'foga chiqishi kerak. Bu deputatlar faqatgina prokurorlar bilan muloqot qilishi kerak!”, deb qo‘shimcha qilgan Grosu.
Yuzlab politsiyachilar hukumat binosi atrofini o‘rab olishgan. Ular namoyishchilar harakatlariga aralashishmagan. Ayni vaqtda namoyishlar tugagan. Ular 2 soatga yaqin davom etgan va tinch yakunlangan.
Namoyishchilarga saylangan prezident Mayya Sandu ham murojaat qilgan. Jumladan, u amaldagi prezidentni “mamlakatga o‘t qo‘yishga” urinishda ayblagan.
“Igor Dodon odamlarni alday olmagani uchun ranjimoqda, u mamlakatga o‘t qo‘yib, odamlar hayotini yanada qiyinlashtirmoqchi. U shu yo‘l bilan odamlardan unga ovoz bermaganlari uchun o‘ch olmoqchi. Bu ko‘pchilik shoshma-shosharlik bilan konstitutsiyaga va barcha me'yorlarga zid ravishda qonunlar qabul qilmoqda. Ushbu qonunlar fuqarolarga qarshi qonunlardir. Ular oxirgi kunlarda qabul qilgan qonunlar mamlakat xavfsizligiga tahdid hisoblanadi”, deb aytgan Sandu.
Namoyish ishtirokchilari Sanduning prezidentlik lavozimiga belgilangan muddatdan avvalroq o‘tirishini talab qilishgan.
“Biz saylangan prezident Mayya Sandu konstitutsiyaviy sud prezident saylovlari natijalarini tasdiqlashi bilanoq 10 dekabrda o‘z lavozimini bajarishga kirishishini talab qilamiz. Shu kuni hukumat muddatdan avval parlament saylovlariga yo‘l ochish uchun iste'foga chiqishi lozim”, deb aytgan namoyishda parlament raisi o‘rinbosari va muxolif partiya “Platforma DA” vakili Aleksandr Slusar.
Bundan tashqari, namoyishchilar hukumatning iste'fosi va muddatdan avval saylovlar o‘tkazilishi talab qilingan rezolyutsiyani qabul qilishgan.
Rezolyutsiyada hukumatga mamlakatdagi “falokatli ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat” va “koronavirus pandemiyasiga qarshi samarali choralar yo‘qligi” uchun javobgarlik yuklangan.
Bundan tashqari, hujjat mualliflari yakunlanayotgan haftada Igor Dodon va Ilan Shor koalitsiyasi qabul qilgan qonunlar paketi bekor qilinishini talab qilishgan.
Namoyish tashkilotchilarining ta'kidlashicha, norozilik aksiyasida 50 mingdan ko‘proq odam ishtirok etgan. Ularning ma'lum qilishicha, boshqa joylardan namoyishda ishtirok etishni istaganlar voqealar joyiga yetib kela olishmagan, chunki politsiya ularga poytaxtga kirishga yo‘l bermagan.
Moldovada 15 noyabrda o‘tgan prezident saylovlarining 2-bosqichida Mayya Sandu 57,7 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Amaldagi prezident Igor Dodonga esa saylovchilarning 42,2 foizi o‘z ovozini bergan.
Mavzuga oid
22:42 / 13.01.2025
Bryusselda pensiya islohotiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi
20:37 / 11.01.2025
Mo‘g‘ulistonda hukumatga qarshi norozilik namoyishlari boshlandi
13:13 / 08.01.2025
Yevropa Ittifoqi Tiraspolni Kishinyovdan gazni olishga chaqirdi
13:12 / 07.01.2025