Jahon | 22:42 / 13.01.2025
1832
2 daqiqa o‘qiladi

Bryusselda pensiya islohotiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi

30 mingga yaqin odam qatnashgan namoyishlar davomida o‘t o‘chiruvchilar va politsiya xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Huquq-tartibot organi vakillari ularga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gazni qo‘llagan.

Foto: Reuters

Bryusselda 30 mingga yaqin odam kasaba uyushmalari chaqirig‘i bilan pensiya islohotiga qarshi namoyishlarga chiqdi, deb xabar bermoqda RTBF telekanali.

Aksiya Belgiyada islohotlarga qarshi bo‘lgan va yagona frontga birlashgan turli kasaba uyushma tashkilotlari chaqirig‘i bilan o‘tkazilgan. Namoyishchilar orasida tarqatilgan varaqalarda ta’kidlanishicha, hukumatning davlat budjetini to‘g‘rilash maqsadida rejalashtirilgan 3 milliard yevrolik iqtisodi uchun ishchilar to‘lashi kerak bo‘ladi.

Kasaba uyushmalari ish tashlashlarga chaqirmoqda. 13 yanvar kungi ish tashlashlar transport hamda jamoat xizmati sohasida — chiqindilarni yig‘ish, pochta jo‘natmalarini yetkazish, bog‘cha va ta’lim maktablari faoliyatida uzilishlarga olib keldi.

Norozilik namoyishlari Zaventem va Sharlerua xalqaro aeroportlari, temiryo‘l qatnovlari ishiga ham ta’sir ko‘rsatgan.

RTBF’ning qayd etishicha, ish tashlashlar kasaba uyushmalarining hukumatga bosim ko‘rsatish bo‘yicha norozilik tadbirlarining bir qismi hisoblanadi. 2024 yil iyun oyidagi parlament saylovlarida g‘alaba qozongan partiya hozirga qadar koalitsion hukumatni shakllantirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, mamlakatni esa saylovlarda yutqazgan Aleksandr De Krooning «texnik kabineti» boshqaryapti.

Namoyishlar davomida kolonna tarkibida harakatlangan o‘t o‘chiruvchilar tartibni saqlashga mas’ul bo‘lgan politsiyachilar bilan ziddiyatga borgan. Janjal oqibatida ularning to‘rt nafari yengil jarohat olgan. Politsiya ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalanishga majbur bo‘lgan.

Mavzuga oid