Volkswagenʼning to‘qqizta zavodi xodimlari ish tashlash e’lon qildi
Avtokonsern rahbariyati sentabr oyida talabning kamaygani va moliyaviy ko‘rsatkichlari yomonlashgani tufayli Germaniyadagi bir nechta zavodini yopishini ma’lum qilgandi. Kasaba uyushmalari kompaniya rahbariyatiga inqirozdan chiqishning o‘z variantini taqdim etdi, ammo Volkswagen bu takliflarni rad etdi.
Avtomobil va ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi Volkswagen (VW) kompaniyasining butun Germaniya bo‘ylab joylashgan zavodlarining xodimlari ogohlantiruvchi ish tashlashni boshladi, deb xabar beradi Reuters.
Qayd etilishicha, IG Metall kasaba uyushmalariga kiruvchi o‘n minglab xodimlar mahalliy vaqt bilan soat 09:30 da ishni to‘xtatgan. Ish tashlash ikki soat davom etgan. Kechki smenadagilar ham ikki soatga ishlamasligi aytilmoqda.
Oldinroq, IG Metall rahbariyati Volkswagenʼning barcha ishchilarini ogohlantiruvchi ish tashlashga chaqirgan edi, bunga konsern bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasiz yakunlangani sabab bo‘lgan.
Volkswagen rahbariyati sentabr oyida talabning kamaygani va moliyaviy ko‘rsatkichlari yomonlashgani tufayli Germaniyadagi bir nechta zavodini yopishini ma’lum qilgandi. Keyinroq kamida uchta korxona yopilishi mumkinligi haqida aytildi. Oktyabr oxirida avtomobilsozlik kompaniyasining Germaniyadagi 11 ta zavodida bir soatlik ish tashlash bo‘lib o‘tdi.
20 noyabr kuni kasaba uyushmalari konsern menejmentiga inqirozdan chiqishning o‘z variantini taqdim etdi — unga ko‘ra ish o‘rinlari saqlanishi evaziga maoshlar muzlatiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu kompaniya xarajatlarini 1,5 milliard yevroga qisqartirishga yordam beradi. Ammo 29 noyabr kuni VW rahbariyati ushbu variantni rad etdi.
«Bu qarama-qarshilik qanchalik uzoq va shiddatli bo‘lishi Volkswagen’ning muzokaralar stolidagi o‘zini tutishiga bog‘liq», — deydi konsern xodimlari bilan muzokara olib borayotgan Torsten Groger. Har ikki tomon vakillarining yangi uchrashuvi 9 dekabrda bo‘lib o‘tishi kerak.
Mavzuga oid
18:42 / 20.12.2024
Amazonʼda kompaniya tarixidagi eng yirik ish tashlash boshlandi
19:30 / 04.12.2024
Britaniyaning The Guardian gazetasi jurnalistlari 50 yil ichida birinchi marta ish tashlash e’lon qildi
23:42 / 27.11.2024
Volkswagen ko‘plab ayblovlardan keyin Xitoydagi zavodini sotdi
23:18 / 23.11.2024