Jahon | 10:25 / 06.12.2020
13249
8 daqiqa o‘qiladi

Zaharli gazlarsiz transport - kemachilikni tubdan o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yonilg‘i

Ayni damda atmosferaga chiqayotgan karbonat angidrid gazining 3 foizi kemachilik sanoatining hissasiga to‘g‘ri keladi. Harorat ko‘tarilishining oldini olish choralaridan biri sifatida mutaxassislar bu sohani ham dekarbonizatsiya qilish, ya'ni karbonat angidrid gazidan xoli sohaga aylanishi zarurligini aytishmoqda. Vodorod yonilg‘isi masalaga yechim bo‘la oladimi?

Foto: CMB

Belgiya shimolidagi daryoda suzib borayotgan kemani yurgizayotgan yonilg‘i kemasozlikda yangi ufq – zaharli gazlarsiz transport umidini bermoqda.

Kroybeke va Antverpen shahri o‘rtasida qatnovchi sig‘imi 16 yo‘lovchi bo‘lgan Hidrovil (Hydroville) kemasi vodorodda harakatlanadi. Hidrovil 3 yil avval dunyodagi vodorodda harakatlanuvchi ilk yo‘lovchi kemasi bo‘lgandi. Uning gibrid dvigateli kema vodorodda ham, dizelda ham suza olishini ta'minlaydi.

«Bunga hali ehtiyoj bo‘lmasa-da, bugunoq boshlashimiz kerak, deb qaror qildik», deydi CMB kompaniyasi direktori va Hidrovil egasi Roy Kampe. «10 yildan keyin karbonat angidrid chiqarmaydigan kema yasay olishimiz uchun bu ishni bugun boshlashimiz shart edi. Bu bir harakat bilan yoqiladigan chiroq emas axir», deya so‘zlarini davom ettiradi Roy.

Foto: CMB

CMB vodorodda suzuvchi boshqa kemalar ham qurishga kirishgan. Yaponiyada 2021 yilning avvalida suvga tushirilishi mo‘ljallangan Hidrovildan kattaroq 80 yo‘lovchilik kema shular jumlasidan.

«Kichik kemalar sektori yangi texnologiyalarni yirik tijoriy kemalarga joriy qilishdan avval tajriba o‘tkazishga qulay maydondir», deydi Smart Green Shipping Alliance asoschisi Diana Gilpin.

2050 yilga borib kemalardan chiqayotgan zaharli gazlar miqdorini kamida 50 foizga kamaytirishga umid qilinmoqda. Ammo bu borada ishlar sekin ketayotgani uchun ko‘zlangan maqsad hali yiroq.

Kemani suvga tushirish ancha quvvat talab qiladi. Jahonda savdo hajmi ortib borgani sayin yangi kemalar ham ko‘payib boradi. Karbonat angidrid gazi emissiyasini kamaytirish uchun samaraliroq dizayndan foydalanish, shamolni energiyaga aylantirib beruvchi texnologiyalar joriy qilish, yonilg‘ini tejash uchun sekinroq harakatlanish yoki shunchaki kamroq yuk ortish mumkin.

Lekin modomiki karbonat angidrid gazidan to‘liq voz kechishni istasak, chiqindili yonilg‘i turlaridan to‘la voz kechish kerak.

Foto: Getty Images

CMB kompaniyasining vodorod loyihasi dunyodagi yagona yashil loyiha emas. Qator kompaniyalar ham nafaqat vodorod, balki ammoniy va metanolda harakatlanuvchi loyihalar ustida ishlashmoqda. Bu kabi sintetik yonilg‘i turlari bilan bir qatorda quyosh yo shamoldan quvvatlanuvchi batareyalar ham uzoq istiqbolda sof ekologik yechimlar bo‘lishi mumkin.

Nega aynan vodorod?

Vodorod yagona muqobil emas albatta. Daraxt va hayvon qoldiqlaridan ishlab chiqariladigan bioyonilg‘ilar ham bor. «Lekin bu kabilar boshqa sohalarda ham keng qo‘llanadi va miqdori cheklangan», deydi University College London mutaxassisi Tristan Smit.

Tiklanuvchi elektrda ishlaydigan batareyalar varianti ham bor. Lekin bu kabi batareyalar yirik kemalarning ummon uzra suzib yurishini ta'minlay olishi uchun o‘ta ko‘p miqdorda o‘rnatilishi kerak bo‘ladi. Bu esa kema vazni ortib ketishi va xarajatlar oshib, bu kabi energiya manbayi norentabel bo‘lib qolishini anglatadi.

Vodorod hozirda turli sohalarda keng qo‘llab kelinmoqda. 1975 yildan beri unga bo‘lgan ehtiyoj qariyb uch barobarga ortgan. Ammo sanoatda foydalanilayotgan vodorodning deyarli barchasi chiqindili yonilg‘ilardan olinadi. Dunyodagi tabiiy gazning 6 foizi, ko‘mirning 2 foizi vodorod ishlab chiqarishga sarflanadi. Demak, bu yo‘sinda olinayotgan vodorod hozircha yashil energiya emas.

Biroq vodorod yonilg‘isi tiklanuvchi energiya yordamida suvni parchalash orqali ham olinishi mumkin. Bu jarayon elektroliz deb ataladi. Bu qimmat usul bo‘lib, ishlab chiqarilayotgan vodorodning atigi 0,1 foizi shu usulda olinadi.

«Yashil vodorod ishlab chiqarish barcha bosqichlarda chiqindisiz bo‘la olishi mumkin. Bu vodorod yonilg‘isi ishlab chiqarishdan tortib to undan foydalanishgacha bo‘lgan bosqichlarga tegishli», deydi Atrof-muhitni muhofaza qilish jamg‘armasi mutaxassisi Mariya Xubatova.

Foto: Getty Images

«Yonilg‘i ishlab chiqaruvchilar bu sohaga sarmoya kiritishlari uchun qonuniy dastak kerak. Bu g‘aroyib zanjirga o‘xshaydi: yo kemasozlik rivojlanishi kerak, yoki yonilg‘i sohasi», deydi soha mutaxassisi Siaoli Mao.

CMB kompaniyasi allaqachon bu boradagi ishlarni boshlab yuborgan. U Antverpen portida avtomobillar, avtobuslar va kemalarni vodorod yonilg‘isi bilan ta'minlaydigan maxsus shoxobchalar qurgan. Shoxobchalar eletrolizer yordamida vodorod ishlab chiqaradi. «Biz vodorodga pul to‘lashni istaydigan bo‘la olishimizni ko‘rsatishimiz kerak. Ana shundagina elektrolizerlar uchun ehtiyoj borligi ma'lum bo‘ladi», deydi Diana Kampe.

Kamchiliklari

Avvalo, bu kabi yonilg‘i tez yonuvchan. Masalan, CMB kompaniyasi ekipaj a'zolari uchun bortdagi vodorod tizimidan foydalanish va yong‘in xavfsizligiga amal qilish bo‘yicha muntazam treninglar tashkil qiladi. Bu qo‘shimcha chiqim degani.

«Asosiy muammo uzoq masofalarga qatnovchi kemalarda vodorodni saqlashda. Hozirgi tizimda baklarga vodorodni shunchaki solib qo‘yish bilan ish bitmaydi. Kemada uni suyuq holda saqlash uchun, yonilg‘i kriogenik -253 darajadagi harorat zarur», deydi Xubatova. Zarur harorat ta'minlangan taqdirda ham suyuq vodorod juda katta joy egallaydi – ayni quvvatni berishga sarflanadigan dizeldan taxminan 8 barobar ko‘proq. Har holda tahlillar shunday ko‘rsatyapti.

Foto: CMB

Ammoniy yonilg‘isi

Vodorod saqlash uchun ko‘p resurs talab qiladigan yonilg‘i. Mutaxassislarning fikricha, undan ham yaxshiroq variant bor: «yashil» vodorodni «yashil» ammoniyga aylantirish. Ammoniydan yonilg‘i sifatida foydalanish yoxud shunchaki saqlab turish ham mumkin. Birinchidan, ammoniyni saqlash birmuncha oson: ha, uni ham muzlatish kerak, lekin vodorod kabi kriogenik haroratda emas. Ikkinchidan, ammoniyning zichligi yuqoriroq bo‘lgani bois, vodoroddan ikki barobar kamroq joy egallaydi. Eng qulay tarafi kemaga ammoniy sifatida yuklanib, vodorod sifatida foydalanilishi mumkin. 

«Ayni damda eng yaxshi usul vodorodni ammoniyga aylantirib kemaga yuklashdir. Bu Goldiloks usuli deb ataladi. Ammoniyni saqlash ancha arzonroq. Uni siqilgan holda saqlaganda kriogenik harorat shart bo‘lmaydi», deydi mutaxassislardan biri.

Foto: CMB

O‘z navbatida, ammoniyning ham kamchiliklari bor. Avvalambor, ammoniy odamlar uchun ham, gidrofauna va flora uchun ham zaharli. Ikkinchidan, vodorodni ammoniyga aylantirish qo‘shimcha quvvat talab qilib, uning xarajatlarini biroz oshiradi.

Foto: Getty Images

Shunga qaramasdan, ko‘pchilik tomonidan ammoniy eng maqbul variant deb hisoblanmoqda. Masalan, yaqinda kompaniyalar konsorsiumi dunyodagi ammoniy yonilg‘isi bilan harakatlanadigan ilk kemani moliyalashtirishni Yevroittifoqqa topshirishdi.

Foto: Getty Images
Foto: CMB

Bir so‘z bilan aytganda, boshqa sohalarda bo‘lgani kabi G‘arb davlatlari, xususan, Yevroittifoq energiyaning yashil turlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish yo‘lida maqbul variantlarni izlashda davom etmoqda.

Mavzuga oid