Jahon | 08:32 / 14.12.2020
4736
2 daqiqa o‘qiladi

Tibbiy muassasalarda suv yo‘qligi sababli 1,8 milliard odamga infeksiyalar xavf solmoqda - BMT

Foto: TASS

Dunyodagi har to‘rtinchi tibbiy muassasadan birida suv ta'minoti yo‘q, har uchinchisida esa qo‘llar gigiyenasi ta'minlanmagan. Buning oqibatida 1,8 mlrdga yaqin odamga koronavirus va boshqa infeksiyalarga chalinish xavf solmoqda, deb aytilgan JSST va YUNISEFning ma'ruzasida

“Suv, sanitariya va gigiyena sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari va bemorlar xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega, biroq bu xizmatlarga har doim ham ustuvor ahamiyat berilmaydi”, deb ta'kidlab o‘tilgan ma'ruzada. 

JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesusning ta'kidlashicha, shifokorlar va hamshiralarning davolash muassasalarida zarur gigiyena bo‘lmagan sharoitda ishlashi himoya vositalarisiz ishlashiga teng kuchlidir. Gebreyyesusning eslatib o‘tishicha, suv ta'minoti, sanitariya va gigiyena koronavirusga qarshi kurashda asosiy ahamiyat kasb etadi va dunyoning eng kam rivojlangan 47ta davlatida bu sohada hamon bo‘shliqlar mavjud. Ma'ruzaga ko‘ra, ushbu davlatlardagi har ikkinchi tibbiy muassasada ichimlik suvi yo‘q, har to‘rtinchisida davolash bloklarida qo‘llar gigiyenasi uchun imkoniyat mavjud emas, 5tadan uchtasida esa tayanch sanitar xizmat yo‘q. 

Shu munosabat bilan JSST va YUNISEF suv ta'minoti sohasi, sanitariya va gigiyenaga investitsiyalar hajmini oshirishga chaqirmoqda. Bu xizmatlar, ayniqsa, aholining zaif qatlamlari, jumladan, homilador ayollar va bolalar uchun muhim hisoblanadi. Ma'ruza mualliflarining fikricha, eng kam rivojlangan davlatlarda shifoxonalarda va tibbiy punktlarda suv ta'minoti muammosini hal qilish uchun ushbu davlatlarning har bir fuqarosiga bor-yo‘g‘i bir dollar sarmoya qilish talab etiladi.  

Mavzuga oid