O‘zbekiston | 21:04 / 27.06.2024
5903
2 daqiqa o‘qiladi

Gulistonda suv ta’minoti xodimi halok bo‘lgan holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Uch nafar ishchi inshootning dastlabki tozalash kamerasidan o‘tgan markaziy suv quvurini tozalash uchun tushganda chiqindilardan chiqqan gazdan zaharlangan.

Avvalroq Guliston shahrida “Sirdaryo suv ta’minoti” AJning uch nafar ishchisi chiqindi suvni haydaydigan quvurga tushib ketgani, ularning biri halok bo‘lgani, ikki nafarining ahvoli og‘ir ekanligi haqida xabar bergandik.

Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, ishchilar “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ Guliston shahar bo‘limiga qarashli 5-oqova suv haydash nasos stansiyasi inshootining dastlabki tozalash kamerasidan o‘tgan markaziy suv quvuriga tozalash maqsadida tushgan.

Shu paytda ular chiqindilardan chiqqan gazdan zaharlangan va oqibatda bir ishchi halok bo‘lgan. Ikki nafar ishchi “Noma’lum zaharlanish” tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Sirdaryo viloyati filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismining (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lgan bo‘lsa) tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid