O‘zbekiston | 15:56 / 15.12.2020
5111
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri AQSh elchisini qabul qildi

Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyumni qabul qildi. Vazirlik matbuot xizmati xabar qilishicha, uchrashuvdan maqsad sog‘liqni saqlash sohasidagi kelgusi hamkorlik sifatini oshirish masalalarini muhokama qilish bo‘ldi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Muloqot davomida elchi mamlakatimizda Covid-19 bilan kurashish borasida operativ va o‘z vaqtida samarali choralar ko‘rish va uning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ulkan ishlarni qayd etib o‘tdi. 

D. Rozenblyum pandemiya paytida o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarining qahramonlarcha tinimsiz olib borgan mehnati tahsingan loyiq ekanini aytdi.

O‘z navbatida, vazir ushbu ishni amalga oshirishda ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirdi. A. Hojiboyev AQSh nafaqat moddiy va gumanitar, balki konsultativ yordam ham ko‘rsatganini ta'kidladi.

Koronavirusga chalingan bemorlarni davolash sohasida ma'lumot almashish maqsadida ikki mamlakat mutaxassislari ishtirokida qator videokonferensiyalar tashkil etildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Tadbirda, shuningdek, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan samarali hamkorlik olib borilayotgani xususida ham gap borgan. Jumladan, joriy yilning mart oyida umumiy qiymati 15 million dollardan ortiq bo‘lgan silga qarshi kurashish bo‘yicha to‘rtta yangi loyiha ishga tushirilgani, loyiha davrida dori-darmonlarga chidamli sil kasalligi bilan xastalangan bemorlarga yordam berish va sil kasalligiga qarshi kurashish uchun yangi dorilar va diagnostika texnologiyalari joriy etilishi ta'kidlangan. 

Bundan tashqari, okeanorti mamlakati Covid-19’ga qarshi kurash uchun 9 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ ajratdi. Bu texnik ko‘mak, laboratoriya uskunalari va test tizimlari, shuningdek, mamlakat bo‘ylab shifoxonalarda o‘rnatilgan 200ta sun'iy nafas berish apparatlarini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, O‘zbekiston AQSh bilan farmatsevtika sohasida ham yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, hozirgi paytda mamlakatimizda AQShning 10dan ortiq ishlab chiqaruvchilarning 46 turdagi dori vositasi, 39ta ishlab chiqaruvchilarning 108 turdagi tibbiy asbob-uskunalari, 30dan ortiq ishlab chiqaruvchilarning 79 nomdagi tibbiy buyumlari ro‘yxatdan o‘tgan. 

Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yod-brom mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish loyihasini amalga oshirish uchun «GRP International» kompaniyasi tomonidan «Asian Pharmaceutical Industrial Group KRG» qo‘shma korxonasi tashkil etildi. 

«Muloqot davomida tomonlar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni ishlab chiqarish, yuqori tibbiy texnologiyalarni qo‘llash orqali aholiga ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini yaxshilash va sog‘liqni saqlash sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan tibbiyot sohasida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldilar. Shuningdek, mutaxassislar orasida o‘zaro tajriba almashish, AQShning yetakchi klinikalarida nafaqat davlat tibbiyot muassasalari xodimlari, balki xususiy sektor vakillari uchun stajirovka o‘tashni tashkil etish to‘g‘risida ham qator  kelishuvlarga erishildi», deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid