O‘zbekiston | 16:19 / 19.12.2020
41087
8 daqiqa o‘qiladi

Samarasiz profilaktika yoxud gidroksixloroxinda qanday sir bor?

Sog‘liqni saqlash vazirligi dunyo bo‘yicha davolashdagi samarasi isbotini topmagan, profilaktika bo‘yicha esa biror tadqiqot yakuniga yetmagan gidroksixloroxin preparatini yana katta hajmda sotib oldi. Nafaqat sotib oldi, balki majburiy tartibda talabalar va OTM o‘qituvchilari uchun sotmoqda.

Foto: Anadolu

Gidroksixloroxinning O‘zbekistonga kirib kelish qadamlari juda shiddatli bo‘ldi. Ayni shu preparatning savdodagi nomi hisoblangan «Plakvenil» dori vositasi katta hajmda xarid qilindi, bepul dorilar ro‘yxati va koronavirusga qarshi davolash protokoliga kiritildi.

Ammo tez orada ro‘yxatdan chiqarildi. Buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor edi. Chunki dunyoning eng yetakchi tadqiqot institutlari xulosalariga ko‘ra JSST bu preparatning samarasiz ekanligini e'lon qilgan, bu tavsiyaga ko‘ra aksariyat davlatlar koronavirusga qarshi kurashda gidroksixloroxindan voz kechgandi.

Gidroksixloroxin dori vositasi tarixiga nazar tashlansa, u mutlaqo koronaviruslar oilasiga qarshi mo‘ljallanmaganiga guvoh bo‘lamiz. Bu preparat uzoq vaqt bezgakni davolashda qo‘llangan. Shunda ham turli hududlarda turlicha samaraga erishilgan. O‘zbekiston esa allaqachon bezgakdan butunlay xoli hududlar safiga kirgan.

Koronavirusga qarshi ma'lum vaqt qo‘llanganini ham tushunish mumkin – pandemiya shu qadar shiddat bilan avj oldiki, olimlarda dori vositalari bo‘yicha aniq va yakuniy xulosaga kelish uchun vaqt yo‘q edi. Ya'ni shu yo‘nalishda qanday preparat bo‘lsa birma-bir sinab ko‘rilaverdi. Ma'lumki, bir dori vositasining qaysidir kasallikni bartaraf qilishdagi ta'siri to‘liq o‘rganilishi uchun hattoki o‘n yillab vaqt sarflanadi. Koronavirusda esa eng minimal muddatning o‘zi bo‘lmadi va gidroksixloroxin qaysidir bosqichda umid bag‘ishlagani rost.

Gidroksixloroxin asosidagi plakvenil preparati dunyo bo‘yicha bahslar davom etayotgan bir paytda O‘zbekistonda katta hajmda xarid qilingani o‘sha paytning o‘zidayoq bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi.

Bu dori vositasi haqida so‘z yuritgan Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Anvar Alimov gidroksixloroxin mavzusi – siyosiy masala ekanligini, shtabning yana bir a'zosi Habibullo Oqilov esa O‘zbekiston «Plakvenil» masalasida JSST tavsiyasiga emas, o‘z tajribasiga asoslanayotganini ta'kidlagandi. Bu preparatning samarasizligini ta'kidlovchilar biror bemorning pulsini ushlab ko‘rmagani iddao qilingandi.

Mazkur preparat bo‘yicha eng shov-shuvli holat Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Tibbiy standart va protokollarni ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Klara Yodgorova gidroksixloroxinning samarasiz ekani haqida fikr bildirgani uchun tahdidga uchraganini ma'lum qilgani bo‘lgandi. Ushbu mutaxassis bu preparat xarididan manfaatdorlar borligiga ishora qilgandi.

Bugungi kunga kelib O‘zbekistonda koronavirus tarqalishi bir qadar jilovlandi, bu yo‘nalishdagi aksariyat shifoxonalar yopildi. Ana shunday kunlarda Sog‘liqni saqlash vazirligining gidroksixloroxin preparatini yana qayta xarid qilayotgani, yanada qiziqrog‘i bu safar yetkazuvchi sifat jihatdan yetakchiligi shubha ostida bo‘lgan hind kompaniyasi ekanligi ochiq havoda chaqmoqdek yangradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 27 noyabrdagi to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat xaridlari doirasida «Dori-darmon» aksionerlik kompaniyasidan 15,3 mlrd so‘mlik dori vositalarini xarid qilgani jamoatchilikka oradan 20 kun o‘tib ma'lum bo‘ldi.

Bu shartnomaga ko‘ra SSV quyidagi preparatlarni xarid qilgan:

  • 4,8 mlrd so‘mlik 100 ming quti «Azitromitsin» (bir qutisi — 48,5 ming so‘m);
  • 3,9 mlrd so‘mlik Hindistonda ishlab chiqarilgan «Oksivin» preparati (tarkibi ushbu maqola mavzusi bo‘lgan gidroksixloroxin);
  • 646,5 mln so‘mlik 500 ming quti «Paratsetamol»;
  • 2,5 mlrd so‘mlik 166,6 ming quti askorbin kislotasi (C vitamini) (15,5 ming so‘m);
  • 2,8 mlrd so‘mlik bo‘lgan 40 ming quti «OmiZinc» (rux preparati, 71,9 ming so‘m) va hokazo.

Bu yerda hozircha bir savol ochiq qoladi – talabalar va o‘qituvchilarga OTMlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan tarqatilishi rejalashtirilgan gidroksixloroxin ichida o‘sha oldingi xarid doirasidagi plakvenil qoldiqlari ham bormi yoki to‘lig‘icha va aynan yangi rejalashtirilgan profilaktika maqsadida «Oksivin» preparati (bu ham o‘sha gidroksixloroxin) xarid qilinmoqdami?

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev hamda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov tomonidan imzolangan, talabalar va OTM xodimlarini pandemiya davrida koronavirus infeksiyasidan himoyalashga oid qo‘shma qarorga bosh vazir Abdulla Aripov raisligida 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishidagi vazifalarni bajarish asos qilib olingan. Lekin nega aynan bu preparatga qaytilgani va uning importida hind kompaniyasi tanlangani ochiqlanmagan.

Shu o‘rinda nima uchun «Dori-darmon» AK yagona yetkazuvchi sifatida tanlangani ham ko‘p savollarni tug‘diradi. Albatta, bu borada huquqiy asos bor – pandemiya. Holatni chuqur o‘rgangan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham bu yerda qonunga zid holat topilmadi, deya «aravani quruq olib qochdi». Boisi ular masalaga o‘zining vakolati doirasidagi nuqtadan turib emas, aksincha vaziyatdan chiqishning oson yo‘lini tanlab qo‘ya qolishdi.

«Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasi talablari buzilganmi yoki yo‘qmi degan savoldan, ayni shu «tomorqa»ning egasi bo‘lgani holda ko‘z yumdilar.  

«Dori-darmon» AKdagi davlat ulushi 36,1 foiz ekanligi ma'lum qilingan. Kompaniyaning 2019 yil 28 iyulda tasdiqlangan ustaviga muvofiq, uning ustav fondi 86 mlrd 309 mln 600 ming so‘mni tashkil qiladi. U har bir nominal qiymati 4300 so‘m bo‘lgan 20 mln 72 ming dona egasining nomi yozilgan oddiy hujjatsiz joylashtirilgan aksiyalardan iborat.

Yana bir qator savollar bor – bu dori vositalarining OTMlar o‘z mablag‘lari hisobidan xarid qilishlari lozim. Lekin barchaga ma'lumki, bu mablag‘larning asosiy manbasi talabalar to‘lagan kontrakt pullaridir. Xo‘sh, ta'limga yo‘naltirilishi zarur bo‘lgan bu pullarni tasarruf etishda talabalar fikri o‘rganilganmi? Eng qizig‘i, dori berilgan talaba yoki o‘qituvchi uni qabul qilmay shunchaki tashlab yuborishi ehtimoli katta. Shunda bu milliardlar qayerga oqib ketadi?

Yana bir gap, bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar deyarli qolmadi, deya bayonot berdi. Shunday ekan, xususiyatiga ko‘ra faqat davolashda qo‘llanadigan, koronavirusga qarshi ta'siri deyarli isbotlanmagan plakvenil uchun soliq to‘lovchilarning milliardlarini sarflashga na hojat?! 

So‘zimiz yakunida britaniyalik «temir xonim» Margaret Tetcherning bir gapini eslaymiz: «Davlat (yoki budjet)ning hech qanday puli yo‘q – barchasi soliq to‘lovchilarning puli».

Abror Zohidov

Mavzuga oid