O‘zbekiston | 13:07 / 20.12.2020
10997
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimi yil yakunlari bo‘yicha hisobot berdi

19 dekabr kuni Toshkent viloyati hokimligida oltinchi chaqiriq Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining yigirma birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada Toshkent viloyatida 2020 yilda erishilgan natijalar tahlili, yil davomida qabul qilingan majburiyatlarning bajarilishi natijalari hamda 2021 yilga mo‘ljallangan rejalar, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yanada yaxshilash bo‘yicha viloyat hokimi Rustam Xolmatov viloyat ahliga murojaat yo‘lladi.

2020 yilning o‘tgan davrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgani ta'kidlandi. Jumladan, 2020 yilda viloyatda ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulot hajmi 57 trln so‘mni, o‘sish sur'ati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 102,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Iqtisodning asosiy tarmog‘i bo‘lgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 58 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish 103,9  foizga yetgan. Bu mamlakatdagi sanoat yo‘nalishining 18 foiziga to‘g‘ri keladi. Xalq iste'mol mollari ishlab chiqarish hajmi 12 trln so‘mni tashkil etib, bu yo‘nalishda viloyatning respublikadagi ulushi qariyb 12 foizga yetgan.  

Shuningdek, qurilish ishlari ham 5 trln so‘mdan ziyodroqni tashkil etgan. Bu borada viloyat Toshkent shahridan keyingi ikkinchi o‘rinda turibdi. Aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 2019 yilda 4,1 mln so‘m bo‘lgan, 2020 yilda qariyb 5 mln so‘mga yetib, 102 foizga bajarishga erishilgan. Aholining real daromadlari esa 113 foizga ko‘paygan. Mahalliy budjet mahalliy hokimliklarni manfaatdor qilish hisobiga keskin oshirish tizimi amalda natijasini bergan. Joriy yil uchun mahalliy budjetning daromadlar rejasi 1 trln 956 mln so‘m etib belgilangan bo‘lib, yil yakuniga qadar 109 foizga bajarilishi kutilyapti. Qariyb 200 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ joylarda, tuman va shaharda viloyat aholisini qiynayotgan muammolarni tezlik bilan bartaraf qilishga ishlatilishi belgilangan.

Asosiy investitsiyalar kapitaliga kiritilgan investitsiyalar hajmi 10 trln 857 mlrd so‘m hamda 404 mln dollarni tashkil etgan. 1 dekabr holatiga hududiy investitsiyalar doirasida 3 trln so‘mlik 290ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 8 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida viloyatga 295 mln dollar miqdorida chet el sarmoyasi kirib kelgan. Eksport hajmi ortishi, yangi eksport hajmini yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilgan harakatlar natijasida joriy yilda 273ta yangi korxona eksportga jalb etilgan. Hisobot davriga kelib xorijga 295 ming tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksport qilingan. Ushbu ko‘rsatkichning eng katta ulushi, qariyb 0,5 mln tonna uzum eksport qilingan. Shuningdek, 35 ming tonna donli va dukkakli mahsulotlar eksport qilinishiga erishilgan.

Mavzuga oid