O‘zbekiston | 20:19 / 23.12.2020
24132
3 daqiqa o‘qiladi

So‘z erkinligi uni yoqtirmaydiganlar uchun ham kerak. Kun.uz'dan navbatdagi multfilm

So‘z – ma’lum tovushlar yoki belgilar yordamida ma’lumotni atrofga tarqatish vositasi. Misol uchun, kimdir qiyin ahvolda qolganini bildirishi uchun u yoki bu ko‘rinishdagi so‘zlardan foydalanadi. Ma’lumot boshqalarga yetib boradi va so‘z egasi qiyin vaziyatdan chiqib oladi. Biroq, so‘z atrofga tarqalmasa, natija hosil bo‘lmaydi.

Muammolar haqida ham shuni aytsa bo‘ladi. Muammoni ko‘rib qolgan odam u haqda atrofga ma’lumot tarqatish imkoni bo‘lsa, yaxshi. Unday bo‘lmasa... Unday bo‘lmasa, eee... yomon. Nega deysizmi?

Agarda jamiyatda ma’lumot tarqalishi cheklangan bo‘lsa, ya’ni erkin tarqalmasa, unda muammolar borgan sayin ko‘payib boraveradi va bir kun kelib, hammayoq muammodan iborat bo‘lib qoladi.

Aytgancha, o‘sha, ma’lumot tarqalishiga to‘sqinlik qiladiganlar ham aslida bundan aziyat chekishadi. Chunki bir kunmas-bir kun muammolar ularning ham boshiga tushadi. Ular buni tushunishlari kerak. O‘zlari bo‘lmasa-da, zurriyotlari bundan zarar ko‘radi.

Ma’lumot tarqalishi erkinligining yana bir foydali jihati – xalqning ichida turli fikr-u g‘oyalar bo‘ladi. Kishilar g‘oyalarini so‘z orqali bildirishlari mumkin, zero so‘z – ma’lumot tarqatishning eng asosiy vositasi. Agarda ularning ham ma’lumot tarqatish imkoniyati cheklangan bo‘lsa, yoki ma’lumotlar havoga uchib ketaversa, unda xalqning ichidan chiqadigan yaxshi g‘oyalar xalqning ichida qolib ketadi va jamiyat rivojlanmaydi.

Rivojlangan mamlakatlarning asosiy sirlaridan biri ham shu – ularda xalqning aqliy zaxirasi ishga solinadi. Axir, bittadan chiqmagan fikr boshqa birovdan chiqib qoladi-da.

Rivojlangan mamlakatlarning siri – ularda bilim e’zozlanadi. Shuning uchun ham rivojlanmagan davlatlardan bilimdonlar ular tomonga oqib ketaveradi, ketaveradi, ketaveradi. Ular rivojlanadi, bular esa...

Shuning uchun so‘z erkin bo‘lsa, to‘siqlarga uchramasa va e’zozlansa, mamlakat rivojlanadi. Kelajak avlod ham o‘sha – kelajagida yaxshi yashaydi. Yoki biz o‘z bolalarimizga dushmanmizmi?

Muhammad Shakur tayyorladi.

Mavzuga oid