O‘zbekiston | 22:48 / 24.12.2020
4330
3 daqiqa o‘qiladi

Urgutda hujjatsiz yashab kelayotgan 214 nafar bola aniqlanib, ularga tug‘ilganlik guvohnomasi berildi

Urgutda hujjatsiz yashab kelayotgan 214 nafar bola aniqlanib, ularga tug‘ilganlik guvohnomasi berildi. Bu haqda davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: urgutlife.uz

Xabarda yozilishicha, viloyat hokim Erkinjon Turdimovning Urgut tumanida o‘tkazgan sayyor qabullarida kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillarining farzandlarida tug‘ilganlik guvohnomasi yo‘qligi haqida ko‘plab murojaat tushgan. Viloyat hokimi ushbu murojaatlarni ijobiy hal etish yuzasidan tuman hokimligi, sektor rahbarlari hamda FHDYo bo‘limiga ko‘rsatma bergan.

Shundan so‘ng, DXA Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sherzod Azizov boshchiligida Urgut tuman 1- va 2-son FHDYo bo‘limi xodimlari tomonidan tuman mahallalarida ko‘plab oilalarning turmush sharoitlari ko‘zdan kechirilgan.

Qayd etilishicha, o‘rganishlar jarayonida Urgut tumanida jami 214 nafar bola tug‘ilganlik guvohnomasi olmasdan yashab kelayotgani aniqlangan. Surishtiruv va tahlillar natijasida ma'lum bo‘lishicha, bolalarning guvohnomasiz qolib ketishida aksariyat hollarda tug‘ilish jarayoni tug‘ruqxonada emas, balki xonadonlarda bo‘lgani, bundan tashqari, ota-onalarning e'tiborsizliklari, kam ta'minlanganliklari sabab bo‘lgan.

Tug‘ilish guvohnomasi bo‘lmagan holda yashab kelayotganlar orasida hatto maktabning yuqori sinfida o‘qiydigan o‘quvchi borligi ham aniqlangan. Shuningdek, bitta oilada 2 nafar bolada ham tug‘ilganlik guvohnomasi yo‘q holatlar uchragan.

«Urgut aholi soni jihatidan viloyatning eng katta tumani hisoblanadi. Shu sababli, viloyatdagi tumanlar orasida eng ko‘p tug‘ilish ham Urgutda qayd etiladi. Sayyor tartibda mahallalarda o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, bu tumanda ko‘pchilik oilalarning farzandlari uyda tug‘ilishi ko‘p kuzatilar ekan. Aynan shu holat ham yuqoridagi muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgani aniqlandi. Uyda tug‘ilgan farzandga tug‘ilganlik guvohnomasini olishda ayrim ota-onalar beparvolik va e'tiborsizlik qilgan. Ayrimlari esa kamxarjlik va yetishmovchilik tufayli bolasiga tug‘ilish guvohnomasi olmagan. Oqibatda, tumanda 214 ta bola tug‘ilganlik guvohnomasi olmasdan yashab kelgan. Xususan, tumanning 1-sektor hududida 50 nafar, 2-sektorda 54 nafar, 3-sektorda 69 nafar hamda 4-sektor hududi bo‘yicha 41 nafar bolada tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma mavjud emasligi aniqlandi», deyiladi, xabarda.

Xabarda yozilishicha, barcha holatlar aniqlangandan so‘ng, 4 kun ichida 214 nafar bolaning barchasiga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar tayyorlangan. Guvohnomalar DXA Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sherzod Azizov hamda Urgut tumandagi 1- va 2-son FHDYo xodimlari tomonidan aholi xonadonlariga borib, sayyor tartibda topshirilgan.

Mavzuga oid