O‘zbekiston | 16:31 / 24.12.2020
22719
4 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodda metro qurilishida halok bo‘lganlarga oid jinoyat ishi mart oyida tugatilgani ma'lum bo‘ldi

Prokuraturaning tasdiqlashicha, 6 kishining halok bo‘lishiga texnika xavfsizligi qoidalari buzilgani va qurilish ishlari sifatsiz bajarilgani sabab bo‘lgan. Bunga javobgar sifatida to‘rt kishi ko‘rsatilgan bo‘lib, bir necha omillar tufayli jinoyat ishi ayblilik haqidagi masalani hal qilmay turib tugatilgan.

Foto: Andreya Kudryashova

2019 yil dekabrida Toshkent metrosining Yunusobod liniyasi qurilishida halokat ro‘y berib, tuproq bosib qolishi oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan edi. Fojia ro‘y berganiga bir yil to‘lgan kun – 2020 yil 18 dekabrida Kun.uz halokatga oid jinoyat ishi bo‘yicha jamoatchilikka ma'lumot berilmagani haqida maqola e'lon qilgandi.

Ma'lum bo‘lishicha, halokat aybdorlariga jazo tayinlanmagan.

Kun.uz Bosh prokuraturadan olgan ma'lumotga ko‘ra, ushbu jinoyat ishi 2020 yil 18 mart kuni, ayblilik masalasini hal qilmasdan turib tugatilgan.

Dastlabki tergovni Toshkent shahar prokuraturasi o‘tkazgan bo‘lib, holatga aniqlik kiritish maqsadida qurilish-texnik sud ekspertizasi tayinlangan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, yerosti metro bekatining tunneli o‘ng tomonidagi temir-beton konstruksiyasi qulab tushishiga sabab – tunnelni ochiq usulda kavlashda texnika xavfsizligi qoidalari buzilgan va qurilish ishlari sifatsiz bajarilgan.

Bu esa quyidagi mas'ul shaxslarning jarayonni yetarlicha nazorat qilmagani oqibati deb topilgan:

  • «Ko‘prik qurilish invest» UK 67 raqamli qurilish otryadi boshlig‘i o‘rinbosari Otabek Alimov;
  • otryad ish yurituvchisi Saidbek Bobojonov;
  • otryadning qurilish bo‘yicha ustasi Salohiddin Ashurov;
  • «Toshkent metropoliteni» UKning «Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi» ish yuritish bo‘limining qurilish-montaj ishlari bo‘yicha bosh inspektori Bahodir Muhamadrahimov.

Ma'lum qilinishicha, ushbu shaxslar prokuraturaga murojaat qilib, aniqlangan qoidabuzarliklar ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilganini inobatga olishni va o‘zlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib tugatishni so‘ragan.

Qayd etish lozim, jinoyat ishi JKning 257-moddasi 2-qismi «a» bandi (Texnika xavfsizligi, sanoat sanitariyasi yoki mehnatni muhofaza qilishning boshqa qoidalarini shu qoidalarga rioya etilishi uchun mas'ul bo‘lgan shaxs tomonidan buzilishi odam o‘limiga sabab bo‘lsa) va 258-moddasi 2-qismi «a» bandi (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan qo‘zg‘atilgan edi.

Ushbu ikkala bandda nazarda tutilgan jinoyatlar «ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan» va «uncha og‘ir bo‘lmagan» jinoyatlar turiga kiradi.

Ta'kidlanishicha, Mehnat vazirligining maxsus tuzilgan komissiyasi «halokatda vafot etganlarning oila a'zolariga yetkazilgan zararni ish beruvchi qoplagani» to‘g‘risida xulosa bergan.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi esa ushbu to‘rt nafar xodimga ijobiy tavsifnoma taqdim etgan.

Marhumlarning oila a'zolari e'tiroz bildirmagani aytiladi.

Shularni hisobga olgan holda, Toshkent shahar prokuraturasi 2020 yil 18 mart kuni Jinoyat kodeksining 84-moddasi 5-qism 2-bandiga asosan jinoyat ishini tugatgan.

Ma'lumot uchun, ushbu bandga asosan, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs aybini bo‘yniga olsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa, jinoyatning ochilishiga faol yordam bersa va zararni bartaraf qilsa, jinoyat ishi uning aybliligi haqidagi masalani hal qilmay turib tugatilishi mumkin.

Mavzuga oid